20:30 / 20.06.2021
3 813

«Yevropada o‘ynay oladigan o‘zbek futbolchilari ko‘p» – Eldor Shomurodovning agenti Qahhor Mo‘minov bilan katta intervyu


Shomurodovning Italiyaga transferi qanday amalga oshdi? Unga qaysi klublar qiziqmoqda? Shu va boshqa o‘zbek futbolchilari haqida Eldor Shomurodovning agenti Qahhor Mo‘minov bilan suhbat uyushtirdik.

– Bugungi suhbatimizning asosiy qismi, tabiiyki, Eldor Shomurodov haqida bo‘ladi. Lekin muxlislarga siz qanday agentlikka kirib kelganingiz, ProSports Management agentligida qanday ish boshlaganingiz ham qiziq. Ayting-chi, futbolga qanday kelib qolgansiz?
– Men Samarqandda tug‘ilganman. Onam rossiyalik. Uning salomatligida muammo paydo bo‘lgach, iqlimni o‘zgartirishni taklif qilishgan. U SamDUga hujjat topshirib, filologiya fakultetini tamomlagan. Keyin turizm sohasida ishlagan. U O‘zbekiston tarixini yaxshi ko‘radi va u haqda gapirishni yaxshi ko‘radi. Aynan Samarqandda onam otam bilan tanishgan.

Bolaligimda Samarqanddagi «Dinamo» futbol maktabida shug‘ullanganman. 17 yoshimda Moskvaga o‘qishga ketdim. 2000 yillar boshida German Tkachenko bilan tanishdim. Uning rahbarligida «Rusal» nomli yirik alyumin kompaniyasida ishladim. Keyinchalik German Vladimirovich futbol bilan shug‘ullana boshladi va «Krilya Sovetov» klubi prezidenti bo‘ldi. Bizning korxonada nafaqat futbol agentligi, balki klub faoliyat mexanizmini tashkil etish tajribasi ham bor. O‘shanda ProSports Management «Krilya Sovetov»dagi faoliyat bilan birga Roberto Karlos, Samuel Eto'O kabi yulduzlarning «Anji»ga kelishida ham qatnashgan.

– Eldor Shomurodov bilan qanday tanishgansiz?
– Unga e’tibor berishimizni o‘sha vaqtda O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi bo‘lgan Samvel Babayan tavsiya qilgan. Samvel aka bizning direktor German Tkachenko bilan ancha vaqtdan buyon yaxshi do‘st. O‘zaro suhbatlardan birida Samvel aka O‘zbekistonda 20 yoshli yaxshi futbolchi borligi va u kelajakda katta o‘yinchi bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagan. U vaqtda Eldorni ko‘pchilik tanimasdi.

Biz o‘zbek futbolchilari bilan ancha oldin ishlay boshlaganmiz. «Krilya»da ishlagan vaqtimizda Marat Bikmayev ushbu klub safida paydo bo‘lgandi. Keyin PsoSports Management «Anji»ga Odil Ahmedovga e’tibor qaratishni so‘radi. O‘shanda Odil Moskva «Dinamo»siga o‘tishiga bir baxya qolganda, German Tkachenko uni «Anji»ga olib ketgandi. Odil «Anji»da yetakchi bo‘lib, keyin «Krasnodar»ga yaxshi transfer qilindi. Kompaniyamiz bilan uning «Shanhay SIPG» klubiga transfer qilinishida ham qatnashganmiz.

Uni o‘sha vaqtdagi jamoa bosh murabbiyi Andre Villash-Boash taklif qilgandi. U German bilan suhbatda Ahmedovning o‘yinlari yoqishi haqida bir necha marta aytgan. Villash-Boash unga humble and professional (odobli va professional) deb ta’rif bergan. Biz o‘zbek futbolchilarini xorijda ta’riflaganda aynan mana shu iborani ishlatamiz. Xullas, Babayan bizni tanishtirgach, Eldorning oilasi bilan ko‘rishib, gaplashdik. Shu tariqa, hamkorligimiz boshlanib ketdi.

