22:38 / 27.03.2021
2 498

Shohjahon Ergashev nima uchun ikki to‘qnashuvdan bosh tortdi?

Shohjahon Ergashev nima uchun ikki to‘qnashuvdan bosh tortdi?
Qozog‘istonning Vesti.kz nashri o‘zbekistonlik supernokautchi Shohjahon Ergashev (19-0, 17 KO) qozog‘istonlik yengilmas bokschi Botir Jukembayev (18-0, 14 KO) bilan jang qilishdan bosh tortganini ma’lum qildi.

Boks olamining nufuzli manbalari – Boxingscene.com va Boxing News insayderi Shon Nam tarqatayotgan ma’lumotga qaraganda, Shohjahonga bu jang uchun 25 ming dollar gonorar taklif qilingan, biroq hamyurtimiz bu to‘qnashuvga rozilik bermagan.

- Bir qator manbalar menga Shohjahon Ergashevning faoliyati bilan MTK Global shug‘ullanayotganini ma’lum qilishmoqda. Sud hujjatlari bokschining promouteri Dmitriy Salita shartnoma shartlarini buzib, o‘tgan yili Rossiyada jang tashkil qilgani uchun Shohjahonga qarshi sudga ikkita da’vo arizasini kiritganidan dalolat bermoqda.

Shuningdek, ma’lum bo‘lishicha, Shohjahon Ergashev Showtime doirasida gonorari ellik ming AQSH dollari bo‘lgan Geri Antuan Rassel va Ring City professional boks kechasida 25 ming AQSH dollari qo‘yilgan Botir Jukembayevga qarshi o‘tkaziladigan janglardan bosh tortgan. Da’vo arizasiga ko‘ra, Ergashev IBF reytingidagi mavqeidan mosuvo bo‘lishi mumkin, - deb yozadi insayder Shon Nam.

Ma’lumotlarga qaraganda, Botir Jukembayev ham Shohjahon bilan jangdan umidini uzgan. Qozog‘istonlik bokschi ham MTK Global menejerlik kompaniyasi bilan shartnoma imzolagan. Botir yozda puertorikolik charm qo‘lqop ustasi Gabriel Matias bilan jang uchun kelishuvga erishdi. Uning bo‘lajak raqibi 16 ta to‘qnashuvda raqiblarini nokaut bilan yenggan va bir bor mag‘lubiyatga uchragan.

Eslatib o‘tamiz, Shohjahon Ergashev o‘tgan yilning noyabr oyida Rossiyaning Krasnogorsk shahrida tashkil etilgan professional boks kechasida belaruslik Dmitriy Milyusha (9-4-1,4 KO) bilan kuch sinashib, raqibini ikkinchi raundda nokautga uchratgan edi.

Shohjahon Ergashev yaqinda Toshkentga kelganida Sports.uz muxbiri bilan aloqaga chiqdi. Suhbat davomida bokschimiz haqiqatan Dmitriy Salita bilan sudlashayotganini va u taklif qilgan janglardan bosh tortganini tasdiqladi. Shohjahonning aytishicha, Salita unga 2020 yil davomida chempionlik janglarini tashqil qilishga va’da bergan, biroq amalda bunday bo‘lib chiqmagan.

Nokautchi bokschimiz biz bilan suhbatda boshqa kompaniyaliklar bilan muzokara o‘tkazayotganini va yozgacha muhim jang o‘tkazishi kerakligini, o‘zining shaxsiy promouterlik kompaniyasi orqali Toshkentda ham professional boks kechasi tashkil etish rejasi borligini ma’lum qilgan edi.

Shohjahon professional bokschilik faoliyatini 2015 yili Rossiyada boshlagan edi. Dastlabki to‘qqizta jangini ushbu mamlakatning turli shaharlarida o‘tkazgan hamyurtimiz 2017 yilning AQSHga ko‘chib o‘tdi. Professional boks markazi bo‘lgan ushbu davlatda yengilmas hisoblangan Sonni Fredrikson, Mikel Foks, tajribali bokschilardan Nazareno Gasten Ruiz, Abdiyel Ramires, Adrian Estrellani mag‘lubiyatga uchratib, amerikalik muxlisu mutaxassislar e’tiboriga tushdi.

Ayni paytda Shohjahon Ergashev AQSHda mashg‘ulot o‘tkazmoqda va bo‘lajak janglarga tayyorgarlik ko‘ryapti.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shohjahon Ergashev nima uchun ikki to‘qnashuvdan bosh tortdi?