12:15 / 24.10.2021
1 619

Shkvirin ketdi yoxud "Turon" manzilga yetib keldi...mi?

Shkvirin ketdi yoxud "Turon" manzilga yetib keldi...mi?
Superligada chempion nomi allaqachon hal bo‘lib ulgurdi. Intriga qolmadi deysizmi, katta ehtimol bilan ha! Asosiy kurash ikkinchi va uchinchi o‘rinlar, qolaversa, ligada qolish uchun kurashayotgan jamoalar o‘rtasida yuz beryapti. Ayniqsa, Superligada qolish uchun kurash qizigandan qiziyapti. Elitani 2,5 ta jamoa tark etadi. Jadvalda oxirgi o‘rinda Superligada debyutini o‘tkazayotgan “Turon” klubi boryapti. Ularning hisobida 13 ta ochko bor. Bu turda ular Toshkentda “Bunyodkor”ga jiddiy qarshilik ko‘rsatganiga qaramasdan alamli tarzda mag‘lub bo‘ldi.

Ayniqsa, raqib yetakchisi Lutfulla To‘rayev maydondan chetlatilganidan so‘ng, ustunlik “Turon” tarafiga o‘tdi va hisobni tenglashtirdi. Ularning shijoatidan endi mehmonlar g‘alabani ilib ketadigandek edi. Ammo keyinchalik “Turon”dan Deyan Ponevichning maydondan chetlatishi evaziga “Bunyodkor” qo‘shimcha daqiqalarda qarshi hujum taktikasidan unumli foydalanib g‘alabani ilib ketdi.

Jamoa ming urinmasin, g‘alaba tugul, hatto durangni ham eplay olmadi. Ketma-ket mag‘lubiyatlar tufayli “Turon” Superligani tark etish uchun asosiy da’vogar. Klub xususiy bo‘lsa-da, rahbariyat tomonidan barcha shart-sharoitlar bor, mablag‘ masalasida muammo yo‘q. Lekin natijaga kelganida maqtanish uchun hech qanday asos yo‘q. Islom Ismoilov va Boguslav Baniakdan keyin bosh murabbiylikka Igor Shkvirin olib kelinganida klub ishqibozlaridagi ishonch va umid ancha jonlandi.

Shunga yarasha Igor Anatolevich klubda ish boshlagach, birdan natijada ham jonlangandek bo‘ldi. O‘shanda Shkvirin 11-turda “Mash’al”ga qarshi o‘yin orqali debyutini o‘tkazgan bo‘lib, Yaypandagi bellashuvda hisob ochilmagandi. Keyingi turda esa “Metallurg”ni qabul qilgan “Turon” 2:0 hisobida g‘alaba qozonib, chempionatdagi ilk muvaffaqiyatiga erishgandi.

Xullas, shunday bo‘ldiki, Shkvirin kelgach, “Turon” ketma-ket beshta o‘yinda yutqazmadi. Ikkita g‘alaba va uchta durang qayd etdi. Go‘yo klub endi o‘ziga kelgani-yu, mag‘lubiyatsiz seriya boshlanib, jamoa endi yuqori o‘rinlarga kurashishi aytildi. 15-turda “Turon” o‘z maydonida “So‘g‘diyona”ni 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Aynan o‘sha uchrashuvdan keyin Shkvirin va uning jamoasi yana pastga qarab sho‘ng‘iy boshladi. Shu paytgacha 8 ta uchrashuv o‘tkazgan klub 7 tasida yutqazdi. Oldingi turda o‘z uyida asosiy raqobatchisi “Surxon” bilan durang o‘ynab qimmatli ochkolardan mahrum bo‘ldi.

Ko‘rib turganingizdek, 8 ta o‘yinda bor-yo‘g‘i bir ochko qo‘lga kiritildi. Oqibatda “Turon” oxirgi o‘ringa “mixlanib” qoldi. Yaqin ta’qibchilari esa eplab-seplab ochkolarini oshirishga harakat qilyapti. Ayni shu paytga kelib “Turon”da 13 ochko bo‘lsa, “Andijon”da 18 ochko bor. Bu klub 23-turdagi o‘yinini endi o‘tkazadi. Muxlislar orasida “Turon” manzilga yetib keldi, qabilidagi gap-so‘zlarni eshityapmiz. To‘g‘ri, hali nazariy jihatdan imkoniyat bor. Ammo bu imkoniyat to‘g‘ridan-to‘g‘ri qolish uchun emas, balki pley-offga ilashib olish uchun.

“Bunyodkor”ga qarshi o‘yindan keyin Igor Shkvirin matbuot anjumanida qatnashdi, mag‘lubiyat sabablari haqida gapirdi. Shundan so‘ng, jamoa a’zolari bilan xayrlashgan. Sports.uz olgan ma’lumotga ko‘ra, u klubni tark etganini ma’lum qilgan. Shkvirin bilan birga Shuhrat Rahmonqulov ham “Turon” bilan xayrlashgani aytildi. Ammo hali klub bu haqda rasman ma’lumot bergani yo‘q. “Bunyodkor”ga qarshi uchrashuvdan keyin futbolchilarga uch kunlik dam berilgan. Balki Shkvirinning aytgan gapi jiddiy bo‘lsa, klub uning iste’foga chiqqanini tez orada e’lon qilsa ham ajab emas.

Qiyin vaziyatga tushib qolgan “Turon”ni uchta o‘yini qoldi. 6 noyabr kuni o‘z uyida “Mash’al”ni qabul qiladi. 20 noyabrda safarda “Metallurg”ga qarshi maydonga tushadi va 7 kundan keyin “Andijon” “Turon” maydonida mehmon bo‘ladi. Bo‘lajak raqiblar turnir jadvalida yaypanliklarning raqobatchilari ekanini ko‘rib turibsiz. Hali klub rasman Superligani tark etgani yo‘q. Aniqki, “Turon” oxirgi imkoniyatgacha kurashadi. Ammo ungacha boshqa raqiblari ham qarab turmasligi tayin.

Xo‘sh, “Turon”da Shkvirinni o‘rnini kim egallaydi? Yaqinda klubga maslahatchi murabbiy sifatida Bahrom Hakimov qaytgan. Shuningdek, klubda Shkvirinning yordamchisi sifatida ishlayotgan Anvar Berdiyev ham bor. Uchta o‘yin uchun rahbariyat yana boshqa mutaxassisni olib kelmasa kerak. Biz qandaydir taxminlarni bildirishimiz mumkin, lekin hammasi rahbariyatga bog‘liq. Klub uchun cho‘ntagidan pul sarflayotgan mutasaddilar nimani istashsa, shu bo‘ladi. Muhimi, ular “Turon”ni saqlab qolish harakati yo‘lida so‘nggi umid qolgunigacha kurashmoqchi. Qolganini esa vaqt ko‘rsatadi.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shkvirin ketdi yoxud "Turon" manzilga yetib keldi...mi?