08:30 / 31.07.2021
2 034

Mikael Sekeyra: "Ideal o‘yin ko‘rsata oldik"


Coca-Cola Superliganing 13-turidan o‘rin olgan "Lokomotiv" - "Nasaf" (2:0) uchrashuvidan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Mikael Sekeyra matbuot anjumanida ishtirok etdi. U o‘yin haqida o‘z fikrlarini bildirdi va savollarga javob berdi.

- Bugun haqli g‘alabaga erishdik deb o‘ylayman. Birinchi bo‘limning o‘zidayoq yigitlar sifatli futbol namoyish etishdi. O‘yin uslubimizga tanlangan rejani to‘g‘ri bajarib berishdi. "Lokomotiv"ning mavsumdagi eng chiroyli o‘yinlaridan biri bo‘ldi deb hisoblayman. Chunki "Nasaf" juda kuchli jamoa hisoblanadi. O‘zimning fikrimcha, bugun ideal o‘yin ko‘rsata oldik.

- "Istiqlol" jamoasi bilan o‘yinda ham Temurxo‘ja Abduxoliqov o‘ynamagandi, jarohati bor ekan. Azizbek Amonov o‘sha o‘yindayam zaxiradan qo‘shilib gol urgandi. Bugun asosiy tarkibda tushib 2 ta gol urdi. Bu futbolchi haqida fikringiz qanday?
- To‘g‘risini aytsam, indivudial gapirishni yoqtirmayman. Umumiy jamoa haqida aytishim mumkin. Bugungi o‘yinda alohida gapirishga o‘rin yo‘q, bugun jamoaviy chiroyli o‘yin ko‘rsatib natijaga erishdik. Klubimizning barcha a’zolarini tabriklayman. Yordamchi murabbiylarim o‘yinga tayyorgarlik borasida juda yaxshi ishlashdi. Portugaliyada bo‘lgan vaqtimda yordamchi murabbiylarim o‘z vazifalarini a’lo darajada bajarishgani bugungi o‘yinda ko‘rindi. O‘zbekistonga yana qaytganimdan xursandman. Avvalgi o‘yinlarimizda jamoaga nimadir yetishmayotgan edi. "Lokomotiv" har doim yaxshi o‘ynayotgandi, lekin omad kelmayotgandi. Portugaliyadan o‘sha yetishmayotgan jihatni olib keldim shekilli (kuladi). Yana bir bor barchani tabriklayman va rahmat aytaman.

- Jamoani kuchaytirish uchun tushirilgan futbolchilar himoyaga asoslanganini ko‘rishimiz mumkin. Bu o‘yinning borishidan kelib chiqib amalga oshirildimi yoki zaxirada hujumkor futbolchilar yo‘qligi uchunmi?
- Biz shu paytgacha har-xil uslubda o‘ynab ko‘rdik. Oldin amalga oshirilgan uslublardan ozroq olib shu uslubga o‘tdik. Yaxshi savol berdingiz, O‘zbekistonda bu uslub juda qo‘rqinchli emas. Kengroq ochilib bo‘sh joylardan foydalanishni bilish kerak. "Lokomotiv" mavsum boshidan shunaqa uslubda o‘ynayotgandi. "Nasaf"ga qarshi tanlagan uslubimiz ish berdi deb o‘ylayman.

- Jamoa yozgi transfer oynasi vaqtida bir qator xaridlarni amalga oshirdi. Tarkibga jalb etilgan futbolchilar bosh murabbiy tomonidan tanlandimi? Diyego Bardanka iqtisodiy qiyinchilik tufayli jamoani tark etganini aytdi, bu to‘g‘rimi?
- Birinchi navbatda Bardanka haqidagi savolni yopmoqchiman. U oilaviy sharoiti tufayli ketgan. "Lokomotiv" katta klub va moliyaviy muammolari yo‘q. Klubda halol odamlar ishlaydi, oylik maoshlar vaqtida berib kelinmoqda.

Tarkibga jalb etilgan futbolchilar o‘zimning qarorimga ko‘ra tanlandi. Xuddi bugungi kabi ishtiyoqli o‘yinni kutgandim. "Nasaf" juda yaxshi shakllangan jamoa. "Lokomotiv" yana o‘ziga o‘xshab o‘yin namoyish etayotganidan xursandman.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Mikael Sekeyra: "Ideal o‘yin ko‘rsata oldik"