19:52 / 19.09.2021
1 455

Piter Xyuistra "Paxtakor"ning mavsumdagi ilk mag‘lubiyatiga nima sabab bo‘lganini aytdi

Piter Xyuistra "Paxtakor"ning mavsumdagi ilk mag‘lubiyatiga nima sabab bo‘lganini aytdi
Superliganing 19-turidan o‘rin olgan "Andijon" - "Paxtakor" (1:0) uchrashuvidan so‘ng mehmonlar bosh murabbiyi Piter Xyuistra fikrlarini bildirib o‘tdi.
"Bugun bizga qiyin bo‘ldi. "Andijon" hisobda oldinga chiqib olganidan so‘ng juda zich himoyalandi. Shu bois yorib o‘tishimiz qiyin kechdi. Ularni g‘alaba bilan tabriklayman. Biz esa mavsumdagi birinchi mag‘lubiyatimizni qabul qilib oldik. Oldinga qarab intilishda davom etamiz", – deydi Piter Xyuistra.

- "Andijon"ning oxirgi o‘rinda ekanligi futbolchilarni bo‘shashtirib qo‘ydimi?
- Oldin ham, hozir ham aytaman – Superligada oson o‘yinlar yo‘q. "Andijon" zich himoyalanib, turnir jadvalining yuqorisidagi jamoalarni qiynab qo‘yishi mumkin. Bugun shunga guvoh bo‘ldik.

- "Paxtakor" davlat tasarrufiga qaytgach o‘yinida pasayish yuzaga kelyapti. Jamoaning oldingi kuchi yo‘q. O‘yinlarda qiynalib yutmoqda. Moddiy tomondan qo‘llab-quvvatlashda muammo bo‘lyaptimi?
- Moddiy tomondan hech qanday muammo yo‘q.

- Unday bo‘lsa, pasayishning sababi nimada?
- Yo‘q, masalan "Metallurg"ga uchta gol urdik. "Navbahor" bilan juda yaxshi o‘ynadik. Lekin bugun natija ko‘rsata olmadik. Turnir jadvalida oxirgi o‘rinda borayotgan jamoalar bilan o‘yinlarda gol o‘tkazib yuborsangiz, ular zich himoyalanishni boshlashadi. Bunday maydonda futbol o‘ynashning imkoni yo‘q. To‘pni faqat oldinga tepib yuborish bilan cheklandik. Bu bizning futbol emas.

- O‘yinni boshqargan hakamlar guruhiga e’tirozlar bo‘ldi. Buni nima bilan izohlaysiz?
- O‘yin davomida hech narsa deganim yo‘q. Faqat ikkinchi bo‘limga 4 daqiqa qo‘shib berilgani uchun e’tiroz bildirdim. Ko‘plab o‘zgarishlar amalga oshirildi. Shuningdek, "Andijon" futbolchilari "yotib olishdi". Bu vaqtni oldi.

- Maydonning aynan qaysi holatiga e’tirozingiz bor? Oldin ham ko‘p jamoalar o‘ynagan, lekin maydon haqida gapirishmagandi...
- Birinchi o‘rinda maydonga yaxshilab e’tibor berishlarini, parvarishlashlarini so‘rab qolgan bo‘lardim.

- "Paxtakor" Superligada bir necha yildan beri yaqqol yetakchilikni qo‘liga olyapti. Murabbiy sifatida raqobat bo‘lmasligiga qanday qaraysiz?
- Superligadagi raqobat yaxshi, deb o‘ylayman. Bizdan keyingi jamoalarning saviyasi, o‘yin darajasi bir-biriga yaqin. Ko‘p jamoalarda yosh futbolchilar o‘ynamoqda. Bu o‘zbek futbolining kelajagi uchun foydalidir.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Sport » Piter Xyuistra "Paxtakor"ning mavsumdagi ilk mag‘lubiyatiga nima sabab bo‘lganini aytdi
[/banner_pushhouse