– Shomurodov Italiyaga agentlarning yordami bilan ketdi deydiganlar ham topiladi, ayniqsa, Rossiyada. Buni qanday izohlaysiz?
– Kompaniyamizning eng ko‘rinadigan yerida shunday yozuv turadi: «Biz faqat bir narsani – futbol o‘ynashni bilmaymiz, lekin maydonda yaxshi o‘ynashlari uchun hamma narsani qilamiz». Eldor bugungi natijalariga o‘z iste’dodi bilan erishdi. Agentlar futbolchilarga har xil masalalarda yordam berishadi, lekin maydonda agentlar emas, futbolchilar o‘ynaydi. Eldorning Yevropaga ketishiga birgalikda erishdik. Balki biz uni dunyoga ochgandirmiz, shunchaki to‘g‘ri rivojlanish yo‘lini tanladik va u porladi.

– To‘g‘ri rivojlanish yo‘li deganda nimani nazarda tutyapsiz?
– Eldorni hali milliy jamoaning asosiy futbolchisi bo‘lmaganida ham unga arab klublari va Xitoydan takliflar bo‘lgan. Biroq u faoliyatini Yevropada davom ettirishni xohlab, G‘arbdan jamoa topishimizni so‘radi. Biroq biz unga Yevropaga ko‘prik vazifasini bajarishi uchun Rossiya chempionatini taklif qildik. Bu yerda u yuqori darajali o‘yinga moslashishi, tez qaror qabul qilish va albatta, chet tilini o‘rganishi, bir so‘z bilan aytganda, katta chempionatlarga tayyorlanishi mumkin edi.

Eldorga hatto Rossiyadagi katta jamoalarni taklif qilmadik, chunki katta bosim va raqobat sabab cho‘kib qolishini istamadik. Bizda «Rostov» varianti paydo bo‘ldi. U yerda esa raqobatchi hujumchilar ko‘p edi. Masalan, Sigurdarsson va yana bir islandiyalik hujumchi. Eldor «Rostov»da raqobat jiddiy bo‘lishiga qaramay, kurashdi va jamoada qoldi. Bu uchun uni alohida olqishlash kerak.

Yana bir narsani aytmasam bo‘lmaydi: Rossiyada ham, Italiyada ham Eldorning odobli va mehnatsevar ekanini ta’kidlashadi. Shu vaqtda Andre Villash-Boashning aytganlari esga tushadi. Men xorijliklarga O‘zbekistonda har ikkinchi odam shunaqa ekanini aytaman. Ular uchun bunday xarakterli insonlarni uchratish noodatiy hol. Bemalol aytishim mumkinki, Eldorning tarbiyasi uning faoliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib kelmoqda.

«Rostov»da unga boshida oson bo‘lmadi, biroq qiyin holatga tushganiga qaramay, til o‘rgandi, shaharga moslashdi, keyin asta-sekin yaxshi futbol o‘ynay boshladi. U yonida Ionov, Yeryomenko kabi katta futbolchilar o‘ynayotganini to‘g‘ri his qildi. Agar inson o‘z mehnati bilangina nimagadir erishishi mumkin bo‘lsa, men bu borada bemalol Eldorni misol qilib keltiraman. Afg‘oniston chegarasidagi qishloqdan chiqqan yigitchani bugun Italiya ko‘chalarida tanib, u bilan suratga tushishmoqda.

– Hozir o‘zbek futbolchilariga e’tibor qanday deb o‘ylaysiz?
– Bilasizmi, avval o‘zbek futbolchilariga bee’tibor qarashardi, hozir bunday emas. Birinchidan, Odil Ahmedov Rossiya va Osiyoda o‘zbek futbolchilarining kuchini ko‘rsatdi, Eldor esa Yevropada buni isbotlamoqda. Mendan o‘zbek futbolining yutug‘i nimada ekani haqida so‘rashadi. Men esa davlat futbolga e’tibor berayotgani, shahar, tuman markazlarida stadionlar qurayotganini aytaman. Masalan, Olmaliq kichik shahar, lekin u yerda qanday chiroyli stadion qurilgan.

O‘zbek futboliga «Paxtakor», «Bunyodkor», «Mash’al», «Nasaf» akademiyalari ko‘p narsa berdi deb o‘ylayman. Hozirda Andijon va Farg‘onadan ham yaxshi yigitlar chiqmoqda. Shuningdek, «Olimpik» jamoasida olimpia jamoasi yigitlarini to‘plab, ularni Pro-Ligada o‘ynatish ham ajoyib loyiha bo‘lgan. Rossiyada ham shunaqa qilmoqchi bo‘lishgan, lekin amalga oshira olishmagandi.

