09:02 / 27 марта 2020
1 376

Drulovichning xatosi, akademiyadagi qiyinchiliklar, sovrinli o‘rinlar uchun kurash – “Nasaf” futbolchisi Sherzod Nasrullayev

Drulovichning xatosi, akademiyadagi qiyinchiliklar, sovrinli o‘rinlar uchun kurash – “Nasaf” futbolchisi Sherzod Nasrullayev
Barcha yoshdagi terma jamoalarga futbolchi yetakzib berishda “Nasaf” akademiyasi yurtimizdagi yetakchi klublardan biri hisoblanadi.
Hususan, joriy yilning yanvar oyida Tailandda bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida terma jamoa tarkibini aksariyat qismini ushbu klub tarbiyalanvchilari tashkil qildi. Chunonchi, bugungi suhbatdoshimiz Sherzod Nasrullayev ham Ro‘ziqul Berdiyevning topilmalaridan biri. O‘zining qanotdagi ajoyib o‘yinlari bilan omma e’tiboriga tushdgan o‘yinchi, olimpiya terma jamoasiga ham muntazam ravishda jalb etildi. Yaqinda iqtidorli futbolchi bilan batafsil suhbat uyushtirishga qaror qildik.

- Futbolga kirib kelishingizda turtki bo‘lgan asosiy omil nima?
- Yoshligimdan, bolaligimdan qiziqish va intilish kuchli bo‘lgan. “Nasaf” akademiyasida sharoitlar zo‘r havas qiladigan darajada edi. Futbol bilan shug‘ullanishimiz uchun barcha sharoitlar yaratilgandi. Faqat, futbol haqida o‘ylashingiz kerakligini his qilardingiz.

- Akademiyada o‘qish, moslashish qiyin bo‘lmaganmi?
- Hamma qiyinchiliklar akademiyani tugatganimdan so‘ng boshlandi. Dastlab 25 boladan eng yaxshilarini birinchi liga va o‘rinbosarlar jamoasiga olishdi. Qolganlar boshqa klublarga ketishdi. Hattoki, futbol bilan butunlay xayrlashganlar ham bo‘ldi.

- Ko‘pchilik futbolchilarga shunday pallada e’tibor kamlik qiladi. Jarohat, murabbiyning ishonmasligi kabi holatlar tez-tez uchrab turadi...
- Futbolchining birinchi raqamli dushmani jarohat. Chunki, jarohat olganingizdan so‘ng hech kimga kerak bo‘lmay qolasiz.

- Qiynalgan paytlaringizda futboldan ketish haqida o‘ylganmisiz?
- Mashg‘ulotlarga bormasdan, ishlab yurgan paytlarim bo‘lgan. Ko‘nglim qolib ketgan vaqtlarda onam menga dalda berdilar. Tushkunlikka tushib qolgan kunlarimda ko‘pincha onam yonimda turdilar. Futbolga ishtiyoqimni uyg‘otdilar.

- Akademiyadan so‘ng katta futbolga o‘tish jarayoni qanday bo‘ldi?
- Ikkinchi ligada qatnashuvchi “Alanga” jamoasining mashg‘ulotlariga borardim. Bir kuni ertangi kungi mashg‘ulot soat nechida boshlanishini eshitmay qoldim. Stadionga borib o‘tirdim, kutdim hech kim kelmadi. Nima qilishimni bilmasdan Kosondagi Mikrokredit bank qoshida tashkil etilgan jamoaga bordim. Murabbiy Nasim Shoimov meni darhol oldilariga chaqirdilar. Ertaga “Nasaf” jamoasi bilan o‘rtoqlik uchrashuvi bor, borasanmi dedilar. Men ikkilanmasdan rozi bo‘ldim. Agarda o‘zimni ko‘rsatsam katta futbol eshiklari ochilishini bilardim. Mazkur bellashuvda 5:3 hisobida g‘alaba qozondik. O‘yindan so‘ng Ro‘ziqul Berdiyev meni yoshlar jamoasiga taklif qildi. U yerda ikki mavsum harakat qildim, 2018 yil asosiy jamoaga o‘tdim. Bu bosqichga yetib kelgunimga qadar juda ko‘p to‘siqlarni yengib o‘tishimga to‘g‘ri keldi.

- Ro‘ziqul Berdiyev bilan o‘sha payt bafurja o‘tirib gaplashib oldingizmi? Taqdiringizni, qaysi pozitsiyada o‘ynashingizni...
- Yo‘q. Ustozimiz bilan bafurja suhbatlashmaganman. Ko‘pincha o‘yindan oldin ko‘rsatma beradilar. Ro‘ziqul aka kuchli ruhshunos hamdir. O‘ziga yarasha qattiqo‘l talabchan murabbiy.

