23:53 / 24.12.2020
2 713

Eldor Shomurodov haqida “Jenoa” muxlislari qanday fikr bildirishmoqda?

Eldor Shomurodov haqida “Jenoa” muxlislari qanday fikr bildirishmoqda?
Italiya A Seriyasi jamoalari 2020 yildagi o‘yinlarini yakunlab, yangi yilning 3 yanvarigacha qisqa muddatli ta’tilga chiqdi.
Albatta, o‘zbekistonlik futbol muxlislarining e’tibori “Jenoa”dagi o‘zgarishlarga qaratilgani sir emas. Oxirgi o‘ringa tushib qolgan jamoani qutqarish uchun to‘rtinchi marotaba chaqirtirilgan Davide Ballardini o‘z mahoratini ko‘rsata boshladi.

Tajribali murabbiy 14-tur uchrashuvini “Spetsiya” maydonida o‘tkazgan shogirdlarini g‘alabaga ilhomlantira oldi. Genuyaliklar 2:1 hisobida irodali g‘alabaga erishib, musobaqa jadvalida 18-o‘ringa ko‘tarilib oldi.

Bu uchrashuvda Eldorning zaxirada qoldirilishini genuyalik muxlislar turlicha qabul qildi. Aksariyati yangi murabbiy unga imkon berishi kerakligini ta’kidlagan bo‘lsa, ba’zilari Shomurodov uchun katta summa sarflanganini hali ham hazm qila olmayotganini bildirdi.

E’tiboringizga “Jenoa” muxlislari fikr-mulohazalarini havola etamiz.

Antonio Dalia:
Ballardinining kelgani zo‘r bo‘ldi. Birinchi urinishdayoq, g‘alabaga erishdi. Tarkibni to‘g‘ri tanladi. Shomurodov va Banini zaxiraga o‘tqazib qo‘ydi.

Vincenzo Mazzeo: (Antonio Dalia izohiga javoban)
Bani bo‘yicha fikringga qo‘shilaman, lekin Shomurodovning jamoaga hali ko‘p yordami tegishiga ishonaman. Eldor Ballardini uslubiga juda mos tushadigan hujumchi.

Dario Reginelli:
Umuman olganda, Ballardini jamoani qanday o‘zgartirgani menga ma’qul keldi. Yangi o‘yin sxemalari, yangi o‘yinchilar. Uning tanloviga qo‘shilmagan yagona fikrim – Shomurodovga ishonch bildirish kerak edi. Zaxiradan o‘yinga Skamakkani emas, Eldorni tushirsa bo‘lardi. Shomurodov yangi murabbiyga ham raqobatda kuchli ekanini ko‘rsatishiga ishonamiz.

Carlo Fedele:
Pandev va Destro juftligi yaxshi o‘ynadi. Ular Maran yoqtirgan Skamakka va Shomurodov tandemidan samarali ko‘rindi. Destro Eldor bilan ham yaxshi o‘ynardi.

Domenico Suma:
Qimmatbaho transferimiz o‘zini oqlamaydi shekilli. Ballardini Shomurodovni zaxiradan ham o‘yinga tushirmadi. O‘zbek hujumchisi “Jenoa”dan ketadigan ko‘rinadi.

Dino Caccia:
Jamoa yaxshi o‘ynadi. Afsuski, endi o‘zaro hamkorlikdagi o‘yini qovusha boshlagan Shomurodov va Pyatsa zaxirada qoldirildi. Ular yangi murabbiy bu uchrashuvga tanlagan sxemaga to‘g‘ri kelmadi shekilli. Lekin keyingi paytda har ikki futbolchining o‘yini ochilib borayotgan edi. Ballardini ularga imkoniyat berishiga umid qilamiz.

Avvalgi o‘yinlarda faolligi bilan ajralib turgan Eldor Shomurodovni o‘yinga tushirmagani Ballardini tomonidan kutilmagan qaror bo‘ldi. Bu mutaxassis yaxshi tanishib ulgurmagan o‘zbek legioneri o‘rniga o‘zining qadrdon shogirdi Goran Pandevni ilk daqiqalardan o‘ynatdi. Uning bu qarorini o‘zi uchun juda muhim bo‘lgan ilk o‘yindayoq tavakkal qilishni istamagani bilan izohlash mumkin.

Nima bo‘lgan taqdirda ham, yangi murabbiy sifatida Ballardini ham turli sxemalar, o‘yin uslublari, futbolchilar bog‘lamlarini sinab ko‘rishi tabiiy hol. U bu ishlarni o‘zi sinovdan o‘tkazgan avvalgi shogirdlaridan boshladi.

Hali oldinda o‘yinlar ko‘p. Albatta, Eldor Shomurodovga ham o‘zini ko‘rsatish uchun imkon beriladi. Endigina jamoani qabul qilib olgan murabbiy uchun o‘zga yurt futbolida voyaga yetgan hujumchining imkoniyatlarini bilib olish va unga ishonch bildirish uchun ikki kun va bir juft mashg‘ulot kamlik qilishini to‘g‘ri qabul qilish kerak.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Sport » Eldor Shomurodov haqida “Jenoa” muxlislari qanday fikr bildirishmoqda?