– Eldorning Italiyaga transferi qanday amalga oshdi? Chindan uning o‘rniga Balotellini olishlari mumkinmidi?
– Uning A Seriyaga transferi nafaqat o‘zbek futboli uchun, balki Rossiya futboli uchun ham muhim voqelik bo‘ldi. O‘sha vaqtda pandemiya sabab transferlarning o‘zi juda kam bo‘lgandi. «Jenoa»dagilarga Balotellini sotib olishni jiddiy taklif qilishayotgan, ular agenti bilan Genuyaga borib hujjatlarni imzolashni kutayotgan bo‘lgan. Bosh murabbiy Maran esa ko‘proq Eldorni olishni xohlagan. Shunday bo‘lsa-da, biroz kech qolganimizda, u Balotellini olishga majbur bo‘lardi. O‘sha vaqtda «Jenoa» chiptalarni kechiktirgan, hali chegara masalasi hal qilinmagandi. Shunda German Vladimirovich samolyot ijaraga oldi va biz tezda Genuyaga uchdik.

– Balotellining agenti Mino Rayola ekanini inobatga olsak, siz eng mashhur agentlardan biri Rayolani ortda qoldirgan ekansiz-da?
– Shunaqa (kuladi).

– «Yuventus»ning qiziqishi haqida gapirib bering.
– Biz amalga oshmagan transferlarni tahlil qilmaymiz, lekin shuni aytishim mumkinki, «Yuventus»ning qiziqishi rost edi va bu faqat OAVda chiqqan mish-mish emasdi. Janluka Di Marsio Eldorning transferi bahosi 15 million yevro ekanini aytdi. Bu esa Eldor bir yilda o‘z qiymatini ikki baravar oshirib oldi degani. Hozir A Seriyada ham ligaga moslashgan, stabil gol uradigan hujumchini topish qiyin. Eldor esa tilni o‘rgana boshladi, ko‘p yuguradi, gollar urmoqda. Shu sabab unga qiziqishlari tabiiy.

– Oxirgi vaqtlarda «Roma»ning qiziqishi haqida ko‘p gapirishmoqda. Axir Mourino uning o‘yinlarini stadionda ko‘rgandi.
– Bu klubning qiziqishi qanchalik jiddiy ekanini bilmayman, lekin Mourino Eldorni shaxsan tanishi rost. Aytgancha, internetda ularning birga tushgan suratini ko‘rgandirsiz, uni men olganman. O‘shanda Joze Eldorning o‘yini haqida yaxshi gaplar aytgan.

– Biz sizni Eldor Shomurodovning agenti sifatida bilamiz, biroq 14 yildan buyon shu sohadaman deyapsiz, yana qanday mashhur futbolchilar bilan ishlagansiz?
– Men emas, kompaniyamiz ishlagan. Mijozlar bevosita ProSports Management kompaniyasi bilan ishlaydi. Bizda hamma kompaniya uchun ishlaydi. Masalan, men ta’tilda vaqtim Eldorga nimadir kerak bo‘lsa, unga boshqa vakilimiz yordam berishi mumkin. Mashhur futbolchilar haqida gapiradigan bo‘lsam, endi faoliyatimni boshlaganda, Qozog‘istonning «Lokomotiv» klubida Yegor Titov va Andrey Tixonov bilan ishladim. Bu juda ajoyib bo‘lgan, chunki yaqin-yaqingacha bu futbolchilarning o‘yinlaridan zavqlanib yurgandim. Keyin Sergey Semak, Andrey Karyaka, Igor Semshov, Sergey Ignashevich, Fyodor Smolov, Oleg Shatov kabi futbolchilar bilan ishladik.

Endi ko‘pchilik O‘zbekistonda yaxshi futbolchilar ko‘p ekanini biladi va shu sabab biz ham ProSports'ning Yevrosiyo loyihasini yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Biz allaqachon yaxshi futbolchilar bilan ishlashni boshladik. Masalan, Ibrohimxalil Yo‘ldoshev, Hojimat Erkinov. Ular allaqachon O‘zbekiston milliy jamoasida o‘ynamoqda. Bizning eng yosh mijozlarimizdan biri Abbos Fayzullayev hisoblanadi. U «Paxtakor» o‘rinbosarlarida o‘ynaydi. Bu ismni eslab qolishingizni maslahat beraman, u juda aqlli futbolchi, to‘g‘risi, buni mashg‘ulotlar bilan shakllantirib bo‘lmaydi.

