20:25 / 08.05.2020
2 224

Muhsin Muhammadiyev: "Men Moskvadaman, barcha legionerlarimiz o‘z vatanlarida..."

Muhsin Muhammadiyev: "Men Moskvadaman, barcha legionerlarimiz o‘z vatanlarida..."
"Buxoro" bosh murabbiyi Muhsin Muhammadiyev klub matbuot xizmatiga intervyu berdi.
- Ayni damda butun dunyoda koronavirus pandemiyasi sabab karantin e’lon qilingan, o‘zingizni izolyatsiya qilish davrini qanday o‘tkazmoqdasiz?
- Hozirgi kunda men oilam bilan birga o‘z uyimda, ya’ni Moskvada karantin davrini o‘tkazyapman.

- Butun dunyo bu ofatdan jabr ko‘ryapti, normal hayot pandemiya tufayli butunlay o‘zgarib ketdi...
- Afsuski, hamma o‘z uyida izolyatsiya davrini o‘tkazishi shart, nafaqat sportchilar balki boshqa kasb egalari ham o‘z ish faoliyatlarini davom ettira olishmayapti. Nima ham qila olardik? Bundan qochib qutulib bo‘lmaydi, juda ham og‘ir davr.

- "Buxoro" jamoasining hozirgi ahvoli haqida aytib o‘tsangiz...
- Jamoamiz futbolchilari 40 kundan beri karantin davrini o‘z uylarida o‘tkazishmoqda. O‘zbekiston Superligasi 3-tur uchrashuvlari yakunlangach, ya’ni 15 martdan beri hech bir jamoa birga shug‘ullanmayapti. Biz ham barcha futbolchilarimizga javob berdik. Murabbiylar shtabi ta’tilga chiqdi. Legioner futbolchilarni ushlab turishdan ma’no yo‘q edi, shu sababli ular ham o‘z yurtlariga uchib ketishdi.

Chunki, chempionatning qayta tiklanishi mavhum edi. Mahalliy futbolchilarga kelsak, ko‘plari Buxoro viloyatida istiqomat qilishadi. Toshkent va boshqa viloyatlarda bo‘lgan futbolchilarimiz bilan har kuni aloqadamiz. Futbolchilarmiz o‘z formalarini yo‘qotmaslik uchun o‘z uylarida individual mashqlar olib borishyapti va albatta chempionat qayta boshlanishini intizorlik bilan kutishyapti.

- Yaqin orada O‘zbekiston Superligasi davom ettiriladi degan umiddamiz, agar bu sodir bo‘lsa, jamoa chempionatga to‘liq tayyor bo‘la oladimi?
- Chempionatni davom ettirish uchun hali konkret kun belgilanmagan, biz hozircha kutish rejimidamiz. Hukumat ruxsat bersa mashg‘ulotlarga kirishamiz, hozircha esa faqat bizdan kutish talab qilinadi.

Legioner futbolchilarmizning barchasi chet elda. Milovan Kapor Kanadada, Artyom Baranovskiy va Jaba Lipartiya Ukrainada, Edin Yunuzovich esa Xorvatiyada. Bu legionerlarimiz asosiy tarkib futbolchilari hisoblanishadi. Agar chempionat davom ettirilib, xalqaro aviareyslar yo‘lga qo‘yilmasa bu futbolchilar safimizga kelib qo‘shila olishmaydi. Menimcha, bu masalani ham qandaydir yechimini topish kerak bo‘ladi.

Menga kelib yetgan xabarlarga ko‘ra, 12 maydan keyin O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi jamoalarga o‘z qarorgohlarida umumiy mashg‘ulotlar olib borish uchun ruxsat berilishi kutilmoqda, unda barcha gigiyena qoidalariga amal qilib yopiq holda o‘tkazilishi rejalashtirilyapti.

Barcha futbolchilar dam olishdan charchadi, bundan keyin yeng shimarib mehnat qilib, keyingi turlarga tayyorlanish kerak. To‘g‘ri ikki haftada jamoa o‘z formasiga qaytishi qiyin masala, lekin nafaqat biz, balki, butun dunyo chempionatlarida jamoalar shu ahvolda. Nolishga hojat yo‘q! Biz barcha harakatlarimizni, chempionat boshidagi xatolarimizni yuvish uchun qattiq ter to‘kamiz. Ishqibozlar oldida aybdormiz, ular jamoadan faqat g‘alaba kutishadi. Biz hali o‘z so‘zimizni aytishga ulgurmadik, omadsiz start bizni to‘xtata olmaydi.

Barcha Buxoro jamoasi muxlislariga omad tilagan holda, oilalariga tinchlik, sog‘lik va osoyishtalik tilayman.

Oybek Jumanazarov suhbatlashdi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Muhsin Muhammadiyev: "Men Moskvadaman, barcha legionerlarimiz o‘z vatanlarida..."