08:13 / 22.01.2021
2 406

Legionerlarimiz jamoasini Yevropa Chempionlar ligasiga olib chiqishga qodirmi?

Legionerlarimiz jamoasini Yevropa Chempionlar ligasiga olib chiqishga qodirmi?
O‘tgan yilgi mavsumda Belarus chempionatida Jasur Yaxshiboyev, Shahboz Umarov va Humoyunmirzo Iminov to‘p tepgani bois, bu mamlakatning oliy ligasi bizga qadrdon bo‘lib qoldi. “Energetik-BGU” va “Shaxtyor” jamoalari sharafini himoya qilgan futbolchilarimizning har biri o‘zbek futboli maktabi tarbiyalanuvchilarining salohiyati yuqori ekanini namoyish qildi.

Ayniqsa, Jasur Yaxshiboyev “Shaxtyor”ning 15 yillik tanaffusdan so‘ng, tarixda ikkinchi bor chempion bo‘lishiga munosib hissa qo‘shdi. Belarus chempionatida o‘zini har tomonlama ko‘rsata olgan hamyurtimiz yangi mavsumda Yevropa Chempionlar ligasida ishtirok etishni kutmasdan, kuchliroq ligalardan jamoa izlashga qaror qildi.

“Energetik-BGU” tarkibida o‘tgan mavsumning barcha – 30 ta uchrashuvida maydonga tushgan Shahboz Umarov ishonchli o‘yinlari bilan Belarusning eng qudratli klubi – BATE e’tiboriga tushdi. Borisovliklar “Energetik-BGU”ga qarshi o‘yinda o‘zbek futbolchisining qariyb 40 metrdan urgan golidan keyin, uni o‘z safiga qo‘shib olishga qaror qildi. Garchi Umarov BATE bilan yozda shartnoma imzolagan bo‘lsa-da, kelishuvga ko‘ra, borisovliklar jamoasiga mavsumdan keyin qo‘shildi.

“Energetik-BGU”ga ijara berilgan “Paxtakor”ning yosh yarim himoyachisi Humoyunmirzo Iminov ham muxlislar oldida uyalib qolgani yo‘q. U Belarus oliy ligasida sakkizta uchrashuvda qatnashdi.

Yangi mavsumda ham Belarus chempionatini kuzatishda davom etamiz. Chunki ushbu mamlakat chempionligi uchun kurashadigan jamoalar tarkibida o‘zbek futbolchilari o‘ynaydi. Amaldagi chempion “Shaxtyor” Jasur Yaxshiboyev ketganidan keyin jamoaga Bekobodning “Metallurg” klubi hujumchisi Shahzod Ubaydullayevni taklif qildi. 22 yoshli futbolchimiz bu yilgi mavsumda legioner sifatida o‘tkazadigan bo‘ldi.

Soligorskliklar Yevropa Chempionlar ligasi muvaffaqiyatli qatnashish va chempionlik unvonini munosib himoya qilish uchun puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida Birlashgan Arab Amirliklarida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tamoqda. Hamyurtimiz ham hozir BAAdagi mashg‘ulotlarda jamoa bilan birga.

Ubaydullayev jamoasi dastlabki o‘rtoqlik uchrashuvini 21 yanvar kuni "Dinamo" (Kiyev) jamoasiga qarshi o‘tkazadi.

BATE mavsumga Belarusning o‘zida tayyorlanyapti. Borisovliklar kuni kecha “Nyoman” jamoasiga qarshi o‘tkazilgan ilk nazorat o‘yinida 1:4 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. Kutilmagan natijada hayron bo‘lgan jurnalistlar jamoaning yangi bosh murabbiyi Vitaliy Jukovskiydan Shahboz Umarovni o‘ynatmagani haqida so‘radi.

- Nazorat uchrashuvida Shahboz Umarov ko‘rinmadi. Bu uning asosiy tarkibdan joy kafolatlanganini anglatadimi?
- Yo‘q, vaziyat umuman boshqacha. Shahboz legioner. Bu uchrashuvda oldimizga qo‘yilgan maqsad boshqa edi va uning maydonga tushirishda hech qanday mantiq bo‘lmasdi. Hali Umarov bilan yaxshiroq tanishib olish imkoniyati ko‘p bo‘ladi. Hammasining o‘z mavridi bor. Hozir, oldindan shoshilinch xulosa qilmagan ma’qul, - dedi Vitaliy Jukovskiy.

O‘tgan mavsumni ikkinchi o‘rinda yakunlagan BATE o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarining keyingisini Turkiyada o‘tkazadi. Shahboz Umarov ham yangi jamoasi bilan ushbu yig‘inda ishtirok etadi. Borisovliklar Turkiyaga 27 yanvar kuni jo‘nab ketadi va bir oy mobaynida o‘sha yerda tayyorgarlik ko‘radi.

Mart oyida boshlanadigan Belarus chempionati oliy ligasida chempionlik uchun kurash asosan “Shaxtyor” va BATE o‘rtasida kechishi kutilmoqda. Biz esa, Shahboz Umarov va Shahzod Ubaydullayev o‘rtasidagi raqobatni kuzatamiz.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Legionerlarimiz jamoasini Yevropa Chempionlar ligasiga olib chiqishga qodirmi?