00:30 / 16.09.2021
1 984

Piter Xyuistra matbuot anjumanida bugungi o‘yin haqida nimalar dedi?

Piter Xyuistra matbuot anjumanida bugungi o‘yin haqida nimalar dedi?
Superliganing 18-turi doirasida "Navbahor"ga qarshi bahsdan keyin "Paxtakor" bosh murabbiyi Piter Xyuistra o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
- Bugungi uchrashuv "Metallurg" bilan o‘yindan farqli bo‘ldi, deya olaman. Raqib yaxshi himoyalandi. Biz albatta vaziyatlar yarata oldik. "Navbahor" so‘nggi to‘rtta o‘yinda bitta gol o‘tkazib yuborgandi. Himoyada uyushqoq harakat qilishar ekan. Bugun ham shunday bo‘ldi. Tan olish kerak, raqib himoyachilari munosib qarshilik qildi. Ikkinchi bo‘limda to‘p nazorati 75ga 25 bo‘lganini o‘zi aytib turibdi. Ortiqcha sharh shart bo‘lmasa kerak",- deydi Piter Xyuistra.

- Bugun barcha futbolchilar piyoda yurib futbol o‘ynashdi. Bunday "Paxtakor"ni oldin ko‘rmaganmiz. O‘yinchilarni tajribasi bor. Saviyasi baland. Shuning evaziga yuqori o‘rinlarda ketmoqda. Lekin bugun futbol o‘ynashni istashmadi. Yoki sizlar o‘zbek futbolidan zerikdinglarmi?
- Men bu borada boshqacha fikrdaman. O‘yinga chuqur e’tibor beradigan bo‘lsak, odatda zamonaviy futbolda to‘pga ko‘p egalik qiladigan jamoa kam yuguradi. Chunki to‘p sizda bo‘ladi va o‘yinni siz boshqarasiz. Shu bois bugun o‘z o‘yinimizni tashkil qilish borasida muammo bo‘lgani yo‘q, deb o‘ylayman. Biz har doimgidek o‘yinni nazorat qildik. Kerak pallada bo‘sh zonalardan tavakkal uzatmalar amalga oshirdik. Birga-bir vaziyatlarga chiqib borishga urinishdi. O‘zbek futbolini rivojlantirish uchun himoyada to‘g‘ri kelgancha o‘ynash emas, aksincha siz istagan o‘yinga raqibni majbur qila olishingiz kerak.

- Superliga jamoalari bilan o‘yinlarda mahorat yuqori ekanligi ko‘rinmoqda. Lekin ijodkorlik yo‘qdek ko‘rinmoqda. Mazkur holat Chempionlar Ligasida ham oyoqdan chalishidan qo‘rqmaysizmi?
- Bu fikringizga qo‘shilmagan bo‘lardim. "Metallurg" bilan o‘yinni ko‘rgan bo‘lsangiz, biz juda ko‘p vaziyatlar yaratdik. Hozirgi asosiy farq Masharipovda bo‘lmoqda. Buni tan olish kerak. Hozir Xojimat Erkinov va Diyor Holmatov ishonch orttirib o‘sib borishmoqda. Biz har doim ijodkorlikka harakat qilganmiz.

- Oxirgi marta Namanganda o‘ynaganinglarda, hujumkor, keskin o‘yin guvohiga aylangandik. O‘sha paytdagi “Navbahor” bilan hozirgisini taqqoslay olasizmi?
- Iyun oyida “Navbahor” tarkibida o‘zgarishlar kuzatildi, yangi futbolchilar kelishdi. Shundan keyin jamoaning himoyada ancha uyushqoq to‘p tepayotganiga e’tibor qaratmoqchiman. Buni oxirgi to‘rtta o‘yinda faqat bitta gol o‘tkazib yuborishgani ham tasdiqlaydi. “Navbahor”ning yangi o‘yinchilaridan markaziy himoyachi Boyan Sigerni alohida ko‘rsatib o‘tgan bo‘lardim, ancha ishonchli o‘ynayapti.

- Muxlislarning stadionga kiritilishi masalasida nima deysiz?
- Buni boshqaruv organlari hal qiladi. Qachonki, to‘liq xavfsizlik ta’minlansa, keyin ruxsat beriladi. Lekin albatta, muxlislarning stadionga kiritilishini ma’qullayman, chunki muxlislar bilan o‘tadigan o‘yin bilan muxlislarsiz o‘yin - bu ikki xil narsa. Emotsiyalar boshqacha bo‘ladi.

- “Paxtakor” qaysi jamoalarni o‘ziga asosiy raqib deb biladi, ularning orasida “Navbahor” ham bormi?
- Birinchi navbatda, turnir jadvalining yuqori qismida borayotgan jamoalarni aytgan bo‘lardim. Ular orasiga “Navbahor” ham ancha yaqinlashib qoldi. Aynan shu raqiblarni prinsipial deb atashim mumkin.

- Bugungi o‘yinda “Paxtakor” bir ochko oldimi yoki ikki ochko yo‘qotdimi?
- Har doim ikki ochko yo‘qotdik, deb aytish mumkin. Lekin mavsum davomida ko‘p o‘yinlar o‘tkaziladi, shu bois, olingan ochkoni qabul qilishga majbur bo‘lamiz. Bu mavsum faqat uchta o‘yinda ochko yo‘qotdik, ularda durang o‘ynadik. Shunday bo‘lsada, bor e’tiborimizni o‘sishga, keyingi o‘yinlarga qaratamiz. Bugungi o‘yinni, keyingi bahsdagi raqibimizni tahlil qilamiz. Xatolar ustida futbolchilar bilan ishlaymiz. Futbolchilarimizning astoydil ishlayotganidan xursandman. Oxirgi ikki oy ko‘p narsani hal qiladi, keyingi o‘yinlarga har taraflama tayyor bo‘lish kerak.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Piter Xyuistra matbuot anjumanida bugungi o‘yin haqida nimalar dedi?