– Abbos OCHL bahsida «Paxtakor» safida zaxiradan maydonga tushdi. U bilan birga bir qator yaxshi futbolchilar ham debyut qilishdi. Shunda «Paxtakor»ning oxirgi turga kelib imkoniyatni yo‘qotgani yaxshi bo‘lgan ekan deb qoldim, chunki shunday bo‘lmaganda, bu yigitlar maydonga tushmasligi mumkin edi.
– Ha, har qanday inqiroz nimadir uchun imkoniyat bo‘ladi. Masalan, rus futbolida iqtisodiy inqiroz yuzaga kelib, Xalk, Vitsel kabi futbolchilar keta boshlaganida, yangi yosh rus futbolchilari porlab chiqa boshladi. Chunki ularga imkoniyat berishga majbur bo‘lishdi. O‘sha vaqtda Rossiya olimpia jamoasidagi yigitlarni ko‘pchilik tanimasdi, hozir esa yosh rus yigitlar yaxshi jamoada o‘ynamoqda.

– Yana qaysi o‘zbek futbolchilari bilan ishlayapsiz?
– «Olimpik» futbolchisi Alisher Odilov, «Neftchi»dagi Ruslan Roziyev va Ulug‘bek Hoshimov. Ular ham olimpia jamoasida o‘ynaydi. Eng yosh mijozimiz esa Mirkomil Abdurazzoqov. U «Paxtakor» o‘rinbosarlari safida markaziy himoyada o‘ynaydi.

– O‘quvchilarga tushuntirib bersangiz, agent bilan ishlash tizimi qanday yo‘lga qo‘yiladi? Futbolchilar siz bilan ishlagani uchun ularga pul to‘laysizlarmi?
– Kompaniyamiz tashkil topganidan buyon hali biror futbolchiga pul to‘lamaganmiz, bu to‘g‘ri emas. Biz o‘ziga tinch futbolchilar bilan ham, yordamga muhtoj yosh futbolchilar bilan ham ishlayapmiz. Ularga oddiy masalada yordam kerak bo‘lishi mumkin. Ba’zan bu yordam shunchaki maslahat, havolanib ketmaslikka chorlov bo‘lishi mumkin. Asosiysi, professional xizmat ko‘rsatish. Ba’zida shartnomaga ko‘ra ko‘p pul olmaydigan yosh futbolchilarimiz uchun stipendiya tashkil etishimiz mumkin. Biroq hech kimga shunchaki biz bilan ishlagani uchun pul to‘lamaymiz.

Rossiyada yosh futbolchilarning o‘zini tutishida o‘zgarish kuzatiladi, biroq o‘zbek futbolchilarida bu borada muammo kamroq. Masalan, kecha Hojimat Erkinovning dadasi, akasi bilan ko‘rishib, guvoh bo‘ldimki, unga qo‘shimcha nazoratning keragi ham yo‘q. Biz futbolchining transferidan yoki yaxshi shartnomaga ega bo‘lishidan pul ishlashimiz mumkin, xolos. Shu sabab mijozlarimizning karerasida doimiy o‘sish bo‘lishidan manfaatdormiz.

Bizning ishda inson omili eng muhimi, axir hamma narsa ham pul bilan bog‘liq emas-ku. Uzoq yil ishlagan futbolchilarimiz bilan oilaviy do‘st bo‘lib ketganmiz. Biz avvalo futbolchini hurmat qilishimiz kerak. Agentni pul uchun tanlash kerak emas. Mendesh o‘z vaqtida Ronalduga u bilan ishlashi uchun «Ferrari» sovg‘a qilgani haqida afsona eshitganman. Lekin Mendesh o‘shanda «Sporting»da o‘ynab yurgan yigitcha hozirgi Ronalduga aylanishini bilmagan-ku? Shunchaki ular birga aylanib yurishganda Ronaldu o‘sha mashinani yoqtirib qolgan va ertasiga uni uyi oldida ko‘rgan. Bu shunchaki sovg‘a bo‘lgan.

Agentning vazifasiga keladigan bo‘lsak, biz avvalo futbolchiga yuridik xizmat ko‘rsatamiz, unga professional maslahat beramiz. O‘qiydigan yigitlar bo‘lsa, o‘qishida yordam beramiz.