- “Nasaf”dan Superligada o‘tgan yilgiga qaraganda boshqacha natija kutsak bo‘ladimi?
-Ha. Jamoaga tajribali legionerlar keldi. Mahalliy futbolchilar qo‘shildi. Masalan, Dilshod Rahmatullayev uchun jamoa begona emas. Tajribasi katta. Nafaqat Superligada balki, o‘zimiz ishtirok etadigan barcha musobaqalarda g‘oliblik uchun kurashamiz.

- Jamoa oldingi yillarda ma’lum bir qiyinchiliklarni boshidan o‘tkazdi. Natijada sovrinli o‘rinlar uchun kurashuvchilar safidan chiqdi...
- O‘ylaymanki, barchasi ortda qoldi. To‘g‘ri, ohirgi ikki yilda pastki o‘rinlarni egalladik. Endilikda maqsadimiz jiddiy. Bu yil haqiqatdan ham sovrinli o‘rinlar uchun harakat qilmoqchimiz.

- Koronavirus sabab hamma futbolchilar turli ishlar bilan band bo‘lishmoqda. Siz nimalar bilan shug‘ullanyapsiz?
- Karantin qoidalariga rioya qilgan holda oilam bilan vaqtimni o‘tkazyapman. Sog‘liq birinchi o‘rinda turadi. Hammasi yaxshi bo‘lishiga umid qilaman.

- Suhbatimizni olimpiya terma jamoasi haqida davom ettirsak. Sizni terma jamoa libosida ilk bor 2017 yil Xitoydagi xalqaro turnirda ko‘rgandik. Siz musobaqaning eng chiroyli goli mukofotini qo‘lga kiritgan edingiz...
- Ha. O‘shanda Jamshid Saidov boshchiligida musobaqda g‘olib chiqqanmiz. Men u kishini hurmat qilaman. Sovrin yutishni zavqi boshqacha. U qanday bo‘lishi ahamiyatsiz.

- Tailandagi Osiyo chempionatida olimpiyadaga yo‘llanma olish uchun nima yetishmadi? Faqat, omadni o‘rtaga qo‘shmang...
- Murabbiyning xatosi evaziga mag‘lub bo‘ldik. Deyarli har bir uchrashuvda bir xil tarkibni maydonga tushirdi. Ayrim futbolchilar charchashgandi. U yerni iqlimi nam va issiq, shuning uchun rotatsiyalarni amalga oshirish, bollarga dam berishi lozim edi.

- Lekin, chempionatga yo‘l olgan futbolchilarni nimalarga qodirligini bilardik. Balki, ortiqcha bosim halaqit bergandir?
- Tarkibda kuchli futbolchilar jamlangandi. Bosim halaqit berdi degan fikrga qo‘shilmayman. Biz bunga e’tibor bermadik.

- Siz va boshqa ko‘plab futbolchilarga o‘zini ko‘rsatish uchun imkoniyat bermaganidan ranjidingizmi?
- Ha, albatta. Bunday paytda futbolchi ruhan tushkunlikka tushib qolishi mumkin. Har bir o‘yindan so‘ng yaqinlarim qachon maydonga tushishimni so‘rardi. Na iloj murabbiyning qarorini hurmat qilishga majburmiz.

- Drulovich futbolchilardagi bosimni halos qilish uchun biror bir ishni amalga oshirdimi? Ko‘p Yevropalik murabbiylar turli usullarni qo‘llashadi. Masalan, Zidan “Atletiko Madrid” bilan final uchrashuvidan oldin shogirdlariga kino qo‘yib berganligi haqida eshitganmiz. Yoki futzal terma jamoamizda ishlagan Xose Mendes finaldan oldin noodatiy videorolik qo‘yib ko‘rsatgan...
- Drulovich ko‘pincha futbolchilarni xatosini aytardi, hamma o‘z joyida o‘ynasa g‘alaba qozonamiz deb tushuntirardi. Shaxsan o‘zim uchun bu mutaxassisdan yangi biror bir narsa olmadim. Fursatdan foydalanib meni shu darajaga kelishimda katta hissa qo‘shgan otam va onamga, ustozlarim Bahodir Annamatov, Nurali Sultonov, Farrux Mamasharipov, Anvar To‘rayev, Rashid Nabiyev, Zafar Xolmurodovga chin dildan rahmat aytmoqchiman. Shuningdek bolaligimdan yonimda birga yurgan Jahongir Elamonovga ham minnatdorchilik bildiraman. Shuningdek, jamoamiz muxlislariga ham samimiy tilaklarimni bildirib qolaman.

Abdulaziz Iskandarov suhbatlashdi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)