4 056
Andijonga shunday murabbiy kelyaptiki, bu uning ilk tashrifi yoxud "Bobur arena"da "mo‘’jiza" ko‘ramizmi?
Superliganing 19-turini 19 sentabr kuni “Andijon” – “Paxtakor” jamoalari boshlab beradi. O‘yin soat 16:00 ga belgilangan. Vaziyat shundayki, turnir jadvalini “Paxtakor” boshqarib, “Andijon” yakunlab turibdi. Biz ushbu o‘yin atrofida fikr-mulohaza yuritib ko‘ramiz.
Alamli mag‘lubiyat
“Andijon” 16-turda o‘z uyida “Bunyodkor”ga yirik hisobda yutqazgach, mezbonlar ustozi Viktor Kumikov oldimizda turgan “Mash’al” hamda “Metallurg”ni yutsak vaziyat o‘zgarishi haqida gapirgandi. 17-turda andijonliklar “Mash’al” maydonida o‘ta qimmatli g‘alabani qo‘lga kiritib qaytdi. Kumikov bejizga aytmagan ekan-da, degan xayolga bordik. Muxlislarda ham yana ishonch uyg‘ondi. Chunki keyingi raqib “Metallurg” edi. Raqibga hurmatni saqlagan holda aytganda, andijonliklar Muborakdagi g‘alabadan so‘ng, bu safar ham uch ochkoni qo‘lga kiritishi taxmin qilingandi. O‘yinni stadionda kuzatib shunga amin bo‘ldikki, jamoalar bir-biriga munosib edilar.
“Metallurg” yettita o‘yindagi g‘alabasiz seriyasiga Andijonda barham bermoqchi edi. Ammo ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida Usmonali Ismonaliyevning golidan so‘ng “Andijon”ning g‘alabasiga ko‘pchilik ishona boshladi. Ammo keyinchalik o‘yinning oxiri maydon egalari uchun xuddi qo‘rqinchlik tush kabi bo‘lishini hech kim o‘ylamasdi. 4 daqiqa ichida 2 ta gol urib qahramonlik ko‘rsatgan “Metallurg” “Andijon”ning og‘zidan g‘alabani naqd yulib oldi. Mezbonlar esa og‘zidagi oshni oldirib qolaverdi. Bu o‘yindagi g‘alaba andijonliklar uchun o‘ta muhim edi. Hatto durang ham qoniqtirmasdi. Biroq yakunda alamli mag‘lubiyatga uchradilar. Bu esa “Andijon”ga ruhiy tarafdan o‘ta jiddiy zarba bo‘ldi.
Statistika nima deydi?
“Andijon”ning keyingi raqibi “Paxtakor”. Bu hamma vaqt “Burgutlar” uchun juda noqulay raqib bo‘lib kelgan. Hozir bu jamoalarning imkoniyatlari haqida gapirmoqchi emasmiz. Shunchaki, ularning o‘zaro o‘yinlardagi statistikasiga qaramoqchimiz. Yakshanba kuni “Bobur arena”dagi o‘yin oldidan “Andijon” bilan “Paxtakor” 51 marta to‘qnash kelgan. Farq yer bilan osmoncha. “Andijon” chempionni chempionat mobaynida 4 bor yutgan. Ilk g‘alabasini 2001 yili qo‘lga kiritgan. O‘shanda “Andijon” sobiq “Navro‘z” stadionida “Paxtakor”ni 1:0 hisobida mag‘lub etgan. Ikkinchi g‘alabasi 2003 yilga to‘g‘ri keladi. O‘shanda ham andijonliklar o‘z maydonida yana 1:0 hisobida g‘alaba qozongan. 2011 yilgi mavsumda “Paxtakor” “Andijon” maydonida mag‘lubiyatga uchraydi. O‘shanda Lochin Soliyevning dubli evaziga mezbonlar 2:1 hisobida muvaffaqiyat qozongan. Oxirgi g‘alabasi 2016 yilgi mavsumda yuz bergan. Ikkinchi davradagi bahsda “Andijon” o‘z uyida yagona gol evaziga “Paxtakor”ni mag‘lub etgan. Darvoqe, 8 ta o‘yinda kuchlar teng kelgan. To‘plar nisbatidagi tafovut ham juda katta. “Andijon” 34 ta gol urgan va “Paxtakor”dan 125 ta to‘p o‘tkazib yuborgan.
