23:00 / 13.08.2021
3 608

Srechko Katanes - bu tavakkalchilikmi? Mutaxassis nima deydi?

Srechko Katanes - bu tavakkalchilikmi? Mutaxassis nima deydi?
Kechadan beri O‘FA tomonidan milliy terma jamoaga Srechko Katanetsning bosh murabbiy etib tayinlanishi kutilayotgani haqidagi xabar asosiy mavzuga aylandi. Tabiiyki, shunga yarasha mazkur masala yuzasidan bildirilayotgan fikr va mulohazalar ko‘payib boryapti.

Chunki O‘FAda terma jamoani boshqarishi mumkin bo‘lgan bir nechta nomzodlar bor edi. Oxir-oqibat sloveniyalik mutaxassis rahbariyat tomonidan ma’qullanmoqda.

O‘z vaqtida milliy terma jamoa tarkibida ko‘plab o‘yinlarda ishtirok etgan va hozirda “Sho‘rtan”ga bosh murabbiylik qilayotgan Asror Aliqulov terma jamoaga yangi kelayotgan murabbiy haqida fikr bildirdi.

- Men ham Srechko Katanes yurtimizga kelayotgani haqida o‘qidim. To‘g‘risini aytsam, hali uning oldingi ish faoliyati bilan yaqindan tanishishga vaqt topa olganim yo‘q. O‘ylaymanki, bizning rahbariyat ham yangi mutaxassisni tanlash jarayonida uni har tomonlama o‘ylab chiqqan. Bizning orzuimiz nimaligini hamma biladi. Xalqimiz terma jamoamizni jahon chempionatida ko‘rishni juda xohlashadi. Mana shu orzu yana cho‘zilib ketmasligi kerak. Shuning uchun ushbu orzu yo‘lida tanlangan murabbiy varianti keyinchalik xato qaror bo‘lib chiqmasin. Milliy terma jamoada qanday murabbiy ishlashidan qat’iy nazar uni barchamiz qo‘llab-quvvatlashimiz kerak. Birgina uning o‘zi javobgar bo‘lib, qolganlar tomoshabin sifatida qolib ketmasligi kerak. Axir hammamiz ham O‘zbekistonning orzusiga erishishini istaymiz. Birinchi navbatda Katanes omadli murabbiy bo‘lsin, - dedi Aliqulov.

Aslida Aliqulov milliy terma jamoamizda qanday murabbiyni kutgandi? Unga mana shu savol bilan murojaat qildik.
- Qanday murabbiy kutgandim? Rostini aytadigan bo‘lsam, o‘zimizning mahalliy murabbiylarga ham e’tibor qaratilsa kerak deb o‘ylagandim. Bu albatta, mening shaxsiy fikrim. Ularga ham imkoniyat berish kerakmidi yoki yo‘qmi, bilmadim. Ammo ular o‘zbek futbolchilarining imkoniyatlarini, yutuq va kamchiliklarini tashqaridagi mutaxassisdan ko‘ra yaxshiroq biladilar. Yana qaytaraman: yangi tanlangan murabbiy omadli bo‘lsin. Agar u tasdiqlansa, barchamiz maqsadimizga erishish yo‘lida yangi mutaxassisni qo‘llab-quvvatlashimiz lozim.

Har kim o‘z fikrini bildirishga haqli. Shu ma’noda terma jamoamizda uzoq yil to‘p surgan sobiq futbolchi o‘z munosabatini bildirmoqda. Mahalliy murabbiy deganda kimni nazarda tutganiga qiziqdik va bu borada ochiqroq fikr bildirishini so‘radik.

- Masalan, Ro‘ziqul Berdiyev haqida ko‘p yozildi. Esimda, bir necha yil oldin milliy terma jamoamizni bitta o‘yinda boshqargandi. Balki mana shu nomzod tasdiqlansa ham kerak, degan fikrga ham borgandim. Ro‘ziqul akaning bir necha yillik yig‘ilgan tajribasi inobatga olinib, ishlashi mumkin deb o‘ylagandim. Lekin barchasi rahbariyatga bog‘liq. Yangi murabbiy tanlandi. Terma jamoamizda rasman ish boshlagan kunidan unga ishonishni boshlashimiz lozim. Yuqorida aytganimdek, Srechko Katanetsning oldingi faoliyatini o‘rganib chiqishga hali vaqt topa olganim yo‘q. Lekin bu nomzodni o‘qishim bilanoq qiziqish bildirdim. Shu sababdan hozirdan u haqida qandaydir fikr bildirishga tayyor emasman. Muhimi, Katanetsning qadami qutlug‘ kelsin.

Milliy terma jamoamizning oxirgi o‘yinidan keyin barchada yoqimsiz kayfiyat paydo bo‘ldi. Tanqidlar ko‘p aytildi va kamchiliklar ham. Shulardan kelib chiqqanda go‘yoki jamoa ayanchli ahvolga kelib qolgandek tasavvur uyg‘otdi. Bu masalada Aliqulov o‘z munosabatini quyidagicha bildirdi.

- Terma jamoamizni ayanchli holatda deb o‘ylamayman. Negaki, bizda yaxshi saviyadagi futbolchilar yetarli. Ayanchli deyish noo‘rin bo‘ladi. Osiyo miqyosida ham bizda munosib o‘yinchilar yetarlicha. Hammani joy-joyiga qo‘yishda futbolchilar bilan birdamlikni topish kerak. Terma jamoamizning oxirgi o‘yinlarini ko‘rganimizda bizga omad yetishmadi demagan bo‘lardim. Muxlislarga qanaqa futbol yoqadi? Hujumkor o‘yin. Futbolchilarimizga ishtiyoqi va shijoati yetmagandek tuyuldi. Bizning maqsadimiz aniq va shunga yarasha g‘alaba qozonishimiz kerak. Bizda o‘sha kamchiliklar ko‘zga tashlandi. Vaholanki, futbolchilarimizning saviyasi past emas. Murabbiy o‘yinchilarni tanlash jarayonida to‘g‘ri yo‘l tutadi deb o‘ylayman.

Xullas, katta ehtimol bilan Katanes yangi bosh murabbiyga aylanadi. Uning nomzodi tavakkalchilikmi, degan savolga mutaxassisning javobi shunday bo‘ldi:
- Katanes nomzodini tavakkalchilik deyish qiyin. Bu murabbiy variantiga to‘xtashdan oldin uni yaxshilab o‘rganib chiqishgan. Shuning uchun ham tavakkalchilik deb o‘ylamayman. Katanes past saviyadagi murabbiy emas. Masalan, Ektor Kuper kelganida uni nomi bor dedik. Keyin uslubi eskicha, himoyaviy futbol deb atadik. Har bir murabbiyning dunyoqarishidan kelib chiqib, o‘ziga yarasha taktikasi bo‘ladi. Uning uslubiga futbolchilarimiz tez ko‘nikishi va qo‘llaydigan taktikasi ham bizning futbolga mos tushishi muhim. Hammasi bir-biriga bog‘liq. Rasman ish kirishgach, unga ishonamiz va omad tilayman.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Srechko Katanes - bu tavakkalchilikmi? Mutaxassis nima deydi?