"Lokomotiv" bosh murabbiyi Andrey Fyodorov Coca Cola Superligasi 8-turi doirasida "Surxon" ustidan qozonilgan g‘alabadan keyingi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Restartdagi ilk g‘alabadan keyin ruhiy tayyorgarlikka ko‘proq e’tibor berdik. Biz barcha o‘yinlarni og‘ir deb hisoblaymiz. Hozirda murabbiylar shtabi bilan nafaqat kelgusi turdagi raqib, balki, chempionatning barcha o‘yinlarini kuzatib borishga harakat qilyapmiz. Biror jamoa oson o‘yin o‘tkazmayapti. O‘tgan turda "Qizilqum" mag‘lub etilganidan keyin ayrim muxlislar "Loko" o‘ziga kelib oldi, endi barcha raqiblar yanchib tashlansa kerak deb o‘ylashdi. Yo‘q.
O‘tgan g‘alabadan keyin kichik davr mobaynida futbolchilarni "Surxon"ga qarshi o‘yin yanada og‘irroq bo‘lishini tushuntira olganimiz va bunga erishganimizga xursandman. Shuningdek, futbolchilar ham bizning barcha gaplarimizni, yo‘riqlarimizni to‘g‘ri tushunishmoqda. Biror jamoa ochkolarni shundoq berib qo‘ymayapti, ochkolarni tortib olish kerak. Buning uchun esa juda kuchli xarakter va kasbga fidoyilik bo‘lishi kerak. Yigitlarga rahmat, bugun biz haqli g‘alabaga erishdik.
- Bugun Shuhrat Muhammadiyevning o‘rniga tushgan Javohir Alijonov yaxshiroq o‘ynadi. Shuhrat esa birinchi bo‘limda jamoaning eng nozik nuqtasi bo‘ldi. Alijonov 90 daqiqa o‘ynashga tayyor emasmi?
- Bu siz uchun shundaydir. Biroq u biz tomondan yuklatilgan vaziyatlarni to‘laqonli ado etdi.
- Biroq Muhammadiyev 3-4 marta oddiy joylarda to‘pni yo‘qotdi.
- Xo‘sh, Javohir necha marta yo‘qotdi? U kurashmadi. Keling, bahslashib ketish darajasiga yetib bormaylik. Shunchaki, sanab ko‘ringchi, u necha marta to‘pni yo‘qotdi. Muhammadiyev esa o‘zi yo‘qotgan to‘plarni qaytarish uchun qattiq harakat qildi.
- Qanot vingeri sifatida bugun Alijonov Muhammadiyevdan yaxshiroq o‘ynadi, havolatib to‘p uzatishlari amalga oshirdi.
- Alijonov o‘yinni o‘ziga olishga harakat qilgani menga yoqdi. Shuningdek, boshqalarga ham. O‘yindan oldin menga qo‘ng‘iroqlar ham bo‘ldi: "Alijonov, Alijonov, Alijonov...". U loyiq bo‘lsa, asosiy tarkibda o‘ynaydi. Hozir esa Muhammadiyev asosiy futbolchi. Endi Alijonovning o‘ziga: "Nima uchun Muhammadiyev asosiy tarkibda", deb savol bering.
- AGMKga qarshi o‘yindan oldin "Mash’al"ga qarshi bahs ham bor. Ungacha Slavko Damyanovich ham tarkibga qaytadi. Shuningdek, tarkibda Kaxi ham bor. O‘tgan 2 o‘yinda Farruh Ibrohimov yomon o‘ynamadi. Umuman olganda, ushbu mavsumda Ibrohimovning asosiy tarkibga kirishi uchun qanchalik imkoniyat bor?
- Menimcha, bunga gapirishga erta. Chunki hali u o‘yinga qanday tarkib bilan boramiz, hech kim bilmaydi. Jarohatlar bo‘lmasin. "Mash’al"ga qarshi bahs ham borligini inobatga olib, hali bu borada gapirishga erta deb hisoblayman. Ibrohimov esa o‘tgan davr mobaynida katta o‘sishga erishdi. To‘g‘risini aytaman, unga doim ishonganman. Shu sababli u kelajakda ajoyib kareraga ega futbolchi bo‘la oladi deya olaman. Bu esa faqatgina uning o‘ziga bog‘liq. U o‘tgan 2 o‘yinni o‘zining darajasida o‘tkazdi. Bugun qay tariqa g‘alabaga erishganimizni esa boya aytib o‘tdim: kuchli xarakter va kasbga fidoiylik. Oddiy o‘yinlar yo‘q, bu xoh yetakchi jamoa bo‘lsin, xoh o‘rtacha jamoa.
Siz ham chempionat o‘yinlarini ko‘rib boryapsiz, xo‘sh, 5:0, 4:0 hisobi qayd etilgan bo‘lsa-da, shu o‘yinlarda jamoa osonlik bilan yutdimi? Buni men futbolchilarning tayyorgarligiga yo‘yaman. Shuningdek, hozirda ko‘p narsa xarakterga bog‘liq. Farrux mavsumni yuqori saviyada davom ettirishga tayyormi, demak, u uzoqqa boradi. Balki hozir bu gaplar noo‘rindir, mening rus matbuotiga bergan intervyuimni o‘qiganlar bo‘lsa kerak. O‘zbek saytlari esa buni qisqa-qisqa qilib kesib olib, ommaga ma’lum qilishdi. O‘shanda men 16-21 yoshgacha bo‘lgan iqtidorli futbolchilar Rossiyadan ko‘ra O‘zbekistonda ko‘proq deb aytganman. Biroq Rossiyada O‘zbekistondan ko‘ra yoshlari uzoqroqqa borishadi.
- Shunchaki, biz u yerda yashamaganmiz.
- Yo‘q, yashash shart emas. Rossiya Premer-ligasida iqtidorli va texnik futbolchilar o‘zbek chempionatidan ko‘ra kamroq. Biroq ular futbolda yanada ko‘proq va uzoqroq qolishni maqsad qilishadi. Rossiyada ishladim va ko‘rdim. Hozir esa O‘zbekistonda ishimni davom ettiryapman. Biz bilan 5-6 nafar juda yosh futbolchilar mashg‘ulot qilishmoqda. Shuningdek, yoshlar jamoamiz tarkibidan ayrim iqtidorlilarni asosiy tarkibga jalb qilib turibmiz.
- Balki, yoshlar uy va mashina sotib olganidan keyin to‘xtab qolayotgandir.
- Bilmadim. Shunchaki, biz rivojlanib, o‘sishda davom etishimiz kerak. O‘zbekiston men uchun begona davlat emas. Men ham ushbu davlat futboli yuksaklarga chiqishini istayman. O‘yindan uzoqlashib ketdik. Barchaga rahmat. G‘alaba bilan.
Manba: championat.asia “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi