Foto: Reuters
Aslida, biz an’anaviy tarzda bu kunlarda dam olish kunlarida bo‘lib o‘tadigan qiziqarli o‘yinlarni anons qilar edik. Masalan, bu hafta «Manchester Siti» – «Liverpul» uchrashuvini tomosha qilib, balki nihoyat, 30 yillik tanaffusdan so‘ng, «qizillar»ning rasman chempionligiga guvoh bo‘lardik. Ispaniyada «Real Sosedad» «Real»ni qabul qilsa, «Barselona»ni Sevilyaga qiyin safar kutib turardi. Italiyada Turin derbisi va «Latsio» – «Milan» to‘qnashuvi, Dortmundda esa, «Borussiya» va «Bavariya» o‘rtasida balki chempionlik masalasini hal qiladigan o‘yin bo‘lishi kerak edi. Afsus...
Hozir esa, butun dunyo koronavirus bilan kurashyapti, futbolchilar uyda zerikib, avvaliga fleshmoblar tashkil qilishdi, endi esa, vaziyat jiddiyligini anglab, turli xayriyalar, maoshlardan voz kechish bilan bog‘liq jiddiy qarorlar qabul qilishyapti. Ligalar mabodo, mavsumi yakuniga yetmasa, ko‘riladigan zararlarni hisoblash va hech narsa aniq bo‘lmagan vaziyatni nazorat qilishga urinish bilan band.
Yuqoridagi jadvalda, agar mavsumlar yakuniga yetkazilmasa, ligalar, va tabiiyki, buning orqasidan klublar yo‘qotishi mumkin bo‘lgan mablag‘lar aks etgan. Hali bunda klublarning Matchday’lardan ko‘radigan zararlari inobatga olinmagan. Klublar translyatsiyalardan tashqari, muxlislar tashrifi, kunlik savdolar bo‘yicha ham yaxshigina daromad qilishardi.
Shuning uchun ham barcha qanday qilib bo‘lsa ham chempionatlar davom etishidan manfaatdor. Quyida Yevropaning asosiy ligalaridagi vaziyat bilan tanishtiramiz.
ITALIYA
Yevropada pandemiya eng og‘riqli kechayotgan Italiyada A Seriya o‘yinlari 24 maydan davom ettirilishi mumkinligi xabar berilayotgandi. Lekin, so‘nggi ma’lumotlarga qaraganda bu sana ham noaniq muddatga qoldirilgan.
«Mavsumni yakunlash — eng asosiy maqsadimiz. Albatta, reja bo‘yicha may oyi oxirlarida yoki iyunning boshida futbolni boshlash haqida o‘ylayapmiz, lekin bu avgust yoki sentabrga qolib ketishi ham mumkin. Shunisi aniqki, shu turishicha mavsumni yakunlash varianti ko‘rib chiqilmayapti. Keyingi mavsumni kechiktirib bo‘lsa-da, joriy mavsumni tugatatmiz», dedi Italiya futbol federatsiyasi prezidenti Gabriele Gravina.
Aytishlaricha, hatto hozirda chempionatda yetakchilik qilayotgan «Yuventus» klubi ham barcha o‘yinlarni o‘tkazmay turib, sovrinni qabul qilib olishni istamayapti.
Italiya sport vaziri Vinchenso Spadaforning so‘zlariga ko‘ra, agar koronavirus yuqtirayotganlar soni barqaror ravishda kamayishda davom etsa, bor imkoniyatni ishga solib, may oyi oxirlarida turnirlarni boshlashga harakat qilinadi. Buning uchun klublar 3 may kunidan boshlab ma’lum tartibda mashg‘ulotlarni boshlashi talab etiladi. Barcha futbolchilar Covid-19 uchun test topshirishadi va natija chiqquncha karantinda bo‘lishadi. Hozirda o‘z yurtlariga ketib qolgan legionerlar ham qaytganlarida 14 kunlik karantinga olinadi. Tabiiyki, o‘yinlar tomoshabinlarsiz o‘tkaziladi.
A Seriya doirasidagi so‘nggi uchrashuv 9 mart kuni o‘tkazilgan va shu kungacha ba’zi o‘yinlar qoldirilib kelingan bo‘lsa, keyin butunlay to‘xtatildi. Hozirgacha klublar 25-26 o‘yinda qatnashib ulgurgan, ya’ni mavsumni yakunlash uchun 12-13tadan o‘yin o‘tkazishlariga to‘g‘ri keladi. Chempionatda «Yuventus» 26 o‘yindan so‘ng 63 ochko to‘plab, peshqadamlik qilmoqda. Turinliklarni ta’qib qilayotgan «Latsio»da shuncha o‘yindan so‘ng 62 ochko bor. «Breshiya», SPAL, «Lechche», «Jenoa», «Sampdoriya», «Torino» va «Udineze» kabi jamoalar ligada jon saqlab qolish uchun kurash olib borishayotgandi.
