22:52 / 04.05.2021
4 487

Ro‘ziqul Berdiyev matbuot anjumanida "yorildi"!


“Bunyodkor” – “Nasaf” (2:0) o‘rtasidagi o‘yin yakunlanganidan so‘ng, qarshiliklar ustozi Ro‘ziqul Berdiyev matbuot anjumanida mag‘lubiyatning sabablarini izohladi.
- O‘yinni xato bilan boshladik. Kutilmaganda gol o‘tkazib yubordik va bu vazifamizni biroz og‘irlashtirdi. Goldan keyin ham bir nechta vaziyatlarni yarata oldik. Juda ham qulay imkoniyatlarga ega chiqdik. Qayerdadir omad yoki tajriba yetishmadi. Albatta, birinchi o‘rinda natija turadi. “Bunyodkor” bugun g‘alaba qozondi. Balki biz ulardan yaxshiroq ko‘ringandirmizu, ammo g‘alaba va omad “Bunyodkor” tomonida bo‘libdi. Hayot davom etadi, keyingi o‘yinlarga tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak. Futbolda vaziyatlardan foydalanmaslik qiyin oqibatlarga olib keladi. Biz bor imkoniyatdan foydalanyapmiz. Yosh futbolchilarimizda qayerdadir sovuqqonlik va tajriba yetishmayotgani o‘yinlarda pand beryapti. Bu bahona emas, lekin vaziyatni to‘g‘rilashimiz kerak.

- Jamoangiz endi OFK Kubogida ishtirok etadi. Bugun esa futbolchilaringiz ilk daqiqalardan o‘sha musobaqani o‘ylagandek tuyulishdi. Bu haraktlarida ham sezildi.
- Yo‘q, bunga hali ancha vaqt bor. Ha, biz tushunib turibmiz, oldimizda ma’suliyatli uchrashuvlar turibdi. Bugungi o‘yinga ham jiddiy yondashgandik. “Bunyodkor” ham yuqori o‘rinlar uchun kurashadi. Qaysidir ma’noda bir-birimizga raqobatchi edik. Shuning uchun bugun ochko olishimiz juda muhim edi. Afsuski, biz kutgandek bo‘lmadi.

- O‘yin davomida hakamlarga ko‘p e’tiroz bildirdingiz. Ularga aynan qanday e’tirozlaringiz bor? Shuningdek, VAR haqida nima deya olasiz?
- Bilasizlarmi, o‘yinni bir maromda olib borish hakamlarga juda ham bog‘liq. Chunki xushtak uning qo‘lida. Qarorlarni u chiqaradi. VARda ham kim o‘tiribdi, bizga qorong‘u. Albatta, qaysidir vaziyatlarga norozichiligimiz bo‘ldi. Ammo o‘yinni qanchalik to‘g‘ri olib borish ularning qo‘lida. Qaysidir vaziyatlarda biz ham, xalq ham ko‘rib turibdi. Bilmadim, ataylabmi yoki bilmasdanmi xatolar qilyapti. Bu xatolar esa bizning foydamizga emas. Shuning uchun o‘z e’tirozimni bildirdim. Hakamlarni muhokama qilmaymizku, ammo hushtak ularning qo‘lida. Agar kimgadir yomon niyati bo‘lsa, kichkina follar bilan ham qaysidir jamoaga yordam berishi mumkin. Ba’zida hakamlarning qarorlarini tushunmaymiz. O‘zinglar ham ko‘rdinglar, bir nechta bahsli vaziyatlar bo‘ldi. Biz penalti tepishimiz kerak edi. Bir marta ham VARga kelib vaziyatni ko‘rmadi. Biz qanday norozi bo‘lmaymiz?! Aytyapman-ku, ichkarida kim o‘tiribdi bilmaymiz, qarorlarni o‘zi bilgancha chiqarishyapti. Atay qilishyaptimi yoki mahoratsizlikdanmi, bilmadim.

Futboldagi ko‘p narsa hakamning hushtagiga yoki VARga bog‘liq. Aytyapman-ku, 3-4 ta bahsli vaziyat bo‘ldi. Hakam to‘xtatib VARni ko‘rmadi. Ichkaridagilar ham o‘ynayver degan bo‘lsa, hech nima bo‘lmagandek ketyapti. Ikkalasi nimani gaplashishganini biz bilmaymiz. Xalqning norozichiligi bekorga emas. Sizlar ham, biz ham ko‘rib turibmiz. VAR ko‘p narsaga oydinlik kiritishi kerak. Ikkilanadigan paytlarda VARdagilar hakamni chaqirib, o‘zing ko‘r deyishi kerak, menimcha. Chunki asosiy qarorni bosh hakam chiqarishi kerak, VAR emas. Axir hakam bir marta ham VARga borib ko‘rmadi-ku!

