08:20 / 22.10.2021
5 629

“Roma” fanatlari Shomurodov va jamoadoshlarining "po‘stagini qoqdi"!

“Roma” fanatlari Shomurodov va jamoadoshlarining "po‘stagini qoqdi"!
UYEFA Konferensiyalar ligasi g‘olibligiga asosiy da’vogarlardan bo‘lgan “Roma” guruh bosqichining uchinchi turida Norvegiyada sharmanda bo‘ldi. Ushbu uchrashuv oldidan g‘alaba qozonishi kutilgan rimliklar 1:6 hisobida qaqshatqich zarbaga uchradi.

Rim dunyoning tarixiy mamlakati, qadimiy poytaxt, katta imperiyaning markazi bo‘lgan. “Budyo-Glimt” jamoasi sharafini himoya qiladigan Budyo shahrida esa atigi 45 ming oli istiqomat qiladi. Yilning aksariyat qismida sovuq hukmronlik qiladigan shu kichkina shaharcha futbolchilari futbol markazlaridan hisoblangan Rimni tiz cho‘ktirdi.

O‘yinning birinchi bo‘limini 2:1 hisobida o‘z foydasiga hal qilgan “Budyo-Glimt” futbolchilari keyingi 45 daqiqalikda “Roma” futbolchilarini sharmanda qilib tashladi. Joze Mourino o‘yinni qutqarib qolish maqsadida, tanaffusdan so‘ng maydonga Eldor Shomurodov, Brayan Kristante va Genrix Mxitaryanni tashladi. Keyinroq, yordamga Temmi Abraxam va Lorenso Pellegrini qo‘shildi.

Biroq, mezbonlar raqibning jangovar tarkibini parchalab tashladi va yana to‘rtta gol urdi. Dahshatli hisob – 6:1.

Joze Mourino uzoq yillik faoliyati davomida ilk bor oltita to‘p o‘tkazilgan mag‘lubiyatni qabul qilib oldi. Bungacha, portugaliyalik mutaxassis shogirdlari ko‘pi bilan beshta to‘p o‘tkazgan. Bu 2010 yili “Real” va “Barselona” o‘yinida yuz bergan. Bu gal kichkinagina jamoa Mourinoni tiz cho‘ktirdi. “Napoli”ga qarshi bo‘ladigan uy uchrashuvidan oldin, kayfiyat yer bilan bitta bo‘lgani aniq.

Yana bir qiziq ma’lumot – uchrashuvda dubl qayd etib, uchta golli pas uzatgan Erik Botxeym jahonning eng zo‘r hujumchilaridan biri Erling Xolandning yaqin do‘sti ekan. 21 yoshli bu futbolchi Norvegiyada yetishib chiqayotgan to‘purar hujumchilar avlodining yana bir kelajagi porloq vakilidir.

Aytishlaricha, Erling Xoland “Budyo-Glimt” jamoasining har bir uchrashuvini tomosha qilar ekan. Kechagi tarixiy o‘yin ham bundan mustasno emas.

“Roma” uchun yirik hisobdagi mag‘lubiyatlar odatiy hol hisoblanadi. Mourinogacha ham bu jamoa qaqshatqich zarbalarni qabul qilib olgan. So‘nggisi 2019 yili Italiya kubogida “Fiorentina”dan qabul qilib olgan – 1:7. Xuddi shu hisob Yevrokuboklarda “Manchester Yunayted” va “Bavariya” bilan o‘yinlarda ham qayd etilgan.

O‘tgan yili ilk marotaba Norvegiya chempionati g‘olibiga aylangan “Budyo-Glimt” futbol olamida eng shimoliy hududdan chiqqan chempion sifatida tarixga kirgan.

“Budyo-Glimt”ga qarshi o‘yinda JozeMourino shogirdlarini qo‘llab-quvvatlash uchun sovuq o‘lkaga Rimdan 400 nafardan ziyod ashaddiy muxlis tashrif buyurdi. G‘alaba ilinjida kelgan italiyaliklar Mourinoning eksperimenti – zaxira kuchlaridan foydalanish taktikasi tufayli qaqshatqich mag‘lubiyat guvohiga aylandi. To‘g‘risi, ikkinchi bo‘limda o‘yinga qo‘shilgan asosiy futbolchilar ham hech narsani qoyillatgani yo‘q, aksincha hisob yirik ko‘rinishga kelib qoldi.

- Men shu tarkibni tanlaganim uchun mag‘lubiyat uchun javobgarlik mening bo‘ynimda. Yaxshi niyatda shunday qilgan edim. Mashg‘ulotlarda ko‘p ter to‘kayotgan zaxiradagi o‘yinchilarni maydonga tushirdim. Havo sovuq va maydon sun’iy qoplamali bo‘lgani uchun asosiy tarkibning aksariyat futbolchilarining hordiq chiqarishiga imkon berdim, - dedi Joze Mourino.

Uchrashuvdan so‘ng, “Roma” futbolchilari muxlislardan uzr so‘rash uchun ular joylashgan tribunaga bordi. Futbolchilarning o‘yini va ular qayd etayotgan natijadan norozi bo‘lgan fanatlar ularga baqir-chaqir qilgani aytilmoqda.

Endi “Roma” yakshanba kuni A Seriyaning 9-turi markaziy uchrashuvida mag‘lubiyatsiz birinchi o‘rinda borayotgan “Napoli”ni qabul qiladi. Bu bellashuv boshi egilib qolgan Joze Mourino va uning shogirdlari uchun muxlislar va butun Rim shahri aholisi oldida o‘zini oqlab olish uchun juda yaxshi imkoniyatdir.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Roma” fanatlari Shomurodov va jamoadoshlarining "po‘stagini qoqdi"!