ISPANIYA
Ispaniyada avvalroq, turnirni davom ettirish uchun uch xil variant taqdim etilgan va eng yaxshi holatda may oyi o‘rtalarida mavsumni davom ettirish ko‘zda tutilgandi. Lekin bu juda optimistik qarash bo‘lib, shuningdek, La Liga tomonidan keskin chegara ham bor — agar 27 iyundan keyin ham futbol o‘ynashning imkoni bo‘lmasa, chempionat muddatidan oldin tugatilishi ham mumkin.
Klublar mavsum iyun oyidan, tomoshabinlarsiz bo‘lsa-da, davom ettirilishiga qarshi emas, hatto bir haftada uchtadan o‘yinda maydonga tushishga roziliklarini bildirishgan. AS nashri xabariga ko‘ra, Liga barcha klublarga mavsumning davomiga tayyorgarlik, karantindan so‘ng, mashg‘ulotlarni boshlash uchun kerakli tavsiyanomalarni jo‘natgan.
Dastur 4 bosqichdan iborat bo‘lib, tayyorlov mashg‘ulotlari, individual mashg‘ulotlar, sakkiz kishidan iborat guruhlarga bo‘lingan holda shug‘ullanish va shundan keyingina, to‘liq mashg‘ulotlarni boshlash tavsiya etilmoqda. Bazaga kirish huquqini faqat belgilangan kishilarga beriladi va mashg‘ulotlarning uchinchi kunidan keyinoq, barcha futbolchilar va personal qaytadan virusga test topshiradi.
Chempionatda 27 turdan keyin 58 ochko bilan «Barselona» birinchi o‘rinni egallab turibdi. Madridning «Real» klubida 56 ochko bor. Qirollik kubogi finalida «Real Sosedad» va «Atletik» o‘rtasidagi basklar derbisi o‘tkazilishi lozim edi.
ANGLIYA
Albatta, futbolsizlikdan eng katta zarar ko‘rayotgan APL ushbu holatda eng ko‘p muhokama bo‘layotgan turnirlardan biri va mavzu yuzasidan haftasiga besh martadan bayonotlar berib borilmoqda. Eng so‘nggi bayonotga ko‘ra, Angliya chempionati avval aytilganidek, may oyining boshida tiklanmaydi. Musobaqa avval 4 aprelgacha tanaffusga chiqqan, keyinroq esa, 30 aprelgacha futbol o‘tkazilmasligi ma’lum qilingandi.
Yangi kelishuvga ko‘ra, navbatdagi tur o‘yinlari noma’lum muddatga qoldirildi. Koronavirus qurbonlari bo‘yicha rekordini yangilagan Britaniyada hozir virus tarqalishi avjiga chiqqan, shu tufayli FA va APL yangi sanalar faqat hukumat va sog‘liqni saqlash sohasi bilan maslahatlashgan holda, ularning ruxsati e’lon qilishini aytishmoqda. Bunday qarorga kecha, 3 aprel kuni APL klublari va Liga rahbarlari o‘rtasida o‘tkazilgan navbatdagi videokonferensiyadan so‘ng kelindi.
Mavsumni bekor qilish yoki to‘xtatish variantlari juda ko‘p muhokamalarga sabab bo‘lsa-da, bu variant haqiqatdan ancha uzoqligicha qolmoqda. Zero, turnirning davom ettirilmasligi klublarga va ligaga juda katta moliyaviy yo‘qotishlarni taqozo qiladi. Hatto klublardan biri mavsum yakunini virusdan xavfsizroq bo‘lgan bir mamlakatda, masalan, Xitoyda o‘tkazish taklifini ham bergan. Lekin qolgan 19 klub bunga rozi bo‘lmagan.
Shuningdek, Angliya Kubogini ham davom ettirish, kelasi mavsumdagi tig‘izlikda Liga kubogidan voz kechmaslik ustuvorlik sifatida ko‘rilmoqda. Chunki kubok o‘yinlari Angliyada, ayniqsa, quyi liga klublari uchun juda muhim turnirdir. Aynan ushbu musobaqada ularda grand jamoalar bilan o‘ynash va moliyaviy tomondan daromad qilish imkoniga ega bo‘lib kelishadi.
Chempionatda «Liverpul» 25 ochkolik farq bilan oldinda bormoqda va chempionlikni rasmiylashtirish uchun Yurgen Klopp jamoasiga yana 6 ochko olish kifoya qiladi. Angliya Kubogida esa, chorak final juftliklari aniqlab bo‘lingandi, «Tottenhem» va «Liverpul»dan tashqari, barcha top-klublar hamda «Lester» ushbu turnirda kurashni davom ettirayotgandi.
GЕRMANIYA
Doimgidek, bu borada ham, nemislar aniqroq sanalar va talablar bo‘yicha ish olib borishni namoyon qilishyapti. Germaniya futbol assotsiatsiyasi ma’lum qilishicha, chempionatning navbatdagi turlari may oyi boshida, katta ehtimol bilan oyning ilk dam olish kunlari boshlanadi. Buning uchun esa, ba’zi shartlar va talablar ham qo‘yilgan.
