20:43 / 13.05.2021
1 726

“The-afc.com”: “Nasaf” - “Oloy” bahsi uchun prevyu

“The-afc.com”: “Nasaf” - “Oloy” bahsi uchun prevyu

Xabaringiz bor, ertaga Qarshining “Nasaf” klubi OFK Kubogidagi startini amalga oshiradi. Osiyo Chempionlar Ligasida yurtimiz sharafini himoya qilgan klublarimiz muvaffaqiyatsizlikka uchragani tufayli hozirda butun o‘zbek futboli muxlislarining nigohi “ajdarlar”ga qaratilgan. “Nasaf” o‘z guruhida O‘rta Osiyo klublariga qarshi bahs olib boradi.

Ertaga 1-tur bellashuvida Qirg‘izistonning “Oloy” klubi bizga raqiblik qiladi. Ushbu qiziqarli o‘yin oldidan OFK rasmiy sayti hisoblanadigan “the-afc.com” prevyu taqdim etdi.  Quyida ushbu materialning tarjimasini e’tiboringizga havola etamiz.
 
Berdiyev “Nasaf”ning yosh futbolchilari bilan “Oloy”ga qarshi ilk turni o‘tkazadi
Yosh bo‘lishiga qaramay, yuqori ambitsiyali “Nasaf” 2021 yilgi OFK Kubogi ochilish bellashuvida Qirg‘izistonning “Oloy” klubiga qarshi bahs olib boradi.
2011 yilgi finaldagi g‘alabadan so‘ng, birinchi marta turnirga qaytayotgan “Nasaf”ning hozirgi aksariyat futbolchilari Botir Qorayev musobaqa bosh sovrinini ko‘tarayotgan paytda maktab bolalari bo‘lgan.

Tarkib a’zolarining 12 tasi 21-asrda tug‘ilgan bolakaylar va 27 futbolchi orasidan 4 tasigina 25 yoshdan katta bo‘lgan yigitlardir. Ammo Berdiyev yosh shogirdlarining yetarlicha tajribaga ega ekaniga ishonmoqda.
“Nasaf”ning ushbu tarkibi Dushanbedan yaxshi natijalar bilan ketishiga bir qator omillar xazmat qilishi mumkin.

Oybek Bozorov - ushbu tarkibdagi eng ishonchli futbolchilardan biri. 23 yoshli futbolchi jamoadoshlari Akmal Mozgovoy, Husniddin Aliqulov va Abduvohid Ne’matov bilan birga milliy terma jamoaning ham muhim vakillari sanaladi. Yosh iqtidor egalari hisoblangan Sherzod Nasrullayev va Husayn Norchayev esa joriy mavsum O‘zbekiston Superligasi startida yuqorida tilga olgan futbolchilarimizga yaxshi qo‘shilib keta oldi. Ro‘ziqul Berdiyev ushbu futbolchilari qit’a miqyosidagi musobaqada natija keltira olishiga ishonmoqda.

Bilasizki, jamoamiz Superliga klublari orasidagi eng yoshlaridan biri hisoblanadi. Bu kabi tipdagi musobaqa ularga yaxshi tajriba vazifasini o‘tab berishi mumkin. Maqsadimiz aniq: yaxshi darajadagi o‘yin ko‘rsatgan holda, kelgusi bosqichga chiqishimiz lozim”, - dedi 10 yil avvalgi chempionlikni yordamchi murabbiy sifatida nishonlagan Berdiyev.

“Nasaf” 2012 yildan buyon OFK Kubogida qatnashayotgan birinchi jamoa sanaladi. Klub ushbu vaqt mobaynida Osiyo Chempionlar Ligasida ishtirok etib keldi. Bugungi “Nasaf” ham eng kamida ushbu guruhdan pley-offga chiqishi kutilmoqda.
 
Qirg‘izistonning “ОlОy” klubida esa mutlaqo boshqacha ssenariy guvohiga aylanamiz. Ular mehmonda kechgan birorta OFK Kubogi bahsida g‘alabaga erishmagan. Dushanbedagi guruh bosqichiga jamoaning kelishiga mamlakat kubogidagi g‘alaba sababchi bo‘ldi. Aslida, o‘shliklar milliy ligani 5-pog‘onada yakunlagan edilar va bu ular uchun tamomila omadsiz mavsum, demakdir. 
Ammo ligadagi muvaffaqiyatsizlikka qaramay, Berdiyevning fikricha, raqibdagi tajriba va mahorat ularga qarshi jiddiy yondashish kerakligini taqozo etadi.
 
Bizning har qaysi raqib uchun tayyorgarligimiz bir xil bo‘ladi va hech bir raqibni kuchliroq yoki kuchsizroq, deya olmaymiz. 
Osiyo Chempionlar Ligasida ham ko‘rdik: deyarli barcha jamoalar raqobat tug‘dira olish imkoniyati, salohiyatiga ega. O‘ylaymizki, bizning raqiblarimiz ham xuddi shunday kuchli hamda ularga bir xil protsess orqali tayyorgarlik ko‘ramiz
”, - dedi Berdiyev.

Ha, “Nasaf”ning o‘yini jamoa yoshlarining asosiga qurilgan. Ammo 32 yoshli serbiyalik Marko Stanoyevich bundan mustasno. “Oloy” bosh murabbiyi No‘’monjon Yusupov esa tarkibni terma jamoaning asosiy futbolchilari bilan to‘ldirib olgan.

Qirg‘iziston terma jamoasining nomdor futbolchisi Ahliddin Isroilov Osiyo va Yevropaning bir qator klublaridagi uzoq yillik faoliyatidan so‘ng, o‘z vataniga qaytdi. Ganalik hujumchi Emmanuel Yagr Gruziya chempionatidan ushbu qishda klubga kelib qo‘shildi va u ham qirg‘iz klubining ishongan vakillaridan biridir.

Yusupov jamoasining yana bir katta futbolchisi Tijani Belaid hisoblanadi. Fransiyada tug‘ilgan Tunis terma jamoasi futbolchisi uzoq yillik faoliyati davomida “Inter”, PSV, “Slaviya” Praga va “Xall Siti” singari bir qator Yevropa klublari va Osiyoning turli jamoalarida harakat qilgan.

Juma kungi bellashuv qo‘shnilar o‘rtasida uzoq muddat kutilgan o‘yin bo‘lishi shubhasiz. Sababi, 2001-2002 yilgi mavsumda “Paxtakor” Kubok egalari kubogida SKA-PVO Bishkekni musobaqadan chiqarib yuborgandan beri o‘zbek-qirg‘iz dueliga guvoh bo‘lmagandik.
 
“The-afc.com” saytidan Abdulvosid Valixonov tarjimasi


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Sport » “The-afc.com”: “Nasaf” - “Oloy” bahsi uchun prevyu