23:55 / 07.03.2021
2 541

Eldor Shomurodovga Italiya chempionatida yetishmayotgan jihat

Eldor Shomurodovga Italiya chempionatida yetishmayotgan jihat
"Jenoa" safarda "Roma" bilan kuch sinashdi. Bellashuvda rimliklar 1:0 hisobida zafar quchishdi. Eldor Shomurodov ikkinchi taymda zaxiradan maydonga tushdi.

Genuyaliklar ustozi Davide Ballardini jamoaga kelgach avvaliga hamyurtimizga ishonch bildirib, asosiy tarkibdan joy berdi. U ham imkoniyatdan foydalandi. Keyin Davide Ballardini katta o‘yinlarda Shomurodovdan yashirin qurol sifatida foydalanishga o‘tdi. Raqib biroz charchaganda ikkinchi bo‘limda maydonga tushirayotgandi. Chunki hujumchimiz ancha tezkor va qarshisidagi o‘yinchilardan qochib ketishni qoyillatardi hamda sheriklarini qulay vaziyatga olib chiqardi. Eldor hujum chizig‘ida Mattia Destro bilan yaxshi juftlik hosil qilayotgandi. Biroq...

Biroq Shomurodov oxirgi uchrashuvlarda o‘zini ko‘rsata olmayotgani bois zaxiradan o‘yinga qo‘shiladigan bo‘lib qoldi. Uning harakatlari avvalgilariga o‘xshamayapti, bizning nazarimizda (siz boshqacha fikrda bo‘lishingiz ham mumkin). Balki shu bois murabbiy uni asosiy tarkibga qo‘ymayotgandir yoki Ballardini tarkibda rotatsiyalarni amalga oshirgani natijalar yomonlashishiga olib keldi. Yurgen Klopp ham "Liverpul"ning hujumida bir yaxshi o‘ynab turgan uchlikni o‘zgartirdi, natijalar salbiy ko‘rinishga keldi...

Umuman olganda, O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumchisiga A Seriyada barqarorlik yetishmayapti. Eldorda tezlik va yaxshigina texnika bor. Futbolchilarni qanday aldab o‘tishni biladi. Ammo muhim bahslarda u o‘yinga qo‘shilib keta olmayapti, bunday uchrashuvlarda toblanmagani pand bermoqda. Buni "Jenoa"ning kuchli jamoalarga qarshi o‘yinlaridan bilib olsak bo‘ladi.

Misol uchun birinchi davradagi "Inter" va "Yuventus" bilan bellashuvlarda zaxiradan tushirildi, "Atalanta", "Latsio", "Milan" kabi grandlarga qarshi to‘qnashuvlarni to‘liq o‘tkazmadi yoki zaxiradan o‘yinga qo‘shildi.

Albatta, Shomurodovning salohiyatiga hech qanday shubha yo‘q. Biroq "Yuventus"dek jamoa qiziqqan hujumchi kamida o‘z klubida to‘purar bo‘lishi kerak. Uning hisobida A Seriyadagi gollar soni 3 tani tashkil qilmoqda. U gol urgan jamoalar "Parma", "Sassuola" hamda "Verona".

To‘g‘ri, Shomurodov har doim gol urmasa-da, ayrim bahslarda assistentlik qilmoqda. Bu jihatini e’tirof etish darkor. Ammo biz Shomurodovdan ko‘prog‘ini kutishga o‘rganib qoldik.

Yevropada barqarorlik juda muhim. Asosiy tarkibga kirishda ham, katta jamoalarga o‘tishda ham. Bu Eldorning qo‘lidan keladi. Mehnatkash, o‘z ustida ishlashdan to‘xtamaydigan va eng asosiysi yulduzlik kasaliga chalinmaydigan futbolchi! Biz uning yana avvalgi gollik seriyasiga qaytishida omad va zafarlar tilab qolamiz.

Bekzod Isayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Eldor Shomurodovga Italiya chempionatida yetishmayotgan jihat