23:50 / 30.07.2021
3 182

Boks. Rioda yongan chiroq Tokioda o‘chdimi?


O‘zbek boksi Rio Olimpiadasida furor ko‘targach (3 ta oltin, 2 tadan kumush va 2 ta bronza), bo‘lajak turnirlar favoritiga aylandi. Bu keyin jahon va qit’a chempionatlarida o‘z tasdig‘ini topdi. Tokioga yo‘l olgan delegatsiyamiz tarkibida ham asosiy umid charm qo‘lqop ustalariga bog‘landi. Biroq, terma jamoamiz ketma-ket yo‘qotishlarga uchramoqda. Sanjar Tursunov (-91 kg) dastlabki urinishdayoq turnirni tark etgach, Mirazizbek Mirzaxalilov (-57 kg), Fanat Qahramonov (-75 kg), Dilshod Ro‘zmetov (-81 kg) va Bobousmon Baturov (-69 kg) ham muvaffaqiyatsizlikka uchradi.

Xabaringiz bor, Tursunovning mag‘lubiyatidan keyin uning Olimpiada yo‘llanmasiga munosib yoki yo‘qligi borasida mulohaza yuritgandik. Oxirgi yillarda yorqin g‘alabalarga o‘rganib qolgan muxlislar Olimpiya o‘yinlaridagi omadsizliklardan so‘ng Tokioga eng kuchli tarkib olib ketilganiga shubha bilan qaramoqda. Bugun shu mavzuda mulohaza yuritamiz.

Medal kutilgan Marzaxalilov
-57 kg vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qilgan Mirazizbek Mirzaxalilov kutilmagandan irlandiyalik Entoni Uolkerga imkoniyatni boy berib, musobaqadagi ishtirokini yakunladi. Sport jamoatchiligi mazkur jangda hakamlarning hamyurtimizga nisbatan nohaqlik qilganidan nolimoqda. Jumladan, terma jamoa ustozi Farruh Qilichev Olamsport.com muxbiri bilan suhbatda Miraziz barcha raundlarni o‘z foydasiga hal qilganini aytdi.

Ma’lumot uchun, Mirazizbek Mirzaxalilov jahon va O‘zbekistonning amaldagi chempioni hisoblanadi. 

Mag‘lubiyat kutilgan Fanat
-75 kg vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qilgan Fanat Qahramonov chorak final yo‘lida qozog‘istonlik Abilxan Amanqulga imkoniyatni boy berib qo‘ydi. E’tiborlisi, sportga ixtisoslashgan nashrlar mazkur natijani oldindan kutgan ekan. Bu nima bilan bog‘liq?

Chunki Fanat mazkur vaznda yurtimizning eng kuchli sportchisi hisoblanmaydi. Diqqat qiling, u 2020 yilning noyabr oyida o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatining yarim finalida Saidjamshid Jafarovga yengilgan edi. Bir yil avval esa mazkur vazn finalida Qahramonovni yenggan buxorolik Odiljon Aslonov chempion bo‘lgandi. Xo‘sh, unda nega Fanat Tokioga olib ketildi?
Hammasi oddiy. Murabbiylar shtabi aslida Qahramonovni emas, tajribali Isroil Madrimovni Olimpiadaga olib bormoqchi edi.

Isroil buning uchun Parij mezbonligidagi boks bo‘yicha jahon litsenzion turnirida ishtirok etishi rejalashtirilgan. Biroq, pandemiya tufayli Farangiston poytaxtidagi musobaqa bekor qilindi. Turnir tashkilotchilari mazkur vazn bo‘yicha litsenziya egalari so‘nggi 4 yil (2017-2021) davomida to‘plangan reyting ochkolari orqali aniqlanishini ma’lum qildi. Bilasiz, Isroil Madrimov prof ringdagi faoliyati tufayli havaskor boksda aytarli reytingga ega emas. Shu tufayli yo‘llanma o‘z-o‘zidan Fanat Qahramonovga nasib qildi.

Hakamlarning navbatdagi qurboni
Dilshod Ro‘zmetovni asli kubalik, ammo Ozarboyjon nomidan ishtirok etayotgan Dominges Alfonso musobaqadan chiqarib yubordi. Mutaxassislar mazkur jang taqdirini ham hakamlarning nohaq qarori hal qilganini ta’kidlayapti. 

Ma’lumot uchun, Ro‘zmetov ushbu vaznda mamlakatimizning amaldagi chempioni hisoblanadi. Asosan chap qo‘lda jang qiladigan  bokschining Olimpiadaga yo‘llanma olish tarixi esa Fanat Qahramonovnikiga o‘xshash: litsenzion turnir emas, reyting orqali.

Delegatsiyamizning bo‘lmay qolgan bayroqdori
-69 kg vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qilgan Bobousmon Baturov chorak finalda britaniyalik kuchli raqib Pet Makkormakka yengildi.

Jizzaxlik charm qo‘lqop ustasi o‘z vaznida mamlakatning amaldagi chempioni hisoblanadi. Biroq, uning Olimpiadaga borishini istamagan ishqibozlar talaygina edi. Ular ushbu vaznning haqiqiy sohibi sifatida buxorolik Shahram G‘iyosovni bilishadi. Rivoyat qilishlaricha, Iordaniyaning Amman shahrida o‘tkazilgan Tokio Olimpiadasiga yo‘llanma beruvchi litsenzion musobaqa oldidan terma jamoa murabbiylari Baturov va G‘iyosov o‘rtasida sparring jangini tashkil qilishgan. Natija bo‘yicha murabbiylar va G‘iyosovning fikri turlicha bo‘lgan. Shu tufayli buxorolik sportchi Tokioga o‘zi borishni istagandi.

P.s. Boksdagi natijalarimizga pandemiya ham jiddiy ta’cir qildi. Agar Olimpiada o‘z vaqtida o‘tkazilganda terma jamoamiz safida kamida Isroil Madrimov bo‘lar edi.
 
Muallif: Faxriddin Ro'ziyev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Boks. Rioda yongan chiroq Tokioda o‘chdimi?