14:38 / 04.07.2020
2 407

Yaxshiboyev: Suares va Kavaniga qarshi o‘ynaganimni unutmayman

Yaxshiboyev: Suares va Kavaniga qarshi o‘ynaganimni unutmayman
Belarus chempionati birinchi davrasining eng yaxshi futbolchisi Jasur Yaxshiboyev pressball.by saytiga blis-intervyu berdi.

- Siz borgan va hayratlangan shahar qaysi?
- Qatar poytaxti Doha. Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrini ham aytgan bo‘lardim. Bu shahar zo‘r. O‘ta zamonaviy, baland va chiroyli imoratlar ko‘p. Osiyo chempionlar ligasida o‘ynaganimizda “Paxtakor” safida va o‘rtoqlik uchrashuvi uchun O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi bilan borganman. Lekin men uchun eng sevimli shahar bu Toshkent.

- Siz yaxshi ko‘rgan film?
- Kinoni unchalik xush ko‘rmayman. Bo‘sh vaqtim bo‘lsa, futbol tomosha qilaman. Umuman olganda esa, fantastik filmlar yoqadi. Misol uchun “Marvel”. Aktyorlardan esa Tom Kruz va Jonni Depp.

- Sizga yoqadigan taom? Shubhasiz, palov bo‘lsa kerak.
- Xuddi shunday. Uni qo‘y go‘shti va guruchdan tayyorlashadi. Mayiz va sabzi solinadi. Tayyor palovning ustiga qazi qo‘yiladi. Odatda, pomidor va bodringdan tayyorlangan salat bilan iste’mol qilinadi. O‘zbekistonda har payshanba palov damlash an’anasi bor.

- Eng yaxshi qo‘shiqchi?
- O‘zbek musiqasini tanlayman. Shohruhxon va Munisa Rizayeva. Ular sevgi haqida kuylaydi. Arabcha ham yoqadi. “Energetik” kiyim almashtirish xonasida va avtobusda afrikalik yigitlar fransuzcha rep qo‘yadi. Tushunmasam ham eshitaveraman.

- Sevimli bayramingiz qaysi?
- Tug‘ilgan kunim ham, Yangi yil ham emas. Ramazon va Qurbon hayiti. 21 mart – Navro‘z. Bu bahor kelishi bilan bog‘liq bayram.

- Yoqtirgan raqamingiz?
- 24. Shu sanada tug‘ilganman. 7 ham yoqadi. Shu raqamda o‘ynayapman. 9 va 10 sonlari ham yoqadi. O‘zbekistonda 9- va 22-raqamlarda o‘ynaganman.

- Kunduzini tanlaysizmi yoki oqshomni?
- Oqshomni. Uxlashni yaxshi ko‘raman. “Energetik”da ertalab 8:30 dagi mashg‘ulotga turishga qiynalardim. Hozir sal ko‘nikdim. O‘zbekistonda harorat issiq bo‘lgani uchun asosan kechqurun shug‘ullanardik.

- Uyda qolishni xush ko‘rasizmi yoki ko‘cha aylanishni?
- Bunisi elikka ellik. Bu ko‘proq mashg‘ulotda qancha kuch sarflaganimga bog‘liq.

- Qaysi fasl yoqadi?
- Yoz. Chunki issiq bo‘ladi. Cho‘milish va toblanish mumkin. Ko‘chada yengilroq kiyinsa bo‘ladi. O‘zbekistonda yozda havo harorati 50 darajaga yaqin bo‘ladi.

- Yoqtirgan jamoangiz “Barselona” ekanini aytgandingiz...
- Ha. Bu jamoani Gvardiola boshqargan paytdan yoqtiraman. U “Barsa”ga yangi – to‘pni nazorat qilish usuli, ya’ni “tiki-taka”ni olib kirdi. Messi ham aynan Gvardiola davrida haqiqiy yulduzga aylandi.

- U sevimli futbolchingizmi?
- Nafaqat mening, balki ko‘pchilikning yoqtirgan o‘yinchisi. Menga “Manchester Siti”dagi Mahrez va “Borussiya”dagi Sanchoning o‘yini ham yoqadi.

- Futboldan tashqari yoqtirgan sportchingiz kim?
- Muhammad Ali. Inson sifatida menga o‘rnak. U musulmon va ko‘pchilik unga ergashib islom dinini qabul qilgan.

- O‘zbekistondan boshqa qaysi terma jamoa yoqadi?
- Ispaniya. Lekin keyingi paytda o‘z darajasida o‘ynay olmayapti. Men Inesta va Xavi o‘ynagan davrdan Ispaniyani yoqtirib qolganman. O‘shanda ispanlar jahon va Yevropa chempioni bo‘lgandi. Ungacha Germaniyaning o‘yini yoqardi. Ularning uslubi umuman boshqacha. Tartibli va tizimli o‘yin namoyish qilishadi.

- Eng zo‘r stadion?
- Qatardagi “As-Sadd” klubi stadioni. U yerlar juda issiq, shuning uchun stadion bo‘ylab konditsionerlar o‘rnatilgan. Stadionga kirishing bilan salqin havoni his qilasan. Bitta maykada bo‘lgan odam sovuq qotishi mumkin. 15 ming tomoshabin sig‘adi. Qatarda ko‘pchilik futbolga bormaydi. Belarusda esa Minskdagi “Dinamo” va “Borisov-Arena” bo‘lsa kerak.

- O‘zingiz ishtirok etgan eng qiziqarli bahs qaysi?
- 2018 yilda O‘zbekiston milliy terma jamoasining Urugvay va Marokashga qarshi o‘tkazgan o‘rtoqlik o‘yinlari. Qanday zo‘r futbolchilar o‘ynagan. Urugvay bilan uchrashuvda Suares, Kavani va Godinga qarshi o‘ynaganman. Marokashga qarshi bahsda Hakimi, Bufal, Ziyesh va boshqa yulduzlar bilan to‘qnash kelganmiz. Senegal bilan sparringda zaxirada qoldim. Maydonda Sadio Mane porladi.

- Shioringiz?
- Hech qachon taslim bo‘lmaslik! Qiyin damlar har kimda bo‘ladi. Buni yengib o‘tish kerak. Har kuni nimaga qodirligingni ko‘rsatishing kerak. Shundagina maqsadga erishasan.

Manba: Sports.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Yaxshiboyev: Suares va Kavaniga qarshi o‘ynaganimni unutmayman