00:30 / 27.12.2020
3 347

“Jenoa” muxlislari Shomurodov haqida nima deyapti?

“Jenoa” muxlislari Shomurodov haqida nima deyapti?
Yangi yil oldidan ko‘plab milliy chempionatlar qatori Italiya A Seriyasi ham qisqa muddatli tanaffusga chiqdi. 2020 yilning so‘nggi uchrashuvidan oldin bosh murabbiyni almashtirgan “Jenoa” yangi yilni xush kayfiyat bilan kutib oladi. Chunki genuyaliklar so‘nggi bellashuvda asosiy raqobatchilaridan hisoblangan “Spetsiya” maydonidan g‘alaba bilan qaytganini yaxshi bilasiz.

Qisqa muddatli tanaffusdan foydalanib, futbol muxlislari jamoadagi o‘zgarishlar, transferlar va yangi kelgan futbolchilar o‘yini bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirish imkoniga ega bo‘lyapti. Xususan, “Jenoa”ning keyingi paytdagi eng qimmat transferlaridan hisoblangan Eldor Shomurodov bo‘yicha asosan ijobiy munosabatlar bildirilmoqda. Biroq, o‘zbek hujumchisining o‘yinidan qoniqmayotgan muxlislar ham tanqid toshini otishdan tortinayotgani yo‘q.

E’tiboringizga genuyalik muxlislarning Shomurodov haqidagi fikrlarini havola etamiz.

Roberto Mangione:
Franchesko Kassata va Eldor Shomurodov omadsiz transfer bo‘ldi. Birinchisi doimiy jarohatda, ikkinchisi ham bir shikastlandi va keyin darvozani ishg‘ol qila olayotgani yo‘q.

Marco Rossario:
Transferlarimiz o‘zini oqlashiga ishonaman. Menimcha, Shomurodov transferi istiqbolli xaridlarimizdan. Hozircha, jarohatdan keyin Eldorning o‘yini ochilganicha yo‘q va yangi chempionatga to‘liq moslashib ulgurmadi. Unga biroz vaqt berish kerak. E’tibor bering, “Atalanta” ham Rossiya chempionatidan o‘yinchi oldi. Aleksey Miranchukning narxi Eldornikidan ikki baravar qimmat. U “Atalanta” safida deyarli o‘ynamayapti. Shomurodov esa ancha foyda keltirmoqda.

Massimo Marchi:
Transferlarga baho berishga hali biroz erta. Yangi futbolchilardan birortasi kutilgan o‘yinni namoyish qilgani yo‘q. Ular orasida umuman yo‘qolib qolganlar ham, kelajak uchun umid uyg‘otayotganlar ham bor. Shaxsan men Eldor Shomurodov, Mattia Destro va Davide Dzappakostaga ishonaman.

Elisa Caviglia:
Seleksiya – dahshatli narsa. V Seriyaga tushib ketish hech gap emas. Tanilmagan o‘zbekistonlik hujumchi uchun katta summa to‘langanini tushinish qiyin.

Micael Tomassoni:
Menga Davide Ballardinining kelgani yoqdi. Birinchi o‘yindayoq g‘alaba qozondi. U kelgunicha jamoa hafsalamni pir qilayotgan edi.

Carmine Buonissimo:
Yangi futbolchilar hayratga solgani yo‘q. Eng kuchli o‘yinchi bo‘lishi kutilgan Davide Dzappakosta yarim yil davolandi. Franchesko Kassata hali o‘ynamadi. Eldor Shomurodov maydonga tushgan bo‘lsa ham foyda keltirmadi.

Giogio Stefano: (Carmine Buonissimo izohiga javoban)
Shomurodovni tanqid qilmang! U harakat qilyapti, jamoa uchun kurashyapti. Bunga qo‘shimcha tarzda, gol urib, samarali pas oshirganini ta’kidlash kerak. Bu hali boshlanishi.

Italiya A Seriyasi o‘yinlari 3 yanvar kuni yana start oladi. 15-tur uchrashuvida “Jenoa” o‘z maydonida “Latsio” futbolchilarini qabul qiladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Jenoa” muxlislari Shomurodov haqida nima deyapti?