“Paxtakor”ga qarshi o‘yinda “Andijon”dan nima kutish mumkin?
Yuqorida aytganimizdek, turnir jadvalini “Paxtakor” boshqarib, “Andijon” yakunlab turibdi. Natijalari va ko‘rsatkichlari ham shunga yarasha. “Paxtakor” mag‘lubiyatsiz seriyasini davom ettirib 48 ochko bilan yakka peshqadam bo‘lib kelyapti. Yaqin ta’qibchisidan 14 ochkoga ilgarilab ketgan. Hamma tushunib turibdiki, bu yil ham “Paxtakor” chempion! Bunga hech kim shubha qilmayapti. Bu jamoani yutishga chempionatimizda hech kimning kuchi yetmayapti. Endi faraz qiling, biror jamoa “Paxtakor”ni yuta olmayotganida “Andijon”ning bunga qurbi yetadimi? Kimdan so‘ramaylik, “Paxtakor”ning katta qiyinchiliksiz g‘alabasiga ishonyapti. Shubhasiz, raqib mezbonlardan ikki-uch barobar kuchli. “Andijon” “Metallurg”ga yutqazgach, ruhiy tushkunlikka tushgan.
Viktor Kumikov “Paxtakor” bilan uchrashuvgacha futbolchilarni bu ruhiy o‘radan olib chiqishga ulgura oladimi? Lekin tarkib, saviya, o‘yin bo‘yicha baribir raqib o‘ta kuchli. Ko‘pchilik uchun bu xuddi amalga oshirib bo‘lmas ishdek ko‘rinyapti. Bu uchrashuvda “Andijon”ning biror natijaga erishishiga faqat “Paxtakor”ning o‘zi ko‘maklashib yuborishi mumkin. Ya’ni, chempionat karvonboshisi raqibni mensimasdan maydonga tushgudek bo‘lsa, balki shunda nimadir qila olishlari mumkin. Bu o‘yinda “Paxtakor”dan ham ko‘ra, Superligada qolish uchun kurashayotgan “Andijon”ga ochko suv va havodek zarur bo‘lib turgan bir paytda mezbonlarning kuchli raqibga qarshi o‘yinda bu ishni uddalay olishiga qurbi yetishi shubha ostida.
“Andijon” uchun taqvim shunchaki “dahshat!”
“Metallurg”ga boy berilgan o‘yin chempionat yakunida “Andijon”ga juda qimmatga tushadi. O‘sha uchrashuvda albatta yutishi shart edi. Mayli, bo‘lar ish bo‘lib o‘tdi. Biz shunchaki “Andijon”ning keyingi raqiblariga qarayapmiz. “Paxtakor”ni qabul qilganidan keyin jamoa 20-turda vodiy derbisida “Qo‘qon-1912” mehmoni bo‘ladi. Keling, turma-tur keltirib o‘tsak, 21-tur “Andijon” – “So‘g‘diyona”; 22-tur “Lokomotiv” – “Andijon”; 23-tur “Andijon” – “Nasaf”; 24-tur AGMK – “Andijon”; 25-tur “Andijon” – “Navbahor; 26-tur “Turon” – “Andijon”.
