18:58 / 24.07.2021
2 847

Super? "Qo'rqoqlar ligasi" haqida


Futbol borasida juda ham toqatsiz, bahslashishni yaxshi ko'radigan va muntazam norozi kayfiyatda yuradigan xalqimiz bor.
Ijtimoiy tarmoqlarda O'zbekiston birinchiligi bahslarining musobaqa nomiga munosib emasligi tufayli "Oliy Liga"ni qaytarish borasidagi takliflarni kunda, kunora o'qib turamiz. Muxlislar chempionatda intriga, chempionlik poygasida raqobat yo'qligidan muntazam ravishda nolishadi.

Birinchidan, nomni o'zgartirishdan oson ish yo'q, agar hammasi shu bilan bitsa. Yaxshisi, bor energiyani shu nomga munosib bo'lish uchun sarflagan maqul. Ikkinchidan, intriga masalasi oxirgi yillarda top-5'da ham muammoga aylanib qoldi. Bundesligada "Bavariya", Franciyada PSJ, Italiyada "Yuventus"ning gegemonligini ko'rdik, APLda "Siti" 20 ochkolik farq bilan g'olib bo'lgani ham yodimizda. Ammo, Evropa tomonlarda "Leypcig", "Lill", "Everton", "Lacio"lar bor ekan, chempionlar hech qachon tin ololmaydi. 

Quyoshli o'lkamizda esa tarozi ham, toshning og'irligi ham o'zgacha. Nomi qanaqa bo'lishidan qatiy nazar biz uchun qadrli bo'lgan ligada so'nggi bor 2015 yilda 2 klub chempionlik uchun kurashgandi. O'shanda musobaqa g'olibi nomiga oxirgi turda aniqlik kiritilgan, "Paxtakor" 1 ochkoli tafovut bilan chempionlikni tantana qilgan edi. 

Keyingi yillarda poytaxtning moliyaviy holati yaxshiroq bo'lgan klublaridan biri boshqalarni katta farq bilan ortda qoldiryapti ("Loko" va "Paxtakor"). "Futbolda pul birinchi darajali emas. Oltin to'ldirilgan qoplarning maydonda yugurayotganini ko'rganmisan?", deyishadi. Vaqti-vaqti bilan "Lester", "Lill" kabi jamoalar buni isbotlab ham turadi. 

Biroq, yuqorida aytganimizdek, bizda tarozi ham, toshning og'irligi ham farqli. O'zbekistonda puli bor klub o'yinda yutadi, chempion bo'ladi. Maydonda 75 daqiqa ko'rinmagan futbolchilar 3 hissa mukofot puli vada qilinsa, oxirgi 15 daqiqada "Paxtakor"ni jarima maydoniga "qamab tashlaydi". Tushundingiz-a, "Andijon"da etarli salohiyat bor, lekin u yuzaga chiqishi uchun raqam oxiridagi nollar soni ortishi kerak. 

Keling, "Paxtakor" gegemonligida o'tgan so'nggi 3 mavsumni eslaymiz. 2018 yilning avvalidan bugungi kunga qadar "sherlar" Superligada 86 uchrashuv o'tkazdi. Bu muddatda SHota Arveladze jamoasini mag'lub qilish faqat 5 nafar murabbiyga nasib qildi: Ulug'bek Baqoev (2 bor), Vadim Abramov (2 bor), Ro'ziqul Berdiev, Mirjalol Qosimov va Ilhom Mo'minjonov.

FAKT: "Paxtakor" 2018 yildan beri o'z maydonida 44 ta uchrashuv o'tkazgan va biror marta mag'lub bo'lmagan.
G'alaba-ku mayli, oxirgi yillarda "Paxtakor" darvozasini ishg'ol qilish ham boshqalar uchun muammoga aylanib qoldi. Kuzatishlar shuni ko'rsatyaptiki, o'zbek klublari Toshkent grandiga o'yin boshlanishidan oldin yutqazib bo'lishadi. Yani, "Paxtakor"ga qarshi o'yin uchun maydonga chiqib kelayotgan futbolchi g'alaba haqida deyarli o'ylamaydi.

To'g'ri, "SFI Management Group" davrida yaratilgan sharoitlar masalasida hech kim "Paxtakor" bilan bahslasha olmasdi. Lekin, "sherlar" joriy yilning dastlabki 5 oyini maoshsiz o'tkazdi. Qishda jamoaning asosiy etakchilari (Sergeev, Masharipov, Hamrobekov, Hamdamov) Toshkentni tark etdi. Klub juda kuchsizlandi. O'zbek futbolining muxlisi sifatida kishiga alam qiladigani shu holatida ham "Paxtakor" barchani hurkityapti. 2021 yilda Piter Xyuistra shogirdlari ichki chempionatda mag'lubiyatga uchraganicha yo'q. Biroq, jamoaning asl kuchini OCHL ko'rsatib berdi.

Qo'rqoqlar ligasi
2021 yilda "Paxtakor"ning zaiflashganini bilsa-da, boshqa klublar chempionlik haqida umuman gapirmadi. Na murabbiy, na rahbar, na futbolchilar! Jamoa oldiga qo'yilgan vazifa haqida so'rasangiz, kim OCHL yo'llanmasi, kim yuqori o'rinlarni ko'rsatdi. Hech kim "chempion bo'lamiz" demadi. Buni siz nazokatga yoyishingiz mumkin, men qo'rqoqlik deb atayman. Superligada faoliyat yuritayotgan barcha mavsum boshlanishidan oldin "sherlar"ning navbatdagi chempionligini tan olib bo'lgan edi. Hattoki, murabbiylar allaqachon o'z xayollarida "Paxtakor"ni 2022 yil chempioniga aylantirgan bo'lsa ham, ajab emas. Bu quyonlar to'dasining kasallanib, yotib qolgan sherdan ham qo'rqishiga o'xshaydi. Sportcha ishtiyoq, motivaciya haqida gap bo'lishi mumkin emas. SHu tufayli "Lester"niki kabi ertaklarlar yozilmayapti.

Mavsum yakuniga qadar 14 ta tur qoldi. "Paxtakor" va 2-pog'ona o'rtasidagi farq 7 ochko. Nima deb o'ylaysiz, qolgan o'yinlarda kimdir "sher"ni qafasga tiqishni uddalaydimi? CHempionatimizga qiziqish ortishi uchun bu juda muhim. 
Lekin, bir tomonda Rashidov va CHeransiz qolgan "Paxtakor" bilan durangdan qoniqadigan Baqoev, portugalcha gapirishni o'rganolmayotgan "Loko", mukofot pulini eshitmasa o'ynamaydigan "Andijon", 10-o'rindagi "Navbahor"ni ko'rgan kishining xafsalasi pir bo'lib ketadi...

Muallif: Faxriddin Ro'ziyev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Super? "Qo'rqoqlar ligasi" haqida