19:44 / 19.11.2020
2 700

Superligada qolish uchun kurash. Kimda qanday imkoniyat?

Superligada qolish uchun kurash. Kimda qanday imkoniyat?
Superliganing so‘nggi yillardagi asosiy intrigasi chempionlik uchun emas, ligada qolish uchun kechmoqda. Yakuniga yetayotgan bu yilgi milliy chempionatimizda ham chempion nomi deyarli ma’lum - «Paxtakor» ushbu turda g‘oliblikni rasmiylashtirishi kutilmoqda.

Turnir jadvalining quyi pog‘onalarida esa haqiqiy intrigani ko‘rish mumkin – 4 klub elitadagi o‘rnini saqlab qolish uchun «jang»ga shaylanmoqda.

Bu yilgi chempionatda «Qizilqum», «Surxon», «Andijon» va «Buxoro» Superligada qolish uchun kurash olib borayotgan bo‘lsa, shulardan uchtasi «Andijon», «Qizilqum» va «Buxoro» 2019 yilda ham shu vazifani uddalash uchun kurashgandi. Bu yil autsayderlar safini «Surxon» to‘ldirdi. Yakunda so‘nggi o‘rinda qolgan klub Pro-ligaga tushib ketsa, 13-o‘rindagi jamoa Pro-ligada 2-o‘rinni egallagan jamoaga qarshi safarda bir o‘yindan iborat pley-off bahsida maydonga tushadi. Quyida jamoalarning bu boradagi imkoniyatlariga nazar tashlaymiz.

11. «Qizilqum» - 19 ochko
Tachmurod Agamurodovdan keyin yana Hamidjon Aktamov qo‘l ostiga o‘tgan «Qizilqum» ikkinchi davra oldidan o‘z tarkibini Ignatiy Nesterov, Erkin Boydullayev singari tajribali futbolchilar bilan kuchaytirganiga qaramay, mavsum boshida yo‘qotilgan ochkolar tufayli «xavfli zona»da qolmoqda. Qolaversa, «oltin izlovchilar» Superliga doirasidagi so‘nggi 5 o‘yinda bor yo‘g‘i bitta g‘alabaga erishdilar, 2 mag‘lubiyat, 2 durang. Oldinda esa ularni peshqadamlar safidan «Bunyodkor», autsayderlar qatoridan «Buxoro»ga qarshi to‘qnashuv kutib turibdi. To‘rt klub orasida ligada qolish uchun eng yaxshi imkoniyat aynan Navoiy klubida, deyish mumkin.

So‘nggi 4 turdagi o‘yini:
23-tur: «Buxoro» - «Qizilqum»
24-tur: «Qizilqum» - «Metallurg»
25-tur: «So‘g‘diyona» - «Qizilqum»
26-tur: «Qizilqum» - «Bunyodkor»

12. «Surxon» - 16 ochko
Ushbu mavsumda murabbiylar qo‘nimsizligi va legionerlar masalasida moliyaviy muammolarga duch kelgan Termiz klubi nomdor tarkibiga qaramay, oxir-oqibat autsayderlar safiga tushib qoldi. Yilni Bahrom Haydarov qo‘l ostida boshlagan termizliklar mavsum o‘rtasida Ravshan Haydarovni bosh murabbiy sifatida e’lon qilgan bo‘lsalar-da, ko‘p o‘tmay Ravshan Akmalovich jamoada maslahatchi murabbiyga aylandi, Vladimir Andreyev esa jamoani boshlab tushmoqda. Surxondaryo klubi oxirgi 5 o‘yinda faqat bitta bahsda g‘alaba qozondi – so‘nggi turdagi «6 ochkolik o‘yin»da «Andijon» mag‘lub etildi. Oldinda esa termizliklarni og‘ir taqvim kutib turibdi. Jamoa 4 o‘yindan uchtasini safarda o‘tkazadi. 24-turdagi «Buxoro»ga qarshi bahsda klub Superligadagi o‘rnini kafolatlashi mumkin.