Barcha futbolchilar Covid-19 bo‘yicha test topshiradi. Mabodo biror futbolchida ijobiy natija aniqlansa, butun jamoa emas, uning o‘zi karantinga olinadi.
Jamoa o‘yinga qo‘yilishi uchun kamida 13 nafar futbolchi va kamida 2 darvozabonga ega bo‘lishi kerak.
Agar bir jamoa yuqoridagi talabga javob bermasa, ya’ni yetarli o‘yinchilari bo‘lmasa, ushbu o‘yinda texnik mag‘lubiyat yoziladi.
Barcha o‘yinlar yopiq, ya’ni tomoshabinlarsiz o‘tkaziladi.
Liga rahbari Kristian Zayfertning aytishicha, maqsad 30 iyungacha mavsumni yakunlab olish. Yaxshi ma’lumki, aynan shu kuni ba’zi futbolchilarning klublar bilan shartnoma muddati yakuniga yetadi.
Bundesligada 25 tur o‘yinlari o‘tkazib bo‘lingan va shuncha o‘yindan so‘ng, 55 ochko jamg‘argan «Bavariya» turnirda karvonboshi bo‘lib turibdi. Dortmundliklar 51, «Leypsig» esa, 50 ochkodan jamg‘argan.
UYEFA
Foto AFP
Asosiy maqsad — chempionatlarni tugatib olish, chunki, futbolni ushlab turadigan, futbolchilarga maosh to‘laydigan tomon klublar hisoblanadi. Shuning uchun ham, eng birinchi navbatda, terma jamoalar bilan bog‘liq o‘yinlar chetga surildi, avval mart, keyin iyundagi yig‘inlar bekor qilindi. Yevro-2020 kelasi yili o‘tkazilishi belgilandi. FIFA yangi tashkil etilayotgan klublar o‘rtasidagi jahon chempionatini noma’lum muddatga surdi. Buning barchasi yakuniga yetmay qolgan turnirlarni davom ettirish uchun.
«Mamlakatlar olib borayotgan izchil qarorlar tufayli, futbol ham yaqin oylarda qaytishiga ishonamiz. Bugungi kunda chempionatlarni muddatidan oldin tugatish borasidagi har qanday takliflarni asossiz deb bilamiz», deyiladi UYEFA tomonidan a’zolariga yuborilgan xatda.
Ya’ni mazkur tashkilot ham milliy chempionatlarning davom ettirilishidan manfaatdor va shundagina, Chempionlar Ligasi va Yevropa Ligasi kabi turnirlarni yakuniga yetkazish imkoniyati mavjud bo‘ladi. Xususan, muddatidan oldin chempionatni tugatib, peshqadam «Bryugge»ni chempion deb e’lon qilgan Belgiya Ligasi ham ogohlantirildi. Agar biror boshqa Liga ham mana shunday yo‘l tutadigan bo‘lsa, ushbu mamlakat klublari kelasi mavsumda yevrokuboklarga qo‘yilmasligi mumkin. Tabiiyki, bu bugungi sharoitlardan kelib chiqib aytilayotgan gap, mabodo, eng yomon holat bo‘lib, barcha davlatlarda chempionatni davom ettirish imkoni bo‘lmay qolsa, UYEFA ham hech narsa qila olmaydi.
1 aprel kuni o‘tkazilgan konferensiya natijasi esa, YECHL va YEL uchun variant sifatida —chorak va nimchorak final o‘yinlarining javob o‘yinlarini o‘tkazish, keyingi bosqichlarni esa, faqat bitta o‘yindan iborat qilish masalasi ko‘rilyapti. Agar YECHL finali o‘tkazilishi belgilangan Istanbul virus o‘chog‘i bo‘lib qolsa, final boshqa davlatga ko‘chirilishi ham mumkin.
Aytish mumkinki, UYEFA vaziyatga ancha optimistik qaramoqda va barcha chempionatlar 3 avgustgacha yakunlanishiga ishonch bildirilmoqda. Futbolchilarning shartnomalari, transfer muddatlari bilan bog‘liq noqulayliklar uchun FIFA va UYEFA yon bosadi va vaziyatga muvofiqlashtiruvchi yengilliklar yaratiladi. Futbolchilar manfaatlarini himoya qiluvchi FIFpro tashkiloti esa, bunday yengilliklar faqat klub saqlab qolishga urinadigan futbolchilar uchun emas, barcha uchun amal qilishi kerakligini talab qildi.
Xullas, yuqoridagi ma’lumotlar va yechimlar futbolning katta mavhumlik ichida ekanini anglatmoqda. Ko‘rinib turibdiki, biror aniq sana, aniq reja uchun hali erta. Qachonki, qaysi sana va qayerda ekanidan qat’i nazar, Yevropada o‘tkaziladigan ilk rasmiy o‘yinning aniq vaqti ma’lum qilinsa, ana o‘shandagina, biz bir-birimizni tabriklasak bo‘ladi. Futbol qaytganidan emas, nihoyat virus yengilgani bilan.
Qahramon Aslanov tayyorladi.
Manba: Kun.uz “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi