12:12 / 19.06.2021
1 833

"Sherlar"ning OCHLdagi ishtiroki va O‘zbekiston terma jamoasi haqida Shota Arveladze bilan suhbat

"Sherlar"ning OCHLdagi ishtiroki va O‘zbekiston terma jamoasi haqida Shota Arveladze bilan suhbat

Foto: Sports.uz
O‘zbek futboli murabbiydan "kuydi". Endi yangi mutaxassis izlash va uning faoliyatiga bir necha yil aralashmaslik lozim. Chunki o‘zini hurmat qilgan murabbiy atrofdagi "beminnat yordam beruvchi"larni xushlamaydi. Ulardan biri "Paxtakor"dagi faoliyati bilan o‘zbek futboliga yaxshi tanish bo‘lgan Shota Arveladze.

Biz gruziyalik mutaxassisga O‘zbekiston milliy terma jamoasi va "sherlar"ning xalqaro maydondagi salbiy natijalari to‘g‘risida savollar berdik. Quyida Arveladze bilan uyushtirilgan intervyuni o‘qish imkoniyatiga egasiz:

– Assalomu alaykum, Shota Yustinovich! Ahvollaringiz yaxshimi?
– Va alaykum assalom. Rahmat!

– "Paxtakor"dan ketganingizcha ancha bo‘ldi. Ketish oldidan takliflar ko‘p edi. Nima uchun hamon biror klubda ish boshlamadiz?
– "Paxtakor"dan keyin dam olishni xohladim. Yangi klub masalasiga kelsak, Yevropada mavsum endi yakunlandi. Osiyoda ham deyarli shunaqa, ayrim mamlakatlarni hisobga olmasak. Hozir takliflar bor, ular orasidan eng yaxshisini tanlayman.

– "Paxtakor"da yana nimalarni o‘zgartirmoqchi edingiz-u vaqt yetmay qoldi?
– Biz ko‘p narsani ijobiy tomonga o‘zgartira oldik. Chempionat ham ancha yaxshilandi. Bir tomondan hammasi yaxshi lekin o‘zgartirilishi kerak bo‘lgan ishlar ham bor edi. Hozir bular haqida gapirishni istamayman.

– Superligani kuzatib boryapsizmi? Bu mavsum qaysi jamoalarni chempionlik uchun kurashgadi deb o‘ylaysiz?
– To‘g‘risini aytsam, bu mavsumni kuzatmayapman. OCHL bahslarini qoldirmay ko‘rdim.

– "Paxtakor" bu mavsum OCHLda juda omadsiz ishtirok etdi. Bunga nima sabab bo‘ldi deb o‘ylaysiz?
– Menimcha, "sherlar"ga biroz omad yetishmadi. Sababi, "Paxtakor" juda oson guruhdan joy olgandi.

– Xabaringiz bo‘lsa kerak yaqinda "Paxtakor"da rahbariyat o‘zgardi. Ijtimoiy tarmoqlarda yangi rahbarlar sizni yana "sherlar" safiga chorlagani haqida xabarlar chiqdi. Bu rostmi?
– Yo‘q! Menga "Paxtakor"dan hech qanday qo‘ng‘iroq bo‘lmadi. Klubda hozir professional insonlar ishlamoqda.

– O‘zbekiston terma jamoasi bu safar ham mundial yo‘llanmasidan quruq qoldi. Bu sizni ajablantirdimi?
– Saralashni bu qadar erta yakunlaydi deb o‘ylamagandim. Sabablar ko‘p. O‘ylashimcha, hamma harakat qilishi lozim. "Paxtakor" yoki yana 1-2ta klub kuchaygani bilan natijaga erishish qiyin. Jahon chempionatiga chiqish uchun ko‘p narsalarni o‘zgartirish kerak va uni to‘g‘ri amalga oshirish zarur.

– Agar terma jamoadan taklif bo‘lsa, O‘zbekistonga qaytasizmi?
– Bu qiyin savol. Qolaversa, hozir terma jamoaning o‘z murabbiyi bor. Bu haqda gapirish odobdan emas.

Jaloliddin Qobiljonov suhbatlashdi.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Sport » "Sherlar"ning OCHLdagi ishtiroki va O‘zbekiston terma jamoasi haqida Shota Arveladze bilan suhbat