17:35 / 19.11.2020
4 907

Shohjahon, Hasanboy, Shahram va boshqa o‘zbek sportchilari Instagram’da qancha obunachiga ega?

Shohjahon, Hasanboy, Shahram va boshqa o‘zbek sportchilari Instagram’da qancha obunachiga ega?
So‘nggi yillarda ijtimoiy tarmoqlar, xususan, Instagram shu darajada ommalashdiki, aynan u orqali mashhur san’atkor va sportchilar yashash tarzi va kundalik hayotini o‘z muxlislari bilan bo‘lishib keladi. Tabiiyki, bundan o‘zbek sportchilari ham mustasno emas. Quyida esa biz Instagram tarmog‘ida eng ko‘p obunachiga ega bo‘lgan sportchilar (asosan, bokschilar) o‘nligini taqdim etamiz.

Sardor Rashidov – 82 ming obunachi

Foto: Instagram / @SardorRashidov
Bir vaqtlar o‘zbek futbolining kelajagi deya e’tirof etilgan Rashidov BAA, Qatar, Portugaliyadagi bir necha yillik faoliyatidan so‘ng hozirda o‘ziga yangi klub izlash bilan ovora. Uning so‘nggi klubi «Qatar SK» klubi bo‘ldi. Uni Instagram’da 82 mingdan oshiqroq foydalanuvchi kuzatib boradi. Uning sahifasida ko‘proq mashg‘ulot jarayonlari va oilasini ko‘rish mumkin.

Bektemir Meliqo‘ziyev – 223 ming obunachi

Foto: Instagram
Rio Olimpiadasining kumush medali sohibi Bektemir Instagram tarmog‘ida juda faol bo‘lib, muntazam ravishda sahifasiga mashg‘ulot jarayonlaridan foto va videolarni joy boradi. Obunachilar soni esa ko‘payishda davom etmoqda.

Murodjon Ahmadaliyev – 265 ming obunachi

Foto: Twitter
Murodjon ham Instagram’da o‘ta faol bo‘lib, har bir jangidan oldin va keyin o‘z fikrlari bilan bo‘lishib turadi. Hozirda uni 265 ming obunachi kuzatib boradi. Bokschi mashg‘ulotlardan tashqari, turli tadbirlarda tushgan suratlari bilan ham o‘z muxlislarini xushnud etib keladi.

Hasanboy Do‘smatov – 402 ming obunachi

Foto: Instagram
Rio Olimpiadasi g‘olibi va AIBA’ning 2016 yildagi eng yaxshi bokschisi Hasanboy Do‘smatovni Instagram’da naq 402 ming obunachi kuzatib boradi. Hasanboyning sahifasidan, asosan, mashg‘ulotlarda olingan kadrlar o‘rin olgan.

Isroil Madrimov – 456 ming obunachi

Foto: Instagram / @israil_madrimov
Havaskor boksdagi qator adolatsizliklardan so‘ng Isroil hozirda prof ringda muvaffaqiyatli odimlab bormoqda – 6 jang 6 ta g‘alaba. Madrimov ham hamkasblari singari mashg‘ulot, turli tadbirlar va dam olish jarayonlaridan olingan lavhalarni sahifasiga joylab borishni kanda qilmaydi.

Bahodir Jalolov – 467 ming obunachi

Foto: Instagram / @bakhodirdjalolov
Professional va havaskor boksni birdek olib borayotgan Bahodir Jalolovning obunachilari esa 467 ming nafarni tashkil etadi. Hozirda Bahodir O‘zbekiston boks terma jamoasi sardori hisoblanadi, shuningdek, u prof ringda Isroil singari 6 jang o‘tkazib, ularning barchasida g‘alabani o‘ziniki qilgan. U o‘z sahifasida ko‘proq mashg‘ulotlarda qanday ter to‘kishini namoyish etadi.

Fazliddin G‘oibnazarov – 634 ming obunachi

Foto: Instagram
Rio Olimpiadasidagi g‘alabasidan keyin o‘zining emotsional harakatlari bilan tomoshabinlarning ko‘nglidan joy olgan bokschi Fazliddin G‘oibnazarov 634 ming nafar foydalanuvchining e’tiborini o‘ziga qaratgan. Fazliddin mashg‘ulotlar qatorida farzandlari bilan tushgan suratlarni ham sahifasiga joylab boradi.

Mahmud Murodov – 1 million obunachi

Foto: Instagram
UFC’dagi birinchi o‘zbekistonlik jangchi Mahmud Murodovning Instagram’dagi obunachilari soni allaqachon 1 milliondan oshgan. Mahmud sahifasi orqali asosan, janglarga bo‘layotgan tayyorgarlik jarayonlari, ularga oid xabarlar bilan bo‘lishib turadi. Murodov oilasi bilan Chexiyada istiqomat qiladi va u o‘sha yerda mashg‘ulotlar o‘tkazadi. Mahmud sahifasiga joylashtirgan postlariga to‘rt tilda izoh qoldiradi (o‘zbek, chex, ingliz va rus tillarida).

Shahram G‘iyosov – 1,2 million obunachi

Foto: Instagram / @shakhram__giyasov
Nafaqat, bokschilar balki butun o‘zbek sportchilari orasida ham, shubhasiz, Shahram G‘iyosov ijtimoiy tarmoqlarning eng faol foydalanuvchisi hisoblanadi. Bugungi kunga kelib, Shahramning obunachilari soni 1 million 200 ming nafarga yetgan. U hech bo‘lmaganda kunora yangi suratlari bilan muxlislarini xushnud etib turadi. Uning sahifasi rang-barang bo‘lib, bir xillik ko‘zga tashlanmaydi.

Shohjahon Ergashev – 1,4 million obunachi

Foto: Instagram / @shohjahonergashev_official
Professional boksda 19 ta jang o‘tkazib, ularning barchasida g‘alabani qo‘lga kiritgan Shohjahon Ergashev 1 million 466 ming obunachiga ega. Ergashev sahifasiga muntazam ravishda o‘z ishtirokidagi janglardan lavhalarni joylab boradi. Shuningdek, uning Instagram’ida mashg‘ulotlar jarayonini ham kuzatish mumkin.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shohjahon, Hasanboy, Shahram va boshqa o‘zbek sportchilari Instagram’da qancha obunachiga ega?