13:27 / 18.02.2021
2 757

Oston O‘runovga doir mojaro xalqaro darajada ko‘riladi

Oston O‘runovga doir mojaro xalqaro darajada ko‘riladi
Taniqli rossiyalik murabbiy Sergey Yuranning ommaviy axborot vositalarida “Spartak” legioneri Oston O‘runovning yoshi 4-5 yilga kichraytirilgani haqida aytgan gaplari ortidan kelib chiqqan mojaro hali tinchimaydigan ko‘rinadi.

“SKA-Xabarovsk” jamoasi bosh murabbiyi Yuran tomonidan O‘runovga qo‘yilgan ayblov Rossiya va O‘zbekiston futbol jamoatchiligi, O‘runov o‘ynagan klublar rahbariyati, muxlislar, mutaxassislar va jurnalistlarning mutaxassisga nisbatan keskin qarshiligiga sabab bo‘ldi.

Yuran o‘z pozitsiyasini faktlar bilan isbotlab bera olmadi va o‘zini oqlash uchun quloqqa chalingan umumiy gaplarni keltirdi xolos.

Katta shov-shuvga sabab bo‘lgan bu ish Rossiya futbol ittifoqi Etika qo‘mitasi tomonidan ko‘rib chiqilib, murabbiyga nisbatan 250 ming rubl miqdorida jarima to‘lash jazosi qo‘llanildi. Biroq, aybini tan olmagan Yuran bu qaror ustidan Rossiya futbol ittifoqining Apellyatsiya qo‘mitasiga murojaat etdi.

Kuni kecha, Apellyatsiya qo‘mitasi bu ish yuzasidan o‘z qarorini e’lon qildi.

Unga ko‘ra, “SKA-Xabarovsk” bosh murabbiy Sergey Yuranning Etika qo‘mitasi tomonidan chiqarilgan qaror bo‘yicha shikoyati qisman qanoatlantirildi. Ya’ni, murabbiy to‘lashi kerak bo‘lgan jarima miqdori 250 ming rubldan 150 ming rublga kamaytirildi.

Ta’kidlash joizki, Rossiya futbol ittifoqi Apellyatsiya qo‘mitasining qarori ham Yuranni qoniqtirgani yo‘q. Murabbiy bu masalani xalqaro darajaga olib chiqmoqchi. U ishni Shveysariyaning Lozanna shahrida joylashgan Sport arbitraj sudida ko‘rib chiqilishiga erishmoqchi.

- Haligacha meni nima uchun jarimaga tortishganini tushuna olmayapman. Menimcha, gaplarim hech narsaga ta’sir ko‘rsatgani yo‘q, muhimi futbolchining o‘zi ham, “Spartak” klubi ham ustimdan shikoyat qilmagan. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasidan kelgan xatni yuristim bilan ko‘rganimiz ham yo‘q. Agar ular shunday qarorga kelgan bo‘lsa, men nima ham qila olardim.

Apellyatsiya qo‘mitasining qarori endi chiqdi. Sport arbitraj sudiga murojaat qilamanmi yoki yo‘q, buni ko‘ramiz. Meni to‘liq oqlashlarini kutgandim. Yuristimiz bilan birga Etika qo‘mitasining qarorlarida aniqlikni ko‘rganimiz yo‘q, hammasi umumiy gaplar. Yurist bilan buni yana ko‘rib chiqamiz. Etika qo‘mitasi qarori ustidan yana shikoyat yo‘llashimiz mumkinligini inkor qilmayman. Chunki men uchun 150 ming rubl ham katta pul
, - dedi Sergey Yuran.

Ayni paytda har ikki tomonning futboldagi ishlari o‘zlari istagan darajada ketmayapti. O‘z vaqtida “Ufa” yetakchisi bo‘lgan Oston O‘runov “Spartak”ga o‘tganidan beri asosiy tarkibga kirish uchun kurashmoqda. Hozircha, hamyurtimiz buni uddalay olgani yo‘q. Premer-ligada asosan so‘nggi daqiqalarda maydonga tushmoqda. Qishki transferlar vaqtida O‘runov boshqa jamoaga o‘tishi kutilgandi. Negadir moskvaliklar “Rubin” va “Ufa”ning transfer yoki ijara to‘g‘risidagi so‘rovlarini qabul qilmadi va Ostonni “Spartak” tarkibida olib qoldi. Hamon O‘runovning “Spartak”dagi taqdiri mavhumligicha qolmoqda.

Sergey Yuran boshchiligidagi “SKA-Xabarovsk” klubi Milliy futbol ligasida yuqori o‘rinlar uchun kurashishi kutilgan edi. Lekin o‘tkazilgan 26 ta uchrashuvda 40 ochko jamg‘argan xabarovsklik futbolchilar musobaqa jadvalida yettinchi o‘rinda bormoqda. Ushbu jamoa musobaqada peshqadamlik qilayotgan “Nijniy Novgorod” klubidan 18 ochkoga ortda qolib ketdi.

Milliy futbol ligasi 27 fevraldan davom ettiriladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Oston O‘runovga doir mojaro xalqaro darajada ko‘riladi