00:04 / 28.07.2020
2 796

Rossiya terma jamoasiga Shomurodov singari kuchli hujumchi yetishmayapti - Aleksandr Averyanov

Rossiya terma jamoasiga Shomurodov singari kuchli hujumchi yetishmayapti - Aleksandr Averyanov
2017 yilda Rossiyaga ko‘chib o‘tgan holda “Rostov”dagi faoliyatini boshlagan Eldor Shomurodovning boshida yangi chempionat va klubga ko‘nikishi oson bo‘lmaganini yaxshi bilasiz. Vaqt o‘tib hamyurtimiz yanada kuchli futbolchiga aylanib bordi va joriy chempionatda Eldor to‘purarlik salohiyatini ko‘rsatishga erishdi. Natijada legionerimiz barchaning e’tiboriga tushdi. Unga qiziqishlar orta boshladi, hamma Shomurodov haqida gapirdi.

O‘zbekistonlik futbolchi Rossiya chempionatida qanday hujumchi ekanligini ko‘rsatdi, natijada “Rostov”ning muhim ijrochilaridan biriga aylandi. Shuningdek, Shomurodov xususida ko‘plab taniqli mutaxassislar ijobiy fikrlar bildirishdi va hamyurtimizning imkoniyatlarini yuqori baholashdi. Eldor to‘g‘risida rossiyalik mutaxassislar tomonidan aytilgan har bir fikr hamda e’tiroflarni sinchkovlik bilan kuzatib bordik. Axir hamyurting haqida iliq gaplarni eshitish doim ham yoqimli tuyuladi.

O‘zimiz ham rossiyalik biror-bir ko‘zga ko‘ringan mutaxassis bilan bog‘lanib Eldor Shomurodov va uning imkoniyatlari xususidagi munosabatlarini jonli ravishda eshitishni istayotgandik. Bu borada esa Rossiyada qaysi murabbiy bilan aloqa o‘rnatishni ham bilardik. Bu – Aleksandr Nikolayevich Averyanov. Ayniqsa, yoshi ulug‘, zukko muxlislar uni juda yaxshi bilishadi. 71 yoshli tajribali mutaxassis Rossiyada ham o‘ziga yarasha obro‘-e’tiborga ega.

Nikolayevich murabbiylik faoliyati davomida “Krilya Sovetov, “Shinnik”, “Alaniya”, “Uralan”, ”Fakel”, “Gazovik” va yana ko‘plab klublarni boshqargan. 2011-2012 yilgi mavsumda esa u O‘zbekistonda ham ishlaganini bilsangiz kerak. O‘shanda “Andijon” jamoasiga ustozlik qilgandi. Qolaversa, sobiq Ittifoq davrida ham yurtimizda to‘p surgan. Xullas, murabbiy bilan bog‘langanimizdan so‘ng undan “Rostov”da to‘p surayotgan Eldor Shomurodovning u yerdagi faoliyatiga qanday baho berishi haqida so‘radik. Averyanov esa hamyurtimizga yuqori baho berdi.

- Shomurodov – a’lo darajadagi futbolchi. Uni tug‘ma markaziy hujumchi deb e’tirof etsak to‘g‘riroq bo‘ladi. Ayniqsa, golning hidini sezadigan baquvvat o‘yinchi. Uning kuchli tomonlari ko‘p va maydonda juda faol harakat qiladi. O‘z navbatida uning ushbu faolligi jamoasiga yordam beradi. Shuningdek, Eldor Shomurodov ikkinchi qavatdagi kurashda ham yaxshi taassurot qoldiradi. Bugungi kunga kelib u transfer bozorida eng xaridorgir ijrochilardan biri bo‘lib turibdi. Eldorning transfer qiymati 7-9 million yevroni tashkil qilsa kerak. Ish shu zaylda ketsa, hujumchi “Rostov”ni albatta tark etadi va Yevropaning kuchli klublaridan birida paydo bo‘la oladi. Shuni ishonch bilan aytishim mumkinki, Rossiya terma jamoasiga xuddi Shomurodov singari kuchli hujumchi yetishmayapti.

Ko‘pni ko‘rgan mutaxassisdan hujumchimiz to‘g‘risida bu qadar iliq so‘zlarni eshitish rostdan ham yoqimli tuyuldi. Lekin bunday so‘zlar bejiz emas, albatta. Averyanov esa Shomurodovning o‘yinini har tomonlama chuqur o‘rgangan holda o‘zining qarashlarini bayon etdi.

Ayni paytda esa rossiyaliklarning o‘zlari ham Eldorni qaysi klubga ketishi borasida qiziqishmoqda. Bu haqida gap ketar ekan, bir qator taxminlar bildirilmoqda. Lekin o‘zbekistonlik hujumchi ko‘proq qaysi chempionatga mos tushishi mumkin? Qolaversa, mavsumning ikkinchi qismida unda gol urish borasida pasayish yuz berdi. Bu esa keyingi faoliyatiga qanchalik ta’sir ko‘rsatishi mumkin? Aleksandr Nikolayevich esa Eldorning sermahsulligi pastlaganiga ham e’tibor qaratdi va buning sabablarini quyidagicha bildirdi:

- Shomurodovning qayerga ketishi borasida biror narsa deyishim qiyin. Chunki men jamoa ichida emasman. Ammo matbuot va muxlislar orasida uning Yevropa klublaridan biriga ketishi haqidagi gaplardan xabarim bor. Aftidan, mana shunday turli gap-so‘zlar unga ruhiy ta’sir ko‘rsatgan ko‘rinadi. Boz ustiga olingan jarohatlar optimal jismoniy holatiga kirishiga xalaqit bermasdan qolmagani aniq. Bundan tashqari, koronavirus nafaqat uni, balki millionlar insonlarning hayot tarzini o‘zgartirib yuborganini unutmaslik kerak.

Butun jamoaga ham bu salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Shomurodov klubdagi sheriklariga juda ko‘nikkan o‘yinchidir. O‘z navbatida “Rostov”dagilar hujumdagi o‘yinni uning atrofida tashkil qilishga o‘rganib qolganlar. Bejizga u mavsumning birinchi qismida sermahsul o‘yin ko‘rsatmadi. Lekin boya aytganimdek, jarohatlar, pandemiyalar uning sermahsulligiga va o‘yiniga aks ta’sir ko‘rsatmasdan qolmadi
, - dedi rossiyalik murabbiy Aleksandr Averyanov.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Rossiya terma jamoasiga Shomurodov singari kuchli hujumchi yetishmayapti - Aleksandr Averyanov