09:49 / 08.01.2021
2 029

"Nasaf" bilan tarix yaratgan murabbiy - Anatoliy Demyanenko bilan katta intervyu

"Nasaf" bilan tarix yaratgan murabbiy - Anatoliy Demyanenko bilan katta intervyu
Chempionatimizda shu kungacha bir qator taniqli mutaxassislar ishlab ketishdi. Ulardan biri ukrainalik Anatoliy Demyanenko edi. Bu murabbiyni tanishtirishga hojat yo‘q. Ukrainalik ko‘zga ko‘ringan murabbiylardan biri va o‘z vaqtida yurtimizda qanday faoliyat olib borganini yaxshi bilamiz. Yoshi ulug‘ muxlislar esa bu murabbiyning Ukrainadagi faoliyati bilan ham yaxshi tanish.

Ayniqsa, Kiyevning “Dinamo”sidagi ishi bilan ham ancha tanilgan. 2010 yilgi mavsumning o‘rtalarida “Nasaf” bosh murabbiyi sifatida ish boshlagan va 2012 yilning yanva oyida klubni tark etgan. “Nasaf”ni boshqarish orqali 2011 yili OFK Kubogini yutgani hammamiz uchun unutilmas onlardan biri bo‘lgandi.

Anatoliy Vasilevich o‘zidan ajoyib taassurotlar qoldirgani uchun ham uni tez-tez eslatib turamiz. To‘g‘risi, u bilan aloqa o‘rnatib, “Nasaf”dagi xotiralari xususida suhbatlashish niyatida edik. Anchadan buyon Anatoliy Vasilevichni qidirayotgandik. Urinishlarimiz besamar ketmadi. Yangi yil arafasida Demyanenkoga o‘zimizni tanishtirdik, O‘zbekistonda hamon muxlislar uni shirin xotiralar bilan eslashi, shu bois suhbatlashish niyatimiz borligini bildirganimizda undan shunday javob keldi: - “Hozir men Misrdaman, Kiyevga 5 yanvarda yetib kelaman va o‘shanda siz bilan gaplashishim mumkin. Kirib kelgan yangi yil bayrami bilan sizni qizg‘in muborakbod etaman!!!

Natijada o‘sha muddat kelgach, yana bir bor Anatoliy Vasilevich bilan aloqaga chiqdik. To‘g‘risi, uni murabbiylik ishidan uzoqlashgan deb o‘ylagandik. Lekin, keyin bilsak u yanada jiddiyroq vazifada ishlayotgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqida murabbiy suhbat yakunida ma’lum qildi. Faqat shuni aytish kerakki, Demyanenko bilan o‘zimiz istagan barcha savollarga javob olish imkoni yetarlicha bo‘lgani yo‘q. Negaki, mutaxassis bilan bog‘langan paytimizda tanishining tug‘ilgan kuniga ketishga tayyorgarlik ko‘rayotganini, vaqti tig‘izligini aytdi. Shunda ham u savollarimizga qisqa va lo‘nda qilib javob qaytardi, shunisiga ham shukr deymiz.

- Anatoliy Vasilevich, bu yilgi yangi yilni Misrda qarshi oldingiz, yaxshi o‘tdimi? Doim yangi yil bayramini boshqa mamlakatlarda nishonlaysizmi?
- Bu yangi yilni oilam davrasida qarshi oldim. Biz Misrga dam olgani borgandik. Hammamiz o‘sha joyda ushbu bayramni birgalikda kutib oldik. Misrga birinchi bor yangi yilni kutib olish uchun borishimiz. Odatda yangi yil oilaviy bayram bo‘lib, biz uni uyda qarshi olishga ko‘nikib qolganmiz. Bunday mahalda stol atrofida oila-a’zolarimiz va yaqin do‘stlarimiz jam bo‘lishadi. Lekin bu safargi yangi yilni Misrda kutib olishimizga to‘g‘ri keldi.

- Sizni O‘zbekistonda hali ham yaxshi xotiralar bilar eslashadi. Murabbiylik faoliyatingizda yurtimizdagi ishingiz qanchalik ahamiyat kasb etadi?
- Buning uchun minnatdorman. O‘zbekistondan ketganimga ancha vaqt bo‘lganiga qaramay, muxlislar hamon meni eslashayotganidan xabar topish – yoqimli albatta. Ularga mening salomimni yetkazib qo‘ying. Ayniqsa, O‘zbekistondagi ishim sababli hamon meni eslab yurishgani uchun muxlislaringizdan minnatdor ekanligimni va ularga katta rahmat aytmoqchiligimni yetkazib qo‘ysangiz boshim ko‘kka yetardi.

- “Nasaf”dagi muvaffaqiyatli faoliyatingizni tez-tez eslab turasizmi? Bu haqda boshqalarga ham gapirib kelasizmi? Aslida hammasi qanday yuz bergan?
- “Nasaf”da juda do‘stona jamoa shakllangandi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, qiziqarli va xotirlashga arziydigan voqealar ko‘p bo‘lgan. Qaysi birini esga olib gapirib berishni ham bilmayman.

- OFK Kubogini yutganingizga 10 yil bo‘ldi. Yilning har 29 oktabrida o‘sha final yodingizga tushadimi?
- Ha, murabbiylik faoliyatimda OFK Kubogi men uchun juda muhim ahamiyat kasb etadigan sovrindir. Adashmadingiz, yilning har 29 oktabrda “Nasaf” bilan mazkur turnirda g‘alaba qozonganimizni eslab turaman.

