22:33 / 31.07.2021
2 225

Shomurodovning izidan boringlar!


Eldor Shomurodovning “Roma”ga o‘tayotgani Rossiya matbuotida ham keng muhokama qilinmoqda. Rossiyalik jurnalistlar yetakchi rus futbolchilarining kuchli beshlik chempionatlaridagi o‘rtamiyona jamoalarda to‘p tepgandan ko‘ra, mamlakatlarning kuchli klublarida o‘ynab, Yevrokuboklarda bir-ikkita uchrashuvda qatnashishni ma’qul ko‘rayotganini tanqid qilmoqda.

Rus matbuotining yozishicha, rossiyalik futbolchilar ham Eldor Shomurodov kabi o‘z oldiga maqsad qo‘yish va u sari intilishni o‘rganishi kerak!

Oxirgi bir yil ichida Rossiya premer-ligasidan kuchli beshlik chempionatlari orasida murakkabligi bilan ajralib turadigan A Seriyaga uch nafar futbolchi yo‘l oldi. Dastlab, bir necha mavsum davomida Moskvaning “Lokomotiv” jamoasi bo‘lgan Aleksey Miranchuk Italiyaning ancha kuchli klubi – “Atalanta” safiga qabul qilindi.

Keyinroq, “Rostov” o‘z yetakchisi Eldor Shomurodovni bir necha klublardan taklif bo‘lganiga qaramay, kamtargina “Jenoa”ga transfer qildi.

“Spartak”da o‘zini ko‘rsata olmagan Aleksandr Kokorinning omadi kelib, “Fiorentina” bilan shartnoma tuzishga erishdi.
Ekspertlar xorijdan jamoa tanlashda o‘zbek futbolchisi to‘g‘ri yo‘l tutganini ta’kidlamoqda. Eldor yuqori o‘rinlar uchun kurashayotgan jamoa o‘rniga autsayderlardan beriga o‘tdi. Yangi chempionatga moslashayotgan o‘yinchi uchun o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish muhim. Shomurodov balki qudratliroq klubga o‘tganida o‘yin amaliyoti borasida muammoga duch kelishi mumkin edi, lekin Genuyada u tez orada boshqa futbolchilardan qolishmasligini isbotlay oldi.

Yuqorida nomi keltirilgan Rossiyadan Italiyaga yo‘l olgan uch futbolchi orasida faqatgina Eldor asosiy tarkib o‘yinchisiga aylana oldi xolos. Shomurodov A Seriya va Italiya kubogida jami 32 marta maydonga tushib, sakkizta to‘p kiritdi va ikkita golli pas oshirdi.  Eldor debyut mavsumida jami 1756, bir o‘yinda o‘rtacha 55 daqiqa maydonda harakat qildi.

Aleksey Miranchukning “Atalanta”dagi statistik natijalari – 31 ta o‘yindagi yettita gol va ikkita golli pas Shomurodovnikiga yaqin. Biroq rossiyalik yarim himoyachi ilk mavsumida atigi 818, bir o‘yinda o‘rtacha 26-27 daqiqa o‘yin o‘tkazdi. Bu Eldordan farqli ravishda Miranchukning zaxira futbolchisi ekanidan dalolat beradi.

Aleksandr Kokorin esa, “Fiorentina” uchun eng omadsiz transferlardan bo‘ldi. Italiyada o‘yini ochilishi kutilgan hujumchi to‘rt marta maydonga tushdi, lekin biror samarali harakatni amalga oshira olmadi. Yarim mavsum davomida atigi 91 daqiqa to‘p tepish legioner hujumchi uchun juda kamtar ko‘rsatkich.

Rossiyaning www.rusfootball.info sayti ekspertlarining yozishicha, Aleksey Miranchukning ham, Aleksandr Kokorinning ham hozirgi jamoalaridagi kelajagi ancha mavhum. Ular o‘zlarini ko‘rsatishi uchun kamida Eldor Shomurodovdek mehnat qilishi kerak.

Ushbu sayt xodimlari, rossiyalik yosh futbolchilarga xorijga yo‘l oladigan bo‘lsa, Aleksandr Kokorindan emas, balki Eldor Shomurodovdan o‘rnak olish lozimligini ta’kidlamoqda. Chunki o‘zbekistonlik hujumchi mehnatkashligi, intiluvchanligi, bir so‘z bilan aytganda, futbolga munosabati to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgani bilan asosiy vazifasi A Seriyadagi joyini saqlab qolish bo‘lgan “Jenoa”dan yuqori maqsadlar sari kurashadigan grandlar qatorida zikr etilayotgan “Roma”ga o‘tmoqda.

Bu borada Eldor Shomurodovga dunyoning eng kuchli murabbiylaridan bo‘lgan Joze Mourinoning ustozlik qilishi hamyurtimizning yangi qirralarini ochilishiga sabab bo‘ladi. Chunki Mourino turli kashfiyotlar qilishni xush ko‘radigan va boshqalarga o‘xshamagan murabbiy ekanini hamma yaxshi biladi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodovning izidan boringlar!