00:30 / 08.05.2020
3 106

Futbolni boshlash orqali, kayfiyat ko‘tarish mumkin. Qashqadaryoda markazlashgan chempionat boshlash taklifi

Futbolni boshlash orqali, kayfiyat ko‘tarish mumkin. Qashqadaryoda markazlashgan chempionat boshlash taklifi
Yurtimiz, boshqa davlatlarga nisbatan virus bilan eng tartibli kurashgan davlatlardan biri bo‘ldi. Natijada 3ta viloyat yashil hudud deb e’lon qilindi. 7ta viloyat esa hamon qizil hudud sifatida qoladigan bo‘ldi. Qizil hududlarda bizda 6ta Superliga jamoalari mavjud. Qizil hudud avval sariqqa, keyin yashilga aylanishini inobatga oladigan bo‘lsak, bu ma’lum bir vaqtni o‘z ichiga olishini aytish mumkin. Bunday pallada uy safar tizimi haqida o‘ylab bo‘lmaydi, chunki qizil hududlarda tadbirlarga hozircha ruxsat berilmaydi.

Bunday vaziyatda, yashil hudud bo‘lgan Qashqadaryo viloyatining salohiyatidan foydalansak bo‘ladi. Yaxshi tomoni shundaki, Qashqadaryoda mashg‘ulotlar o‘tkazishga ham, tur o‘yinlarini qabul qilishga ham stadionlar yetarlicha. Agar yashil va sariq hududda joylashgan “Qizilqum“, “Surxon“ va “So‘g‘diyona“ jamoalari mashg‘ulotlarni o‘zlarida o‘tkazgan holda, tur o‘yiniga qatnab tursalar, unda “nagruzka“ ham yengil bo‘ladi. Boshqalardan farqli ravishda ular har bir o‘yinga safarga borishlarini inobatga olgan holda, 2-davra taqvimida, bu o‘yinlarni barchasini uylarida o‘tkazish imkoniyatini yaratish kerak. Shunda barchasi adolatdan bo‘ladi.

Qashqadaryoda istiqomat qiladigan jamoalar:
“Nasaf“, “Mash’al“, “Paxtakor“, “Bunyodkor“, “Lokomotiv“, “Andijon“, “Navbahor“, “Qo‘qon-1912“, “Metallurg“, AGMK, “Buxoro“

O‘z uyida istiqomat qiladigan jamoalar: “Qizilqum“, “Surxon“, “So‘g‘diyona“.

Mashg‘ulot maydonlari:
1. “Nasaf“ bazasi
2. Geolog
3. Sputnik
4. G‘uzor
5. Muborak 2ta maydon
6. Nasaf akademiyasida 2ta maydon

Jamoalarda maydon maysalari bo‘yicha e’tiroz bo‘lmasligi uchun bir xilda taqsimlanadi. Hech qaysi jamoa bitta maydonda doimiy mashg‘ulot o‘tmaydi. Yuqoridagi barcha maydonlar, kerak bo‘lsa Superligadagi ayrim klublarning stadionlaridagi maysalardan yaxshiroq.

4ta stadionda esa tur o‘yinlarini qiyinchiliksiz o‘tkazish mumkin. Bular, Qarshi “Markaziy“ stadioni, G‘uzor "Markaziy" Stadioni, “Bahrom Vafoyev“ nomidagi Muborak stadioni va Qarshidagi "Geolog".

Aytishingiz mumkin, bu ortiqcha harajat. Aslo unday emas. Klublar avvalo yo‘l kira harajatini iqtisod qiladilar. Mehmonxona va yeb-ichish harajatlari deyarli, odatiy kundan farqi bo‘lmaydi. Faqat bu tartibdagi musobaqada, yoshlar ligasi o‘yinlari qoldiriladi. PFL Germaniya Bundesligasi kabi o‘zining reglamentini ishlab chiqishi kerak. Har bir jamoada 25 nafar futbolchi, 10 nafar shtab a’zolari bo‘lishiga ruxsat beradi (bu misol tariqasida).

Superliganing barcha komissar va hakamlari, PFL mutasaddilari ham Qashqadaryodagi bitta mehmonxonaga jamlanadilar. TVga ham ancha qulay. Bitta KTS har safar bir nechta viloyatga chiqavermaydi. Ko‘p tomondan moliyaviy iqtisod bo‘ladi.