– Rossiya va O‘zbekistondagi mijozlaringizni taqqoslay olasizmi?
– Rossiyada ko‘pchilik ota-onalar farzandlari Rossiyada qolishini xohlaydi. Chunki u yerda klublar yaxshi maosh to‘laydi. O‘zbekistonda esa ko‘pchilik chetga ketishni istaydi. Chunki bu yerda faqat «Paxtakor» Yevropa darajasida maosh to‘lashi mumkin. Shuningdek, futbolchilarning o‘zi ham chetda o‘ynashni istaydi. Masalan, Masharipov yaxshi maosh olsa ham yangi maydonlarni zabt etishni istab ketdi.

– Aytgancha, siz Masharipov bilan ham ishlaganingiz haqida eshitdik, bu gap rostmi?
– Ha, u bilan ishlashimiz mumkin edi. Shartnoma imzolaganda uni Rossiya yoki Yevropa klubiga o‘tkazish bo‘yicha kelishgandik. Lekin futbolchining o‘ziga Saudiyadan tushgan taklif ma’qul kelgan. Nima bo‘lganda ham, Jaloliddinga omad tilayman, u kuchli futbolchi.

– Siz Oston O‘runov bilan ham ishlaysizmi?
– Ha desa ham bo‘ladi, yo‘q desa ham. Biz, nima desam bo‘ladi, hududiy miqyosda ishlaymiz. Ostonga «Spartak»dan tashqari SSKA va «Rubin» ham jiddiy qiziqqandi. Ayniqsa, uning o‘yinlari Leonid Slutskiyga juda ma’qul kelgandi. Biz uning SSKAga o‘tishini istagandik, lekin bizni eshitishmadi. «Spartak»da Shamil Gazizov o‘ynayotgandi va Oston o‘sha yerga o‘tib ketdi.

– Belarusda o‘ynayotgan yigitlarimiz, Yaxshiboyev haqida nima deya olasiz?
– U bilan ishlamaganman, lekin zo‘r futbolchi ekanini ayta olaman. Hozir Polsha chempionatida o‘ynay boshladi. «Legiya» juda yaxshi jamoa. Uning faoliyatida agentlarning yaxshi ishlaganini ham e’tirof etish kerak. Chunki transfer bosqichma-bosqich amalga oshirildi va futbolchi Polshaga Belarus orqali yo‘l oldi.

Agentlarning yomon ishi sifatida Jasur Jaloliddinovning transferini keltirishim mumkin. Masalan, biz O‘zbekiston milliy jamoasining asosiy tarkibida o‘ynayotgan kuchli Shomurodovni «Rostov»ga o‘tkazdik. Lekin hali juda yosh Jaloliddinovni «Lokomotiv»ga o‘tkazishdi. Biz ham Eldorni Rossiyaning top klublariga o‘tkazishimiz mumkin edi, lekin u o‘sish darajasini sakrab o‘tishini istamadik.

Jaloliddinov «Lokomotiv»ga o‘tganida Nikolich qaysi futbolchilarni olish kerakligini aytib bo‘lgan, jamoada legionerlar limiti to‘lgandi. Agentlar buni bilgan holda yigitchani «Lokomotiv»ga yuborib, pul ham ishlab olishdi. Keyin esa futbolchi O‘zbekistonga qaytib keldi. Shu o‘rinda, ota-onalarga aytmoqchimanki, farzandingizga oltin tog‘larni va’da qilishsa, yetti o‘lchab, bir kesing.

– O‘zbek klublarida legionerlarni olib kelib, ular ketgach, jarima to‘lash holati ko‘p kuzatiladi. Shunday holatlardan qochish uchun nima qilish kerak?
– Klublar boshida yaxshi yurist uchun pul to‘lashdan qochib shunday holatga tushib qolishi mumkin. Menimcha, siz aytayotgan holatda shunchaki shartnomada yozilgan summani to‘lab berishadi. Shu sabab shartnomani imzolashdan avval yaxshilab o‘qib chiqish kerak. Biz masalan, har bir transferni ro‘yxatdan o‘tkazishdan avval xalqaro tajribaga ega yuridik kompaniyalar bilan ishlaymiz.

O‘tkir Jalolxonov suhbatlashdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » «Yevropada o‘ynay oladigan o‘zbek futbolchilari ko‘p» – Eldor Shomurodovning agenti Qahhor Mo‘minov bilan katta intervyu