2 295
Rustam Ashurmatov: "Kvanju"ni tark etish sababi, hozirgi maoshi, yangi murabbiy bilan ilk suhbat"
O‘zbekiston terma jamoasi himoyachisi Rustam Ashurmatov kuni-kecha "Kanvon" klubi bilan 2 yillik shartnoma tuzdi.
Futbolchi championat.asia saytiga eksklyuziv intervyu berdi.
- Nima uchun "Kvanju"da qolmadingiz?
- "Kvanju"da qolmaganimga yetarli sabablar keltirishim mumkin. Misol uchun, bosh murabbiy o‘zgardi. Juda ko‘p o‘yinchilar jamoani tark etishdi. Shu bilan birga klub oldidagi maqsadlar hozircha yuqori emas. Barcha sabablarni hisobga olgan holda boshqa klubga o‘tishga qaror qildim.
- Ushbu klubda o‘tgan ikki yildan qanday xotiralar qoldi?
- "Kvanju"dan juda ham ko‘p yaxshi xotiralar qoldi. Sababi ikki yil ichida jamoa oldin umuman erishmagan yutuqlarga erishdi. O‘zim ham katta tajriba to‘pladim deb o‘ylayman. Jamoadoshlarim bilan aloqani saqlab qoldim, bu klubda o‘sishga erishdim deb bemalol ayta olaman.
- "Kanvon" klubiga o‘tish qanday sodir bo‘ldi?
- Barchasi oddiy bo‘ldi: Bu klubdagilar mening o‘yinlarimni kuzatishgan shekilli, o‘zlari aloqaga chiqishdi va shartnoma taklif qilishdi. Taklifni o‘ylab ko‘rib rozilik berdim.
- "Kvanju" bosh murabbiyi "Seul"ga ko‘chib o‘tdi. Ko‘pchilik sizni "Seul"ga o‘tasiz deb kutgandi...
- To‘g‘ri, balki "Seul"ga ham o‘tishim mumkin edi, lekin bosh murabbiyning o‘zi ham bu klubda yangi bo‘lgani uchun qiyinroq edi. "Kanvon"dan taklif bo‘layotganini aytganimda murabbiy menga ishonib qolib vaqt yo‘qotmasligim va taklifga rozi bo‘lishimni aytdi.
- "Kanvon"da oldingi klubingizdan ko‘proq maosh olasizmi yoki kam?
- "Kvanju"ga kelganimda legioner sifatida juda ham kam maoshga rozi bo‘lib kelganman. Ollohga shukur o‘yinlarim "Kanvon" klubiga yoqqan shekilli oldingi klubimdan ko‘proq maosh taklif qilishdi. Lekin bu klubga faqat pul uchun emas futbolchi sifatida yanada o‘sish uchun keldim. Oldimda arab klublaridan va boshqa jamoalardan takliflar bor edi, lekin saviya jihatidan pastroq edi.
- "Kanvon" K1 Ligada eng yuqorisi 6-o‘rinni olgan ekan. 2021 yilda klubning maqsadi qanday?
- To‘g‘ri aytdingiz bu klub o‘rtamiyona edi. Lekin 2021 yilda jamoa oldiga katta maqsadlar qo‘yilgan, "Kanvon"ni tanlashimga aynan shu omil ham katta rol o‘ynadi. Oldin bu jamoada legionerlar juda kam bo‘lardi. Hozir men bilan birga 3 nafar legioner bor, yana bir legioner yaqin vaqt ichida jamoaga qo‘shiladi. Bu yil "Kanvon" yuqori o‘rinlar uchun kurashmoqchi.
- Klub sizdan tashqari juda ko‘p yangi futbolchilarni xarid qildi. Jamoa yangidan qurilyaptimi?
- Ha, yuqorida aytganimdek jamoada maqsadlar o‘zgargan. Legionerlar tashqari ko‘plab yaxshi saviyadagi mahalliy futbolchilar bilan shartnoma tuzildi.
- Bosh murabbiy bilan ilk suhbatingiz nimalar haqida kechdi?
- Birinchi navbatda murabbiy hozirgi holatim haqida qiziqdi. So‘nggi bor qachon rasmiy o‘yinda maydonga tushganim va mashg‘ulot o‘tkazganimni so‘radi. U jamoaga tezda kirishib ketishimga ishonishini ma’lum qildi.
- Janubiy Koreyaning janubiy qismidan shimoliy qismiga ko‘chib o‘tdingiz. Farq sezilmayaptimi?
- Deyarli hech qanday farq sezilgani yo‘q, faqat shaharlar boshqa-boshqa xolos. "Kanvon" kurort shahar hisoblanadi, atrofi tog‘ va dengiz bilan o‘ralgan.
- Klub uy olib berdimi yoki mehmonxonada yashayapsizmi?
- Ha, klub uy bergan, lekin ayni paytda mavsumoldi yig‘inda qatnashayotganimiz bois barchamiz bitta mehmonxonada yashayapmiz.
- Oilangizni Koreyaga olib borish uchun sharoit bormi?
- Albatta sharoit bor, lekin hozirgi kunda Janubiy Koreya hukumati xorijiy fuqarolar uchun viza berishni to‘xtatgan. Bu taqiq olib tashlanishi bilan oilamni olib kelish niyatim bor.
- Klub yangi mavsumga qayerda tayyorgarlik ko‘rmoqda?
- Yangi mavsumga Pusan shahrida yig‘in o‘tkazayapmiz. Sababi dunyoda hukm surayotgan pandemik vaziyat tufayli Janubiy Koreyaga boshqa davlatdan kelgan har qanday fuqaro ikki haftalik karantinda bo‘lishi shart.
Narzulla suhbatlashdi
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas