20:33 / 07.06.2021
2 343

Jang boshlandi! Raqibimiz Singapurni qaysi nuqtalari ojiz?


«Oq bo‘rilar» uchun hayot-mamot kunlari boshlandi. Tan olish lozim, bizni bir qarashda yengil, lekin oson bo‘lmagan 3 o‘yin kutib turibdi. Shu kunga qadar, JCH saralash o‘yinlarining final bosqichi arafasida bu qadar katta muammoga duch kelmagan edik. Hech qisi yo‘q, asosiysi yakun chiroyli bo‘lsa bo‘lgani. Tarix, faqat g‘oliblarni eslab qoladi. Oldimizdagi 3 o‘yinning birinchisida imkoniyatlarimiz qanday? Raqibning ojiz nuqtalari sifatida nimani ko‘rsata olamiz? Terma jamoamizga  uchrashuvda nima qo‘l kelishi mumkin? Shu va boshqa savollarga bugun javob izlashga urinib ko‘ramiz.

Yaxshi darvozabon yarim jamoa...

Singapur darvozasini so‘nggi o‘yinlarda Izvan Mahmud qo‘riqlab kelmoqda. 1990 yilda tavallud topgan posbon yoshlik chog‘ida tineyjerlardan biri sifatida e’tirof etilgan, 2011 yildan beri milliy jamoadan muntazam chaqiruv oladi.

Ayni damda, terma jamoaning eng ojiz nuqtalaridan biri sifatida aynan uni ko‘rsatishimiz mumkin. Bo‘yi 1,8 metr bo‘lgan Izvan to‘p uchun chiqishda ko‘p xatoga yo‘l qo‘yadi. Bundan tashqari, yuqoridan berilgan zarbalarda juda bo‘sh. Umuman olganda, kiperning saviyasi hatto milliy terma darajasidan ham pastroq desak, umid qilamanki adashmagan bo‘laman. Raqib futbolchisini kamsitish niyatim yo‘q, lekin bu omil bizning foydamizga ishlashidan umidim bor. Har holda, bizga Singapur bilan uchrashuvda g‘alabaning o‘zi kamlik qiladi.

Gap shundaki, biz optimistik ruhni yo‘qotmagan xolda, ikkinchi o‘rinimizni yaxshilab olishimiz kerak. Xar ehtimolga qarshi albatta. Buning uchun kamida 5 to‘p farqi bilan g‘alaba qozonishimiz kerak. Ana shunda, Quvvayt, Tojikiston va BAA termalari bilan gollari nisbatida o‘zib ketishimiz (albatta vaqtincha) mumkin.

Singapur kiperi o‘tib bo‘lmas qala emas. Bu quvonarli. Mahmud faoliyatini faqat mahalliy klublarda olib borgan. Unda xalqaro arenadagi tajriba bor, lekin u yetakchi emas. Agar e’tibor bersangiz, darvozabon yetakchi bo‘lgan jamoalar erkinroq to‘p suradi. O‘z davrida biznikilar ham Ignatiy Nestrovga ishongan xolda vabankka borganini bir necha bor ko‘rganmiz.
Futbolchilarimizdan talab qilinayotgan yirik hisobdagi g‘alaba uchun Izvan Mahmud «qo‘l kelishi» aniq. Boz ustiga, natijani ta’minlab berishi mumkin bo‘lgan boshqa aspketlar ham mavjud.

Jangovarlik («Dux»)

Suriya, Falastin, Iroq singari termalar natija uchun maydonda «jang» qilishi mumkinligi hozir hech kimga sir emas. Kuchli ishtiyoq va tartibli futbol ba’zida grandlar ustidan g‘alaba qozonish uchun ham imkon yaratadi. Biz hali darvozasini ishg‘ol qilishni uddalay olmaganimiz Avstraliya Iroqlik futbolchilarga yengilishga ulgurgani so‘zimizga isbot bo‘ladi.

Yaxshiyamki, Singapur unday «jangchi» termalar sirasiga kirmaydi. Bunga bir nechta sabablar bo‘lishi mumkin. Mamlakatda futbol birinchi raqamli sport turi emas. Boz ustiga, ichki birinchilik ham a’lo darajada deb bo‘lmaydi. Mamlakat Osiyoning o‘ziga to‘q bo‘lgan davlatlari sirasiga kiradi. Shu bois, aholi uchun futbol shunchaki ko‘ngil yozish uchun bir vosita. Yuqorida nomi zikr qilingan termalardan farqli o‘laroq, Singapur oxirigacha kurash olib bormaydi.