So‘nggi 4 turdagi o‘yini:
23-tur: «Navbahor» - «Surxon»
24-tur: «Surxon» - «Buxoro»
25-tur: «Metallurg» - «Surxon»
26-tur: «So‘g‘diyona» - «Surxon»

13. «Andijon» - 13 ochko
Murabbiylar qo‘nimsizligi va moliyaviy muammolar sababli «Andijon» elitadagi o‘rnini yo‘qotish xavfi ostida turibdi. Mavsumni Aleksandr Xomyakov qo‘l ostida boshlagan andijonliklar bir yil ichida Jamshid Saidov, Diyor Mirzaboyev, Viktor Kumikov, Baxtiyor Hamidullayev boshqaruvida to‘p surib, o‘tgan turdagi «Surxon»ga uchralgan mag‘lubiyatdan keyin kutilmaganda mahalliy mutaxassisni ham iste’foga chiqarishdi. Yangi rahbariyat Otabek G‘ulomxo‘jayevga ishonch bildirdi va uning debyuti ushbu turda moliyaviy muammolar girdobidagi «Mash’al»ga qarshi kuzatiladi.

«Burgutlar» oxirgi 5 o‘yindan buyon g‘alaba nimaligini bilishmayapti. Aksiga olib jamoaning taqvimi juda og‘ir - «Mash’al»dan keyin «Andijon»ni OKMK, «Qo‘qon-1912», «Paxtakor» singari peshqadamlar bilan bahslar kutib turibdi. Bungacha faqat yoshlar bilan ishlab kelgan yangi yosh murabbiyning klubni ligada olib qolishi mo‘’jizaga teng bo‘ladi.

So‘nggi 4 turdagi o‘yini:
23-tur: «Andijon» - «Mash’al»
24-tur: OKMK - «Andijon»
25-tur: «Andijon» - «Qo‘qon-1912»
26-tur: «Paxtakor» - «Andijon»

14. «Buxoro» - 12 ochko
O‘tgan mavsumda «Andijon»ni ligada olib qolgan Xomyakov – Saidov juftligi bu yil «Buxoro»ni elitada olib qolishga urinadi. Ammo bu safargi vaziyat ancha og‘ir – «Buxoro» oxirgi 11 o‘yindan buyon g‘alaba nimaligini bilmayapti. Ko‘hna shaharliklar maydon borasidagi muammo tufayli butun mavsum davomida Buxoroda to‘p surmagani ham jamoa zarariga ishlamoqda. Jamshid Saidov shogirdlarining so‘nggi 4 o‘yinidan 3tasi turnir jadvalining quyi qismida borayotgan klublarga qarshi o‘tadi. «Qizilqum», «Surxon», «Mash’al» va OKMKga qarshi bahs buxoroliklar uchun final darajasida o‘tadi.

Ayniqsa, OKMK bilan so‘nggi turdagi to‘qnashuv o‘ziga xos ahamiyatga ega. Zero, 2019 yilda ham «Buxoro» oxirgi turda Olmaliq klubiga qarshi juda muhim bahsda maydonga tushgan va 90+3-daqiqada bosh hakam Jasur Muxtorovning shubhali penaltisi Muhsin Muhammadiyev murabbiyligidagi «Buxoro»ni quyi ligaga tushib ketishdan qutqarib qolgandi. Bu safar ham «Buxoro»ning elitadagi taqdiri Mirjalol Qosimov jamoasi qo‘liga o‘tsa ajabmas. Har qanday holatda ham «Andijon» va «Buxoro»ning vaziyati qolganlardan ancha og‘irroqdek ko‘rinmoqda.

So‘nggi 4 turdagi o‘yini:
23-tur: «Buxoro» - «Qizilqum»
24-tur: «Surxon» - «Buxoro»
25-tur: «Buxoro» - «Mash’al»
26-tur: OKMK - «Buxoro».

Usmon Ibodov

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Superligada qolish uchun kurash. Kimda qanday imkoniyat?