Izohga hojat yo‘q, shundaymi? O‘zi Superligada qolish imkoniyatini borgan sari pasaytirayotgan bo‘lsa-yu, oldidan turgan raqiblariga bir qarang! To‘g‘ri, podadan oldin chang chiqarmaslik kerak. Kim biladi, balki “Andijon” kuchli raqiblarga qarshi “mo‘’jiza” ko‘rsatishga qodir bo‘lar, futbolda kim yutishini oldindan ayta olmaymiz, faqat taxmin qila olamiz xolos. Shuni hisobga olganda, amaliy jihatdan hali imkoniyat bor. Ammo endi voqelikka real qaraylik-chi, siz bu o‘yinlarda “Andijon”dan nima kutyapsiz? Ya’ni, bir-biridan qiyin va medallar uchun kurashayotgan jamoalarga qarshi o‘yinlarda Kumikov shogirdlari “tirik” qoladilarmi? Aksiga olib, “Andijon”ning tarkibi kuchli emas. Futbolchilarning tajribasi ham yetmayapti. Bular shunchaki haqiqat. Jamoaga nima yordam beradi? Faqat katta ishtiyoq va ruhiy tayyorgarlik.
Siz buni bilarmidingiz?
Darvoqe, Andijonga shunday murabbiy kelyaptiki, bu uning ilk tashrifi! Gap “Paxtakor” bosh murabbiyi Piter Xyuistra haqida ketyapti. U yurtimizda ishlayotganidan beri hali Andijonda bo‘lmagan. Demak, Xyuistraning “Andijon” maydonidagi birinchi o‘yiniga guvoh bo‘lamiz!
Buni sizga aniqroq tushuntirsak, yana bir qiziq jihat yuzaga chiqadi. “Paxtakor”ning Andijondagi oxirgi o‘yini 2016 yilning 3 avgust kuni sodir bo‘lgan. Yuqorida aytdik, o‘shanda “Andijon” klubi 1:0 hisobida g‘alaba qozongan. Shundan beri “Paxtakor” bu raqibiga qarshi o‘yinlarni Toshkentda va yana boshqa stadionlarda o‘tkazdi. Bu jamoalarning 2016 yilgi to‘qnashuvidan uch yil o‘tib, 2019 yilda ular yana uchrashishdi. Ungacha “Andijon” birinchi ligada edi. Turli manbalarda o‘sha 2019 yilgi mavsumning birinchi davrasida “Paxtakor” “Andijon” maydonidan yirik g‘alaba bilan qaytgani ko‘rsatilgan. Biroq turli sabablarga ko‘ra, o‘sha o‘yin Andijonda emas, balki Farg‘onadagi “Istiqlol” stadionida o‘tkazilganini eslatib o‘tmoqchimiz.
O‘tgan yilgi har ikkala o‘yin ham Toshkentda bo‘lib o‘tdi. Eslasangiz, pandemiya sababli chempionatimizdagi o‘yinlar markazlashgan holda o‘tkazilgan. Shu bois “Andijon” rasmiy mezbon sifatida “Lokomotiv” stadionida “Paxtakor”ni qabul qilgan. Ammo o‘sha o‘yin o‘tkazilmasligi katta ehtimol edi. Yodingizda bo‘lsa, klub bankrotlik yoqasiga kelib qolgandi. Lekin bir amallab “Andijon” Kumikov boshchiligida o‘yin kuni Toshkentga yetib kelgan va o‘shanda Sergeyev bilan Cheranning gollari “Paxtakor”ga g‘alaba keltirgan. Xyuistraning “Paxtakor”da 2017 yildan beri ishlayotganini hisobga olsak, chindan ham bu safar uning Andijonga birinchi tashrifi bo‘lishi borasida yuqoridagi sabablardan kelib chiqib, javob oldingiz, deb o‘ylaymiz.
Shuhratbek Jo‘rayev
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
AQSH Isroilga puli to‘langan buldozerlarni bermadi
Frontdagi vaziyat: Rossiya harbiylari Kursk oblastida qarshi hujumga tayyorlanmoqda
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Rossiya Kursk viloyatidagi hududlarini qaytarib olishga 50 ming harbiy to‘pladi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Trampning o‘g‘li Zelenskiy yaqin orada «nafaqadan» mahrum bo‘lishini yozdi
Ukraina QK bosh qo‘mondoni: “Frontdagi vaziyat murakkab va keskinlashishi mumkin”
NATO sobiq qo‘mondoni: “Putin Ukrainaning taxminan 20 foizini qo‘lga kiritadi”