“Jenoa”da o‘zini ko‘rsata boshlagan Eldor Shomurodovga Italiyaning eng qudratli klubi “Yuventus” qiziqa boshlagani haqidagi xabar Italiya, Rossiya, O‘zbekiston va boshqa mamlakatlar ommaviy axborot vositalarida katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi.
Darhaqiqat, o‘zbekistonlik hujumchi “Rostov”dan A Seriya jamoasiga borib qo‘shilganidan keyin katta qiyinchiliklarni yengib o‘tishiga to‘g‘ri keldi. Hamyurtimizga yozgi transferlar mavsumida Italiyaning “Jenoa”, “Fiorentina”, “Verona” singari taniqli jamoalari og‘iz solgan bo‘lsa-da, rostovliklar moliyaviy jihatdan eng yaxshi taklifni bergan Genuya shahri jamoasi shartnomasini qabul qildi.
Eldorning transferi turli bonuslar bilan Italiyaning eng qadimgi jamoasiga qariyb 9 million yevroga tushganidan xabaringiz bor.
Shomurodov Genuyaga yo‘l olgan kunlari “Jenoa” klubida konoravirus epidemiyasi tarqaldi. Natijada hamyurtimiz yangi jamoadoshlari bilan ko‘rishmay turib, O‘zbekistonga qaytdi va bosh jamoamiz yig‘inida ishtirok etdi.
“Jenoa” uchun dastlabki ikki uchrashuvda o‘zini ko‘rsata olmagan Eldor keyinchalik mashg‘ulotda jarohat oldi. Buning oqibatida hujumchining yangi chempionat va italyan futboliga moslashishi cho‘zildi. Bu vaziyatda Eldorni tanqid qilganlar ham ko‘paydi. Shomurodov Italiya futboliga mos emasligini va tez orada ortga qaytishini ta’kidlaganlar ham bo‘ldi.
Biroq, Shomurodov o‘sha paytdagi bosh murabbiy Rolando Maranga nimalarga qodirligini isbotlay boshladi. Muvaffaqiyatli o‘yinlaridan so‘ng, asosiy tarkibdan Goran Pandev va keyinroq Janluka Skamakkani siqib chiqardi.
“Jenoa” rahbariyati bosh murabbiylikka Davide Ballardinini tayinlaganidan keyin Shomurodov asosiy tarkibdan chiqarib tashlandi. Yangi murabbiy eski tanishlarini o‘ynatishni ma’qul ko‘rdi. Shomurodov esa,bir necha daqiqaga maydonga tushirilgan paytda o‘ziga berilgan kichik imkoniyatdan unumli foydalanib, yana boshlang‘ich tarkib uchun eng munosib hujumchi ekanini isbotladi. O‘zi ishtirok etgan so‘nggi uchta uchrashuvdagi gollarga bevosita hissa qo‘shgan Shomurodov hozir Ballardinining ishongan hujumchisiga aylangan.
Albatta, bu muvaffaqiyatlar natijasida Shomurodovga grand klublar, xususan, “Yuventus” qiziqa boshlagani haqida xabarlar tarqatildi. Hozir ham bu mavzu tingani yo‘q. Buning ta’sirida Turin superklubi ham vaziyatga oydinlik kiritishga qaror qildi. Bu mas’uliyatni “Yuventus” sport direktori Fabio Paratichi o‘z zimmasiga oldi.
- Eldor Shomurodov va Janluka Skamakka masalasiga aniqlik kiritish uchun shuni aytishim kerakki, ayni paytda jamoamiz raqobatbardosh hisoblanadi. Agar biz transfer bozorida biz uchun ijobiy imkoniyatlar yuzaga kelganini ko‘rsak, o‘shanda bir qarorga kelamiz. Hozircha, bu borada shoshilishga hojat yo‘q, - dedi Fabio Paratichi.
Eslatib o‘tamiz, 25 yoshli Eldor Shomurodov 2020 yilning oktabr oyida “Rostov”dan “Jenoa”ga o‘tganidan beri A Seriyada jami 11 ta uchrashuv o‘tkazib, raqiblar darvozasinini ikki marotaba aniq nishonga oldi va bir marta golli pas uzatdi. Shuningdek, o‘zbekistonlik hujumchi Italiya kubogi bellashuvida ham bitta golli pasni amalga oshirgan.
Shomurodov “Jenoa” bilan to‘rt yillik shartnomaga ega. “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas