Shunday qilib Superliga birinchi davrasining qolgan 4 turi uchun stadionlar va o‘yinlar boshlanish vaqti belgilab olindi.
Kutilganidek, navbatdagi to‘rtta tur markazlashgan tartibda Toshkent shahri va Toshkent viloyati stadionlarida o‘tkaziladi hamda hech bir jamoa o‘z maydonida o‘ynamaydi. PFL navbatdagi turlar uchun 7ta stadionni aniqlab oldi. Bular - "Paxtakor", "Bunyodkor", "Lokomotiv", TTYMI, "Jar", OKMK va "Metallurg" stadionlari. O‘yinlar sanasi bilan boshlanish vaqti ham ma’lum. Lekin shu o‘rinda bir masala borki, shu haqda to‘xtalib o‘tmasak bo‘lmaydi.
Kecha tunda Yevropa chempionlar ligasini ko‘rayotib bir jihat e’tiborimni tortdi. Ya’ni jamoalar hech qanday bolalar yoki bayroqsiz shunday maydonga chiqib kelishdi. YECHL butun dunyoni kuzatadigan musobaqa emasmi, UYEFA bayrog‘i ham olib chiqilmadi, jamoalar 11talik suratga tushayotganda hech bir reklama to‘sig‘i qo‘yilmadi ham. Shunchaki jamoaviy suratga tushishdi va shu bilan o‘yin boshlandi.
Har bir o‘yinni yuqori saviyada o‘tkazish bir nechta tashkiliy ishlarni o‘z ichiga oladi. Jamoalarni kutib olish, kiyim almashtirish xonalarini tayyorlash, maydonni o‘yindan oldin sug‘orish, tez yordam va militsiya xizmatini yo‘lga qo‘yish - bu kabilar o‘z yo‘liga va bularni hal qilsa bo‘ladi. Ammo hozirgi vaziyatda to‘p uzatib beruvchi bolakaylar ("bolboylar")ni o‘yinga chaqirish ancha qiyin ish bo‘lib qoldi.
Pandemiya sharoitida birovni majburan uydan chiqarish oson emas. Ayniqsa yosh bolalarni. Kasallik avj olayotgan bir paytda majburlab ham bo‘lmaydi. Ma’lumki, Superliga o‘yinlarida "bolboylar" faqat to‘p uzatib turishdan tashqari o‘yingacha boshqa bir nechta ishlarni ham bajarishadi. Masalan, birgina PFL bayrog‘ini olib chiqish uchun 6 nafar bola kerak bo‘ladi.
Bundan tashqari jamoalar o‘yindan oldin suratga tushganda qo‘yiladigan Coca Cola reklama to‘sig‘iyam bor. Bunga ikkitadan to‘rtta bola kerak. Yana arka degani paydo bo‘ldi. Uning fonida hakamlar va jamoa sardorlari suratga tushadi. Bungayam kamida ikkita bola lozim. Eng qiyini esa maydon markaziga doira bo‘ylab yoziladigan Coca Cola bayrog‘i. Bu bayroqni yoyib va keyinchalik yig‘ib olish uchun kamida 15-16 nafar bola kerak bo‘ladi.
Natijada har bir o‘yinga o‘rtacha 25 nafar bolani chaqirishga to‘g‘ri kelyapti. (Faqat to‘p olib berib turishga 10 nafar bola yetadi). Endi faraz qiling, bitta turda 7ta o‘yin bo‘lsa, nechta bola kerak bo‘ladi? Va eng muhim savol: ota-onalar o‘z bolasini beradimi? Bola ko‘chaga chiqib o‘ynayman deganda zo‘rg‘a ruxsat berayotgan ota o‘g‘li stadionga borib to‘p uzatib turaman desa yanayam ikkilanib qoladi.
Buning ustiga transport muammosi yuzaga kelgan. O‘yindan bir soat oldin stadionda bo‘l, ikki soatlik o‘yinni o‘tkaz va keyin uyga qayt. Bola uyiga qanday ketadi? Jamoat transporti yurmasa, taksi-ku juda qimmatlashib ketgan. Gap taksida ham emasdir, o‘yin tugasa kun kech bo‘lib qolyapti.
Shularni inobatga olib PFLga ba’zi takliflarni ilgari surmoqchiman. 1. Birinchi davra oxirigacha PFL bayrog‘isiz futbolchilarning maydonga chiqib kelishini ta’minlash. 2. Coca Cola yozuvi tushirilgan reklama to‘sig‘i, arkasi va katta bayroqdan vaqtincha foydalanmaslik (Maydon bo‘ylab terib chiqiladigan reklama to‘siqlari bundan mustasno). 3. "Bolboylar" stadionga kelganda ularni bir joyga yig‘masdan hammani maydon atrofi bo‘ylab faqat to‘p uzatib berishi uchun xizmatidan foydalanish.
Bu nima beradi? Birinchidan, modomiki o‘yinlar markazlashgan tartibda o‘tib, hech qaysi jamoa o‘z uyida o‘ynamas ekan, bayroq va hokazolarni olib chiqish, ko‘tarish uchun bolalar yetarlimi degan savoldan holi bo‘lamiz. Nechta bola kelsayam ulardan faqat to‘p olib berishda foydalaniladi. Va xuddi YECHLdagi kabi jamoalar shundoq maydonga chiqib o‘yinni boshlaydilar. Menimcha, bu ham karantin qoidalariga mos kelsa kerak. Albatta, bu hol vaqtincha, aytaylik sentabrga qadar davom etadi va keyingi oyda vaziyat qanday bo‘lishiga qarab ish utiladi.
Bu o‘rinda yana bir masala bor. Superliga markazlashgan tartibda ham muxlislarsiz o‘tkaziladi. Lekin "bolboylar" otasi yoki akasi bilan kelganda kattalarning stadionga kirishiga ruxsat beriladimi, buni ham ko‘rib chiqqan ma’qul. Chunki hozirgi sharoitda hech kim farzandini yolg‘iz qo‘yib yubormaydi. Imkon qadar ota o‘g‘li bilan birga borib birga qaytadi. Lekin stadionga ota kiritilmasa, ikki soat ko‘chada o‘tirishning o‘zi bo‘ladimi? Shu bois ham ko‘pchilik otalar o‘g‘limni bermayman deyishyapti va bunga ularning haqqi bor. Demak, bu o‘rinda ham oltin oraliqni topishga to‘g‘ri keladi.
Muallif: Xayrulla Xoliqov
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”