10:17 / 24.10.2020
3 096

Shomurodovni “Inter” yulduzlari sinovdan o‘tkazadi!

Shomurodovni “Inter” yulduzlari sinovdan o‘tkazadi!
Italiya A Seriyachining beshinchi turida o‘zbekistonlik futbol muxlislarini juda qiziqarli uchrashuv kutib turibdi.
Eldor Shomurodov jamoasi muhim uchrashuvda Italiya futboli grandlaridan biri “Inter”ni o‘z maydonida qabul qiladi.

Ayni paytda aksariyat mutaxassislar va muxlislar yulduzli tarkibga ega bo‘lgan milanliklarning imkoniyatini yuqori baholamoqda. Biz ham bunga qo‘shilgan holda, futbol kutilmagan natijalarga boy ekanini ham unutmasligimiz kerak. Qolarvesa, har ikki jamoaning bu mavsumda qayd etayotgan ko‘rsatkichlari ham o‘yinda xato va kamchiliklar yetarli ekanini ko‘rsatmoqda. Buyog‘iga kim bundan unumli foydalanib qolishiga bog‘liq.

Koronavirus pandemiyasi tufayli A Seriyada eng kam – uchta o‘yinda maydonga tushgan genuyaliklar bittadan g‘alaba, durang va mag‘lubiyat qayd etib, to‘rt ochkoga ega bo‘ldi.

Chempionlik uchun kurashayotgan “Inter” esa dastlabki ikki turda umumiy hisobida 9 ta gol bilan sermahsul g‘alabalarni nishonlagan bo‘lsa-da, keyin ketma-ket ikki o‘yinda jami to‘rt ochko yo‘qotdi. Antonio Konte shogirdlari Rimda “Latsio” bilan durangga erishgan bo‘lsa, Milan derbisida azaliy raqibga imkoniyatni boy berdi – 1:2. Zlatan Ibrohimovich o‘z dubli bilan “Inter” tiz cho‘ktirdi.

Bugungicha bo‘lgan o‘yinlar statistikasi ham milanliklarning ustunligini ko‘rsatmoqda. Jamoalar A Seriya va kubok o‘yinlaridan jami 124 marotaba o‘zaro to‘qnash kelgan. Genuyaliklar shulardan 27 tasida g‘alaba qozongan, 31 marta durang o‘ynagan va 66 ta marotaba mag‘lub bo‘lgan. “Jenoa”ning “Inter” bilan o‘yinlardagi ijobiy natijalarining barchasi A Seriyaga to‘g‘ri keladi.

Mamlakat kubogi bellashuvlarida esa, sakkizta uchrashuvning bari milanliklar muvaffaqiyati bilan yakun topgan.

Biz uchun e’tiborlisi, bugungi bahsda hujumchimiz Eldor Shomurodovni yana boshlang‘ich tarkibda kutib qolamiz. O‘tgan turda Veronadagi uchrashuvda debyutini nishonlagan hamyurtimiz bahs davomida ayrim kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan bo‘lsa-da, umumiy olib qaraganda, munosib o‘yin ko‘rsatdi. Bizningcha, asosiy tarkibning hech bir fubtolchisidan kam o‘ynamadi.

Qolaversa, “Jenoa” klubi koronavirus oqibatida kadrlar bilan bog‘liq muammodan hali to‘la qutilgani yo‘q. Bundan tashqari, har qanday jamoa katta summaga olingan va klubda ko‘pchilikdan ko‘p maosh oladigan futbolchini zaxirada olib o‘tirmasdan, uning xizmatidan ko‘proq foydalinishga harakat qilishi mantiqan to‘g‘ri ekaniga tayanib, biz Eldorni yana asosiy tarkibda ko‘rishimizga ishonib qolaveramiz.

O‘yin oldidan genuyaliklarda kichik bo‘lsa-da, ijobiy natijaga umid bor. Birinchidan, mezbonlar xalqaro o‘yinlarda ishtirok etmagani bois ko‘proq dam oldi va tabiiyki avvalgi turdan keyin to‘liq tiklanishga ulgurdi. Ikkinchidan, mutaxassislar ushbu uchrashuvda milanliklar asosiy o‘yinchilarning aksariyati maydonga tushirmasligini ta’kidlamoqda. Chunki uch kundan keyin “Inter” Chempionlar ligasida Madridda “Real”ni mag‘lub eta olgan “Shaxtyor” mehmoni bo‘ladi. Bu musobaqaning birinchi o‘z uyida “Borussiya M”ni yengolmagan (2:2) milanliklar uchun Ukrainadagi o‘yin Genuyadagidan muhimroq hisoblanadi.

Bir so‘z bilan aytganda, bugungi o‘yin qanday hisob bilan yakunlanishidan qat’i nazar, futbol muxlislarini keskin va qizg‘in kurashlarga boy bellashuv kutmoqda. Biz esa, Shomurodovdan ishonchli o‘yin va tarixiy birinchi golini kutib qolamiz!

"Jenoa" - "Inter" uchrashuvi Toshkent vaqti bilan 21:00da boshlanadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodovni “Inter” yulduzlari sinovdan o‘tkazadi!