21:55 / 03.03.2021
2 002

Eldor muvaffaqiyatli harakat qila oladigan hujumchi

Eldor muvaffaqiyatli harakat qila oladigan hujumchi
Bugun "Jenoa" A Seriya 25-turidan o‘rin olgan bahsda "Sampdoriya" bilan kuch sinashadi. Bellashuv Toshkent vaqti bilan tunda 00:45da start boshlanadi. Bu ikki jamoa Genuya shahrining vakili va bitta stadionda uy o‘yinlarini o‘tkazadi. 36 mingdan oshiqroq muxlisni sig‘dira oladigan "Luiji Ferraris" arenasi Genuya derbisini qabul qiladi.

Eldor Shomurodov jamoasi 26 ochko bilan 13-o‘rinda bormoqda. Klaudio Raneri boshqaruvidagi "Sampdoriya" 30 ochko jamg‘argan holda 10-pog‘onani band etgan. Davide Ballardini shogirdlari g‘alaba qozonishsa, bugungi raqibi bilan oradagi farqni ancha qisqartiradi. Agar aksi bo‘lsa tafovut yanada kattalashadi. "Jenoa"ni durang ham qoniqtirishi qiyin. Chunki Shomurodov jamoasi ortidan bir yo‘la 3 ta klub ("Fiorentina", "Spetsiya" va "Benevento") taqib qilmoqda. Ular hisobida 25 ochko mavjud.

Ballardini kelgach "Jenoa" xavfli hududni tark etdi. Jamoa mag‘lubiyatsiz seriya qayd eta boshlagandi. Biroq o‘tgan turda genuyaliklar "Inter"ga imkoniyatni boy bergach duranglar va g‘alabali o‘yinlar to‘xtadi. Endi "Jenoa" qaytadan boshlashi kerak.

Shomurodov ushbu mutaxassis qo‘l ostida asosiy tarkibga munosib ekanligini isbotladi. Murabbiy hamyurtimizga ishonch bildirishda davom etmoqda. Ballardini hujumchimizga shu qadar ishonmoqdaki, katta o‘yinlarda undan yashirin qurol sifatida foydalanmoqda. Ya’ni Eldor asosiy tarkibga kiritilmaydi va ikkinchi bo‘limda raqib charchashini inobatga olib, maydonga tushuriladi. Shomurodovning tezkorligi va bir nechta futbolchidan o‘tib ketishiga ko‘zi yetgan murabbiy uni "ushlab turadi". Bu uslub "Inter"ga qarshi bellashuvda ham qo‘llanildi. Biroq Shomurodovning o‘yinga kirishib ketishi qiyin kechdi. Hamma uchrashuvlarda ham bundan naf chiqavermaydi.

Qolgan turlar genuyaliklar uchun juda muhim. Mag‘lubiyat yoki yo‘qotilgan ochkolar ularni yana avvalgidek turnir jadvalining quyi qismiga yaqinlashtiradi. Buni xohlamagan murabbiy hamyurtimizni asosiy tarkibda maydonga tushirishi darkor. Chunki Eldor vaziyatlar yaratishni qoyillatadi, shu bilan birga samarali harakatlarni amalga oshiradi. Hamyurtimiz jamoa to‘purari Destro bilan yaxshi tandem hosil qiladi. Shomurodovning paslaridan so‘ng italiyalik hujumchi muvaffaqiyat qozonayotgani bor gap.

Shuning uchun bugun Ballardini oldingi chiziqda Eldor Shomurodov va Mattia Destro juftligidan foydalansa, bu "Jenoa" uchun yaxshi bo‘lish ehtimoli yuqori. Mamlakatning nufuzli nashrlaridan biri LaGazzettadelloSport ham aynan bu ikki hujumchi bugun asosiy tarkibda maydonga tushishini taxmin qilgan.

Aytgancha, ushbu jamoalar birinchi davrada 1:1 hisobidagi durang qayd etgandi.

Bekzod Isayev


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Sport » Eldor muvaffaqiyatli harakat qila oladigan hujumchi