Albatta bu birinchi davraning hamma turi shunday bo‘ladi degani emas. Hukumat tomonidan ruxsat berilishi bilan, hamma uy-uyiga tarqaladi. Taxminan 4ta turni mana shu tartibda o‘tkazib olsak bo‘ladi. Buning uchun barcha klublar koronavirus uchun test topshirgan holda, o‘z bazalarida 10 kun davomida mashg‘ulot olib borishlari va 11 kun Qashqadaryoda to‘planishlari kerak bo‘ladi. Yana 5 kunlik mashg‘ulotdan keyin tig‘iz taqvim asosida 4 kunda bitta tur o‘yinini o‘tkazib boradilar.

Endigi savol, bu uch stadion tig‘iz o‘yinlarga tayyormi? Menimcha ko‘tara oladi. Qolaversa, har bir klub o‘z maydonida bo‘lib o‘tadigan xarajatlarni mana shu klublarga o‘tkazib berishlari kerak bo‘ladi. Muborak va Qarshidagi stadion karantin yakuniga yetganidan so‘ng 1 oyga yopiladi, ya’ni dam beriladi. “Nasaf“ va “Mash’al“ esa aynan shu o‘yinlarni safarda o‘tkazadi. Buni ham taqvimga kiritib ketish kerak bo‘ladi. Albatta o‘yinlar muxlislarsiz o‘tadi.

Yoki! 2-varinat ham yo‘q emas. Bu yangilik bo‘ladi, aniqrog‘i nufuzi tushib ketgan O‘zbekiston Kubogiga yangi qon yugurtirgan bo‘lamiz. Tarixda birinchi marotaba O‘zbekiston Kubogi markazlashgan tartibda o‘tkaziladi.

Ya’ni, 14ta Superliga jamoasi, mahalliy “Sho‘rtan“ va O‘zbekiston bo‘lib o‘tadigan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatiga deyarli tayyorgarliksiz qolgan 2001 yilda tavallud topgan O‘zbekiston yoshlar terma jamoasini konkursdan tashqari holda qo‘yib, 16ta jamoani shakllantiramiz. 4tadan, 4ta guruh. JCH tizimida bo‘lgani kabi, guruh o‘yinlari bittadan o‘ynaladi. Uy safar tizimi bo‘lmaydi, keyin 1/4, 1/2 va final. Barchasi bitta o‘yindan. Qashqadaryo viloyati, markazlashgan O‘zbekiston Kubogining birinchi mezboni.

Guruhdan chiqa olmagan jamoalar uylariga ravona bo‘laveradi. Bu paytga kelib karantin rejimlari ancha yengillashib qolgan bo‘lishiga umid qilsa bo‘ladi. 4-tur hech qanday to‘siqsiz davom etib ketaveradi. Bu bilan biz yil davomida bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan O‘zbekiston Kubogi uchun ajratilgan kunlarni, Superliga o‘yinlari bilan to‘ldirib yuboramiz.

Shota Arveladzeni O‘zbekistonda emasligiga qarab o‘tirish kerak emas, u mamlakatni tark etayotganda, qaytgan taqdirida ham 15 kun karantinga kirishi kerakligini bilgan. Shuning uchun, yakuniy qaror birgina murabbiyga bog‘liq bo‘ladigan bo‘lsa, uni inobatga olib o‘tirish boshqalarga nisbatan noto‘g‘ri bo‘ladi. Qolaversa qolgan murabbiylar shu yerda. Bu Yevropa chempionatlarini erta tugab ketayotganligini oldida hech nima emas.

Chempionatni nima uchun boshlash kerak?
- Futbol O‘zbekistonda millionlar o‘yini, erkak jinsidagi aksar xalqning kayfiyati va ovunchog‘i. Karantin qoidalarini buzmay uyda o‘tirishga sabab.

- Futbol ortidan juda ko‘pchilik maosh oladi. Futbolchilarning oilalari, o‘z navbatida yaqin qarindoshlarini aynan futbolchi farzandining daromadi orqali yordam qiladi. Hozir ular maosh olmayotganliklari va mukofot pullarisiz qolayotganliklarini inobatga olsa, muammo yo‘q emas.

- Match TVga translyatsiya huquqini sotish imkoniyati bizda paydo bo‘ldi. Bu Rossiya va boshqa davlatlarga yana futbolchilarimizdan 5-6 nafari ketishi uchun katta reklama. Bu esa davlat uchun valyuta olib kirishga katta sabab.

Bu mening shaxsiy fikrim va u mukammal bo‘lmasligi mumkin.

Manba : championat.asia

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Futbolni boshlash orqali, kayfiyat ko‘tarish mumkin. Qashqadaryoda markazlashgan chempionat boshlash taklifi