13:44 / 18.08.2020
3 729

Jaloliddinov transferi mashmashasi Rossiyada ham aks sado bermoqda. Agent bor gapni aytdi!

Jaloliddinov transferi mashmashasi Rossiyada ham aks sado bermoqda. Agent bor gapni aytdi!
“Bunyodkor” futbolchisi Jasur Jaloliddinovning “Lokomotiv”ga legioner sifatida ko‘chib o‘tganidan bir muddat o‘tib, uning transferiga oid turli mish-mish va muammolar kelib chiqmoqda. O‘zbekiston Professional futbol ligasida bu transfer borasida gumon va yechimini topishi kerak bo‘lgan savollar yuzaga keldi.

Rossiya ommaviy axborot vositalari hali “Lokomotiv”da debyutini nishonlab ulgurmagan 18 yoshli futbolchimizning transferi atrofidagi mashmashalarga oydinlik kiritish maqsadida uning Moskva klubiga ko‘chib o‘tishida asosiy ishni bajargan futbol mutaxassisi Yuriy Belousga murojaat qildi.

Ma’lumki, Jasur Jaloliddinov iyul oyining oxirida Moskvaga borib, “Lokomotiv” bilan besh yillik shartnoma imzolagan va yangi jamoasida 23-raqamni tanlagan edi. O‘shanda uning transferi “to‘miryo‘lchilarga” 1 million yevro atrofida tushgani aytilgan edi.

- Bu billurday toza transfer bo‘lgan va bunda hech qanday shubha-gumonga o‘rin yo‘q. Mening tushunishimcha, “Bunyodkor”da rahbariyat o‘zgargan, bir bosh direktor o‘rniga boshqasi kelgan. Transfer bo‘yicha kerakli qog‘ozlarni o‘zlari izlayversin. Agar ular nimadir qilishi talab etiladigan bo‘lsa, hujjatlarni “Lokomotiv”dan so‘rashsa ham bo‘ladi.

Jasur “Lokomotiv”ga erkin agent sifatida kelib qo‘shilgan. Uni erkin agent sifatida qo‘yib yuborishga qaror qilishgan. Shu bilan birga, “Bunyodkor” uni qo‘yib yuborishi uchun olishni istayotgan summa ham ko‘rsatilgan. Bu summani Jasurning o‘zi yoki uchinchi tomon ham to‘lashi mumkin-ku. Shunday ham bo‘lgan. “Bunyodkor” o‘zi istagan summani to‘liq olgan. Bunga qo‘shimcha tarzda FIFA ustavi bo‘yicha futbolchini tarbiyalagani uchun ham kompensatsiyani oldi. Bu ham yaxshigina summa. “Bunyodkor” tomonidan hech qanaqa e’tiroz yo‘q, Rossiya premer-ligasining eng zo‘r klublaridan biri mablag‘ni to‘liq to‘ladi va futbolchining istiqboli porloq, - dedi Jasur Jaloliddinovning agenti Yuriy Belous.

Jasur Jaloliddinov o‘z tengqurlari orasida (2002 yilda tug‘ilganlar) eng iste’dodlisi va Osiyoda eng kuchli besh futbolchidan biri. The Guardian ekspertlari bahosiga ko‘ra, o‘z yoshida dunyoning eng yaxshi 60 nafar futbolchisi ro‘yxatiga kiritilgan. Unga Portugaliyaning “Benfika”, Italiyaning “Udineze”, “Benevento”, Turkiyaning “Beshiktosh”, Ispaniya va Osiyoning qator klublaridan qiziqishlar bo‘lgandi. Biroq, Jasur Jaloliddinov kelajakda yanada o‘sishga erishish va legioner maqomiga moslashish uchun “Lokomotiv”ni tanlaganini intervyusida alohida ta’kidlagan.

Jasur Jaloliddinov “Bunyodkor”da jami 32 ta uchrashuvda 3 ta gol urgan. 2020 yilda O‘zbekiston terma jamoasida debyutini o‘tkazgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Jaloliddinov transferi mashmashasi Rossiyada ham aks sado bermoqda. Agent bor gapni aytdi!