23:00 / 17.12.2020
2 535

O‘runovdan Yuranga javob yurishi! Oston nima qilmoqchi?

O‘runovdan Yuranga javob yurishi! Oston nima qilmoqchi?
Rossiya futbolida eng ko‘p muhokama qilinayotgan, futbol jamoatchiligining e’tiboridan chetga chiqmayotgan futbolchi Oston O‘runov bo‘lsa kerak. Rus futbolini yorituvchi rasmiy va norasmiy manbalar, ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar o‘zbek futbolchisi haqida u “Ufa”ga o‘tgan davr – 2020 yilning boshidan buyon bong urmoqda. Ayniqsa, o‘zbek futbolchisi “Spartak”ga o‘tganidan beri turli-tuman yangilik va xabarlarda bosh mavzuga aylangan.

Keyingi kunlarda rus futbolida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan Sergey Yuranning Oston O‘runovning yoshiga shubha qilgani juda ko‘p muhokamalarga sabab bo‘ldi.

- Bizda futbolchilarning yoshi besh yilga, hatto 10 yoshgacha kichraytiriladi. Kokorin masalasi hamon tushunarsiz bo‘lib qolmoqda. “Ufa”dan futbolchi olindi. Yosh o‘yinchi, deyishmoqda, lekin u aslida hozirgi yoshidan 4-5 yosh katta ekanini hamma biladi. Bu sir emas. Hatto “Spartak” rahbariyati ham hayron bo‘lgandi, - dedi Sergey Yuran.

Bunga javoban, “Spartak” va “Ufa” klublari, rossiyalik va o‘zbekistonlik mutasaddilar, mutaxassislar, murabbiylar va jurnalistlar o‘z fikrlari orqali Ostonning yoshi urilmaganini isbotlashga harakat qildi.

Ko‘pchilik tomonidan tanqidga uchrayotgan Sergey Yuran keyinroq o‘z iddaosini isbotlash uchun jo‘yali fakt keltira olmay, o‘zbekistonlik tanishlarining gapiga tayanganini aytishdan nariga o‘tolmadi.

Endi yurish navbati shu paytgacha jim turgan Oston O‘runov tomonida. Xo‘sh u nima qiladi?

“Spartak” klubining Jamoatchilik bilan aloqalar departamenti direktori Anton Fetisov Oston O‘runovning manfaatlarini himoya qilayotgan mutaxassislar “SKA-Xabarovsk” bosh murabbiyi Sergey Yuran iddaolariga qanday munosabatda bo‘lishini bildirdi.

- Mendagi ma’lumotlarga qaraganda, Oston O‘runovning vakillari Etika qo‘mitasiga rasman murojaat qilishga tayyorgarlik ko‘rmoqda, - dedi Anton Fetisov.

Shuningdek, Fetisov Sergey Yuran o‘z vaqtida futbolchi sifatida katta hurmat-e’tibor qozongani, biroq, keyingi paytda haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan turli iddaolarni o‘rtaga tashlayotganiga ham urg‘u berdi.

Ta’kidlash joizki, Oston O‘runovning “Spartak” jamoasiga transferida bosh rolni o‘ynagan Shamil Gazizov ushbu klubdagi bosh direktor lavozimidan ozod etilganidan keyin ko‘pchilik o‘zbek futbolchisining ham jamoadan ketishini kutmoqda.

Ayni paytda, 19 yoshli O‘runovga Rossiya premer-ligasi, Milliy futbol ligasi va xorij klublaridan takliflar bo‘layotgani aytilmoqda. “Spartak” bosh murabbiyi Domeniko Tedesko ham yosh futbolchi hali o‘sishga erishishi, unga katta klubdagi bosimga moslashish uchun vaqt kerakligini, o‘zi imkon berishga tayyor ekanini ta’kidlamoqda.

Oston garchi boshlang‘ich tarkibga kira olmayotgan bo‘lsa-da, deyarli har bir uchrashuvda bir necha daqiqa o‘ynash imkoniga ega bo‘layotgani Tedeskoning pozitsiyasi haqiqatga yaqin ekanini ko‘rsatmoqda.

Xulosa qilib aytganda, Ostonning faoliyati qanday va qaysi jamoada davom etishi mavhumligicha qolmoqda. Noaniqlik esa, O‘runov masalasini hammaning diqqat-e’tibor markazida ushlab turibdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘runovdan Yuranga javob yurishi! Oston nima qilmoqchi?