- “Nasaf”ni qanchalik kuzatyapsiz? Sizdan keyin Ro‘ziqul Berdiyev bosh murabbiy bo‘lib ishlab kelyapti va 4 marta O‘zbekistonning eng yaxshi murabbiyi bo‘ldi. Bundan xabardormisiz?
- Ha, “Nasaf”ni kuzatib kelyapman. Binobarin, Ro‘ziqul Berdiyev qanday ish olib borayotganidan xabardorman. Uning O‘zbekistonda to‘rt bor eng yaxshi murabbiy deb e’tirof qilingani juda yoqimli. Uning o‘z vaqtida “Nasaf”da men bilan biroz vaqt bo‘lsa-da, birga ishlagani uchun erishgan yutuqlaridan ikki hissa quvonaman, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Ro‘ziqul Berdiyevga bundan keyingi murabbiylik faoliyatida ham shu ruhda davom etishini tilab qolaman.

- Yaqinda Ro‘ziqul Berdiyevdan siz haqingizda so‘ragandim, gaplashib turibsizlarmi deb. Ammo anchadan beri aloqa yo‘qligini aytdi. Oxirgi marta kim bilan gaplashdingiz?
- Ro‘ziqul Berdiyev rost gapiribdi, anchadan beri o‘zaro gaplashganimiz yo‘q.

- O‘zbek futboliga qiziqishingiz qanchalik darajada? O‘zingiz xohlab kuzatasizmi yoki to‘satdan duch kelganda ko‘rishingiz mumkinmi?
- Vaqti-vaqti bilan kuzatib borishimni, aytishim joiz.

- Faoliyatingiz davomida SSK VSU, SSKA Borisfen, “Dinamo” Kiyev, “Neftchi” Baku, “Nasaf”, “Volin” va “Nitra” klublarini boshqardingiz. Ularning orasida “Nasaf”dagi murabbiylik ishingiz siz uchun nimasi bilan boshqalardan farq qiladi?
- Bir so‘z bilan aytganda, “Nasaf”da men bilan birga yelkama-yelka ishlagan barcha murabbiylar va xodimlarni esga olib turaman. Ular bilan bir jamoada ishlaganimdan xursandman.

- Yurtimizdan ketganingizdan keyin sizda yana O‘zbekistonga qaytib ishlash imkoniyati bo‘ldimi?
- O‘zbekistonda olib borgan ishim o‘ziga yarasha bo‘lgan. Birinchi navbatda yurtingizda murabbiylik qilish men uchun juda qiziqarli bo‘lganini aytmog‘im darkor. Menga bu ishda klub prezidenti Sultonov Alisher Saidabbosovich katta yordam bergan. Unga katta rahmat. O‘zbekistonga qaytib kelishim mumkinmi? Hozircha bir narsa deyish qiyin. Chunki ertaga nima bo‘lishini hech kim oldindan aytib bera olmaydi.

- Adashmasam, “Nasaf” sizning boshqaruvingizda O‘zbekiston Kubogi finaliga chiqqan va “Paxtakor”ga yutqazgan. O‘shanda nima bo‘lgandi? Tashqaridan o‘yinni raqibga yutqazib berish aytilganmi?
- Klubning O‘zbekiston Kubogi finaliga yetib kelishida o‘yinchilarning hissasi katta bo‘lgan. Buning uchun ulardan juda minnatdor bo‘lgandim. Ammo o‘yinni topshirish haqidagi gap-so‘zlar asossiz. Yigitlar o‘zlariga yuklatilgan vazifani oxirigacha bajarishga harakat qilishgan. O‘zbekistonni oilaviy sharoitim tufayli tark etishimga to‘g‘ri kelgan.

- Ukrainada o‘zbek futboli haqidagi munosabat qanday?
- Ukrainada o‘zbek futboli haqida juda kam gapirishadi. Bizdagi muxlislarni birinchi navbatda Yevropadagi milliy chempionatlar ko‘proq qiziqtiradi.

- “Nasaf”ni boshqargan paytingizdagi tarkibdan kimlarni yaxshi eslab qolgansiz?
- Yaxshi insonlar bilan “Nasaf”ni birgalikda boshqarganimni o‘zgacha maroq bilan eslab turaman. Ular juda samimiy kishilar edi.

- Anatoliy Vasilevich, bilasiz O‘zbekiston terma jamoasi jahon chempionati uchun doim oxirigacha kurashadi, ammo yakunda chiqa olmaydi. Bu yo‘lda qanday maslahat berasiz va bizga yetishmayotgan narsa nima?
- Buning uchun hamma bir oyoqadan bosh chiqarib maqsadga erishish yo‘lida ishlashi kerak. Mana shundagina bir kunmas-bir kun orzu albatta ro‘yobga chiqadi.

- Adashmasam, oxirgi yillarda murabbiylikdan ancha chetga chiqdingiz. Yoki charchadingizmi?
- Hozirda men Ukraina futbol federatsiyasida birinchi vitse-prezident lavozimida mehnat qilyapman.

- Ukraina terma jamoasini boshqarib kelayotgan Andrey Shevchenko haqida nima deya olasiz?
- U olib borayotgan ishdan nafaqat men, balki boshqalar ham mamnun. Shevchenko milliy terma jamoamizning o‘yinini yo‘lga qo‘ya oldi.

- Vaqt ajratganingiz uchun rahmat. Keyingi ishlaringizda omad tilaymiz.
- Rahmat.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Nasaf" bilan tarix yaratgan murabbiy - Anatoliy Demyanenko bilan katta intervyu