Ularni sindirib olish uchun tezkor gol kifoya. Shu kunga qadar ushbu yurt futbolchilari Osiyo maydonlarida hech qanday karomat ko‘rsatmagan. Umid qilamizki, bizga qarshi o‘tadigan 90 daqiqada ular o‘z odatlariga sodiq qoladi.

Terma jamoamizda ham o‘ziga xos «sindrom» mavjud ekanligi hech kimga sir emas. Biz doimo «yutib yurgan»larimizdan umuman qo‘rqmaymiz. Grandlar bilan o‘yinlardan farqli o‘laroq, autsayderlarga qarshi «oq bo‘rilar» ancha xotirjam va kombinatsion futbol namoyish etadi. Shu kunga qadar Singapur va O‘zbekiston 3 bor kuch sinashgan bo‘lsa, barchasida bizning qo‘limiz baland kelgan. Bu safar faqat g‘alabaning o‘zi kamlik qiladi. Yirikroq va ishonchli natija bizga hozir juda va juda muhim.

Kuchsiz markaziy himoya

Singapurning so‘nggi 5 uchrashuvini ko‘rib chiqqach, muammo faqat darvozabonda emasligini Vadim Abramov anglagani aniq. Gap shundaki, terma jamoada markaziy himoyachilar juda ko‘p xatoga yo‘l qo‘yadi. Ayniqsa, grandlarga qarshi bahslarda taktik xatolar va birinchi pasning yo‘qligi darrov ko‘zga tashlanadi.

Asosan qarshi hujumga tayangan xolda to‘p suruvchi jamoalarda himoyaning so‘nggi nuqtasidagi yigitlardan 99 foiz aniq paslar talab qilinadi. Aynan shu kamchilik sababli Singapur pressingga urg‘u beruvchi jamoalar bilan juda yomon o‘yin o‘tkazadi. So‘zimizga ularning Falastin termasiga qarshi o‘yini yaqqol misol bo‘lishi mumkin.

Tezkor goldan so‘ng, jamoa o‘yini sochilib ketdi. Bosh murabbiyda «B» reja mavjud emas. Singapur shunchaki himoyalanadi va raqib xato qilishini kutadi. Soddaroq qilib aytganda, klassik autsayder jamoa.

Arablar bilan to‘qnashuvda, terma jamoa to‘p uchun kurashda juda past ko‘rsatgich namoyish etdi. Bundan tashqari, ikkinchi qavatdagi kurashlar va jarima maydonchasi ichida joy tanlashda ham bo‘sh o‘yin ko‘rsatdi. Hozirda «avtobus» rejimda to‘p suruvchi jamoalarga qarshi harakat qilish mushkul, lekin bugun bunday bo‘lmaydi. Sababi, Singapur mudofaada zich futbol o‘ynashga qodir emas.
Yigitlarimiz o‘yin surati va bosimni oshirsa, so‘nggi chiziqdagi muammolar darrov yuzaga chiqadi. O‘ylashimcha, hech qanday muammosiz bugungi bahsda bir nechta gol kiritishimiz mumkin.

Singapurning darajasi

Tan olish lozim, bugungi Singapur tarkibida Eldor Shomurodov, Odil Ahmedov, Jaloliddin Masharipov kalibridagi futbolchilari bor O‘zbekistonga dosh berishi imkonsiz. Muxlislarga baland-parvoz gapdek tuyulishi mumkin, ammo bu fakt. Bugungi raqibimizdan har jabhada bir bosh balandmiz, ammo buni isbotlash qoldi xolos. Hamma gap shunda. Asosiy raqibimiz!

Hozir hamma Saudiya Arabistonini asosiy raqibimiz deb atamoqda. O‘ylashimcha unday emas. Bizning birinchi navbatdagi raqibimiz - o‘zimiz! Qachonki, o‘z kuchimizga o‘zimiz ishonmas ekanmiz, boshqalar hech qachon ishonmaydi.

Katta yo‘l oldida turgan terma jamoamiz hali hech narsani boy bergani yo‘q. Imkoniyat 100 foiz saqlanib turibdi. Shunday ekan, harakat qilish, urinib ko‘rishning ayni payti. Bugun avvalgi gina-kudratlarni bir chetga surgan xolda, oldinga qadam tashlash shart. Bugungi bahs oldidan terma jamoamizga omad va zafarlar tilab qolamiz.

Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Jang boshlandi! Raqibimiz Singapurni qaysi nuqtalari ojiz?