10:51 / 15.06.2020
2 497

Yevropadan jiddiy taklif olgan Jaloliddinov bilan ochiq suhbat

Yevropadan jiddiy taklif olgan Jaloliddinov bilan ochiq suhbat
Oxirgi yillarda o‘zbek futboli yulduzlari deganda o‘zidan ancha katta futbolchilar qatorida e’tirof etilayotgan Jasur Jaloliddinovning o‘yini tobora ochilib bormoqda. 2002 yilda tug‘ilgan futbolchi eng yosh deb boshlanadigan ko‘plab rekordlarni yangiladi. Jaloliddinov endi kattalar orasida o‘z o‘rnini topish harakatida.

Uning Italiyaga transferi nega to‘xtab qoldi? Moskvaning «Lokomotiv» klubi unga qay darajada jiddiy qiziqish bildirmoqda? Shu savollarga javob olish uchun futbolchining o‘zi bilan suhbatlashdik.

– Chet el klublari qiziqish bildirgan kam sonli futbolchilardansiz. Aytingchi, Italiyaga transferingiz nega to‘xtab qoldi?
– To‘g‘risi, bu jarayon to‘xtab qolgani yo‘q. Shunchaki transfer borasidagi xabarlar juda tez tarqab ketgani «Benevento»ga yoqmadi. Ularda «Transfer jimlikni yoqtiradi», degan gap bor ekan. Vaziyatga real qarasak, bu trasnfer amalga oshishi qiyinroq. Chunki klub hozir murakab ahvolda va transfer haqida o‘ylay olmaydi. Jamoaning skautlar bo‘limida ishlaydigan vakili bilan doimiy aloqadaman va u «Hamon bizning ro‘yxatda borsan, lekin qaysidir klubga o‘tmoqchi bo‘lsang, muzokara o‘tkazaver. Biz bundan faqat xursand bo‘lamiz», deb aytgan. Shu sabab boshqa jamoalar bilan muzokara o‘tkazdik.

– Moskvaning «Lokomotiv» klubi sizga qiziqish bildirayotganini qachon bildingiz?
– 2-3 oy oldin agentlarimiz menga qiziqish bo‘layotganini aytishdi va men muzokara o‘tkazishga rozi bo‘ldim. Shundan keyin ular «Bunyodkor»ga taklif bilan chiqishdi. Odamlar yaqindan bu haqda bildi, lekin shu vaqtgacha ko‘p muzokaralar o‘tkazdik. Menimcha, muzokaralar uzoqroq davom etadi. Mening «Bunyodkor»dan ketishim oson bo‘lmaydi. Akademiya ochilishidan oldin ham men «Bunyodkor»da edim. Umrimning yarmi shu klubda o‘tdi va uni tark etish menga ham oson emas. Ba’zan qanday ketarkanman, deb o‘ylab qolaman. Lekin kelajagim uchun bu qadamni qo‘yishim kerak.

– «Lokomotiv» sizga qiziqish bildirganda klubda murabbiy boshqa edi. Murabbiy o‘zgarishi qiziqishga qanchalik ta’sir qilgan?
– Menga klubning direktori qiziqish bildirgan. Muzokaralar ham aynan direktor bilan o‘tkazilgan. Menimcha, muzokaralarda barcha narsa inobatda olinmoqda. Men mavsum oxirigacha «Bunyodkor»da qolishni xohlayman. «Lokomotiv» esa men bilan shartnoma imzolab yarim yil ijaraga bermoqchi. Ularda hozir 8 nafar legioner bor va hammasining shartnomasi yil oxirida tugaydi. O‘shanda muammosiz borib qo‘shilishim mumkin. Bundan tashqari o‘zimizda o‘tadigan Osiyo chempionati-U19 musobaqasi bor. Hozir boshqa jamoaga o‘tsam-da, ko‘p o‘tmay chempionatga kelsam, yangi jamoamga moslashishda muammo bo‘lishi mumkin. Shu bois «Lokomotiv»ning taklifi juda qulay deb o‘ylayman.

– Siz hali biror klubga transfer bo‘lmagansiz va bu borada tajribangiz yo‘q. Sizga kim yordam beryapti?
– Maslahat kerak bo‘lsa, o‘zimga yaqin barchadan olishim mumkin. Masalan, jamoamizdagi Lutfulla To‘rayev, Anvar G‘ofurovlardan. Ularning tajribasi katta. Agentim – Yuriy Belous. Uning Vadim Abramov bilan munosabatlari yaxshi ekan. O‘yinlarimizni ko‘rdi, Abramov bizni tanishtirgandi.

– «Bunyodkor»ga «Lokomotiv»dan rasmiy taklif bo‘lganmi?
– Bo‘lgan. Uning shartlari haqida hozir ayta olmayman. Shartnoma imzolanganidan keyin barcha shartlarini oshkor qilaman. Men «Bunyodkor»ni norozi qilib ketmoqchi emasman. Barchasi kelishuv asosida bo‘lishi kerak. «Bunyodkor» meni 10 yil tarbiyalagan klub sifatida transferimga rozi bo‘lishi kerak. Klub taklifga ijobiy qaramoqda. Klubdan klubga o‘tib ketish shunchaki qo‘l qo‘yish bilan amalga oshib qolmaydi. «Benevento»ga bir haftaga borib kelib ko‘p narsani tushunib yetdim. Bu jamoaga o‘tmasam ham, Indzagi qo‘l ostida mashg‘ulot o‘tkazganim butun boshli fikrlashim o‘zgarishiga olib keldi.

– Futbolimizda avval Iskanderovni kelajagimiz dedik, keyin Siddiqovni... Hozir ham ular futbolimizning yaxshi vakillaridan, lekin siz kabi jussasi kichiy futbolchilar nimagadir erishishi uchun qolganlardan ikki barobar ko‘proq mehnat qilishi kerak. Masalan, Italiyada Insineni bu borada muvaffaqiyat qozongan deyish mumkin. Siz borishingiz mumkin bo‘lgan Rossiya Premer-Ligasi esa kuchga asoslangan chempionat...

– Har qanday qiyinchilikka tayyorman, buni bilaman. Borsam, o‘z ustimda ishlashim kerak. Eng avval ruhiy jihatdan tayyorlanib borishim kerak. Rossiyaga borib Chempionlar Ligasida o‘ynaydigan jamoada o‘zimni yo‘qotib qo‘ymasligim kerak. Moslashishga balki bir yil, balki ikki yil ketar, lekin bunga tayyorman. Axir Chempionlar Ligasida «Yuventus», «Barselona» kabi jamoalar bilan bir guruhdan o‘rin oladigan klub safiga o‘tib, men orzu qilgan futbolchilarga qarshi o‘ynash... Bu uchun har qanday qiyinchilikka roziman.

Bobur Akmalov suhbatlashdi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Yevropadan jiddiy taklif olgan Jaloliddinov bilan ochiq suhbat