- “Bunyodkor” bilan ketma-ket ikkita o‘yin va ikkalasi ham turlicha kechdi. Birinchi uchrashuvga nisbatan biroz yengilroq qaralmadimikin...
- Yo‘q, har doim “Bunyodkor”ni hurmat qilganmiz. Bu klub o‘tgan davrlarga nisbatan hozir boshqacharoq, oddiyroq o‘ynayapti. Balki bu bugungi o‘yinda natija bergandir. Oldin ko‘proq pozitsion harakatlar bilan o‘ynashgan bo‘lsa, hozir faqat oldinga tepish bilan ovora. Lekin bu ularning qarashi va natija beryapti. Buni muhokama qilmoqchi emasman. Balki Kubokdagi uchrashuvga biroz pastroq yondashgandirmiz. Chunki biz ham, “Bunyodkor” ham guruhdan chiqib bo‘lgandik. Bugungi uchrashuv muhim edi va jiddiyroq qaragandik. Albatta, g‘alaba bilan “Bunyodkor”ni tabriklash kerak, lekin qanchalik yaxshi o‘ynamasang ham natija muhim deyishadi.  

- Hujumda muammolar bor. Yozda Ukrainada ishlari yurishmayotgan Bobur Abduholiqovni ijaraga bo‘lsa ham olib kelish rejasi bormi?
- Bizda muammolar ko‘rinib qolyapti. Shuni bila turib, boshida jamoa o‘zagini saqlab qolishni talab qilgandim. Yaxshi hujumchini yo‘qotdik, o‘rniga hech kimni ololmadik. Bunga imkoniyatimiz ham bo‘lmadi. Hozir ham imkoniyatimiz yo‘q. Agar shu darajada ketadigan bo‘lsa, bizda tajribali o‘yinchini taklif qilishimiz uchun ertaga ham imkoniyat bo‘lmaydi. Agarda OFK Kubogida yaxshiroq qatnashsak, qandaydir mablag‘ ishlab olishimiz mumkin. Shuning evaziga nimadir qilsa bo‘lar, yana bilmadim. Bu haqida rahbariyatga savol bersa bo‘ladi. Ko‘ryapmiz, oldingi chiziqda katta muammoimiz bor. Norchayev yomon emas, tajribasi hali kamroq. Ikkita qulay vaziyatdan foydalana olmadi. Hujumda raqobat kamligi uchun 16 yoshli bola ham o‘ynayapti, shunga majbur bo‘lyapmiz. Shu bois hozirgi holatimizni to‘g‘ri qabul qilish kerak. Bizda yuqori o‘rinlar uchun kurashishga o‘rganib qolganmiz, yaxshi futbolchilarimiz ko‘p bo‘lgan. Lekin shunga qaramasdan yigitlarni imkon qadar yaxshi natijalar uchun tayyorlaymiz.

- Tojikistondagi o‘yinlar sun’iy maydonda o‘tkaziladi. Bu jamoaga qanchalik qiyinchilik tug‘diradi?
- Kechagi kundan rejamiz ancha o‘zgardi. Futbolchilarga bir kun dam beramiz. 7 maydan Toshkentda yig‘ilib, Chig‘atoydagi sun’iy maydonda shug‘ullanamiz. 10 mayda Tojikistonga borib, u yerda ham ko‘proq sun’iy maydonlarda mashg‘ulotlar o‘tkazamiz. Shu bois “Mash’al” bilan o‘yin qoldirildi.

- O‘yin uchun rahmat. Ammo birinchi tentak golni o‘tkazgandan keyin yigitlarda vajohat paydo bo‘lishi kerak edi. Lekin buni jamoada ko‘rmadim. Chempionatimizdagi eng yaxshi pressing “Nasaf”da. Futbolchilar atayin intizomni saqlab o‘ynashga harakat qilyaptimi? Faqatgina o‘yin tugashiga 20 daqiqada qolganida azart paydo bo‘lishi kerakmi?
- To‘g‘ri aytdingiz, buni o‘zlariga ham ko‘p ta’kidlayman. Sportchilarda xarakter, jaxl bo‘lishi kerak. Ba’zi futbolchilarimizga shu narsa yetishmaydi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ro‘ziqul Berdiyev matbuot anjumanida "yorildi"!