12:43 / 25.10.2021
1 975

"Turon"ning maslahatchi murabbiyi klubning omadsizligi va Shkvirinning iste’fosi haqida

"Turon"ning maslahatchi murabbiyi klubning omadsizligi va Shkvirinning iste’fosi haqida
Shu yili Superligada debyutini o‘tkazishni boshlagan “Turon” bir yildayoq yana joyiga qaytishi katta ehtimol bo‘lib turibdi. Jamoaning ketma-ket mag‘lubiyatlari tufayli qiyin ahvolga tushib qolgan. Igor Shkvirin esa “Bunyodkor”dagi mag‘lubiyatdan keyin klubdan ketdi.

O‘sha uchrashuvdan bir necha kun avval “Turon”da maslahatchi murabbiy sifatida Bahrom Hakimov ish boshlagan. Muxlislarga yaxshi tanish bo‘lgan ushbu mutaxassis “Turon” klubi yangi tashkil etilgan mahalda ham jamoani boshqargandi. Xullas, rahbariyat bilan Hakimov o‘rtasidagi iliq munosabat saqlanib qolgan. Shu bois bo‘lsa kerak, uni jamoaga qaytardilar. “Turon”ning hozirgi muvaffaqiyatsizligi va Shkvirinning iste’fosi xususida Hakimov shunday dedi:

- Bitta fikrga bordimki, xato bugun yoki kecha bo‘lgani yo‘q. Xato qishda bo‘lgan. Hamma o‘zining xatosini yaxshi bilsa kerak. Lekin men muhokama qilmayman. Shkvirinda ham, Ismoilovda ham birozdan omad yetishmadi. Ko‘rgan bo‘lsangiz, futbolchilar bor kuchini beryapti. Omad yuz o‘giryapti, ayrim pallalarda qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘yishyapti. Baribir ikki-uch oy ichida jamoa tuzish qiyinroq. Esingizda bo‘lsa, o‘z vaqtida “Andijon”ni qabul qilib olganimda asosiy tarkibdan 7-8 nafar o‘yinchilar qolgan. Bu yerda murabbiylar o‘z o‘yiniga moslab seleksiya qilishgan.

Shu o‘rinda rahbarlarga rahmat. Ular jamoa uchun sharoitlarni yaratdi. Shunga yarasha natija bo‘lmasa achinadi. Nimaga deganda, shuncha mablag‘ sarflandi. Faqat ishlayotganlar mas’uliyatni chuqur sezmadi-da. Chunki bu yerdagi mas’uliyat katta edi. Klub xususiy bo‘lgani uchun rahbariyat cho‘ntagidan sarflayapti. Ular Islom Ismoilov va Igor Shkviringa imkoniyat berishdi. Ammo rahbariyat bilan suhbatlashganda bilyapmanki, ular to‘xtab qolmoqchi emaslar. Muhimi, “Turon” “Obod”ga o‘xshab qolmaydi.

Klub akademiyasini ochadi. Qurilishlar ketyapti. “Turon” ning 14, 16, 18 yoshdagi jamoalarini ko‘rdim, o‘rinbosarlar o‘yinini ham kuzatdim. Yaxshi bolalar bor, o‘syapti. Ko‘pi mahalliy. Bu yaxshi, chunki ularning o‘yinini yaqinlari, do‘stlari ko‘radi. Men Qo‘qonda ishlaganimda yutqazsak ikki-uch kun ko‘chaga chiqa olmasdim (kuladi). Ishlagan joylarimda mahalliy yigitlarga ko‘proq tayanardim. Yodingizdami, “Nasaf”da shunday qilganman. To‘g‘ri, birdaniga mahalliylashtirish qiyin. Bu bosqichma-bosqich amalga oshadigan jarayon. Asosiysi, rahbarlarning xohishi bor.

Shkvirinni ketishiga kelsak, bu uning qarori. Aslida meni yozda chaqirishganida Shkvirin bilan bu to‘g‘risida gaplashgandik. Faqat o‘shanda nimadir bo‘lib amalga oshmay qolgandi. Maslahatchi murabbiy sifatida o‘zini qanday tutishi va nima qilishi kerakligini bilaman. O‘z paytida MHSKda ishlaganimda Tixonov menga maslahatchi edi. Undan ko‘p narsani o‘rganganman. “Turon”da maslahatchi bo‘lsam-da, bosh murabbiy bor edi va uning ishiga aralashmasdim. Agar mendan qandaydir maslahat so‘rasa berardim. Shkviringa omad kelmadi. Lekin ikkinchi davrada ko‘proq ochko olayotgandi. Har o‘yinda ko‘p imkoniyatlar yaratilyapti, ammo to‘p darvozaga kirmayapti. Mana, “Bunyodkor”ga qarshi ham jamoa yomon o‘ynamadi. Faqat futbolchilarning xayolida to‘rtta o‘yinni yutish kerak, degan o‘y bor edi. Jamoa yomon emas. Lekin qayerdadir xatolar bo‘lgan.

Faqat hamma o‘zining xatosini o‘zi tahlil qilishi kerak. Men esa boshqalarni xatosini gapirsam yaxshi emas. Rahbarlarga ham u unday qildi, bunisi bunday qildi, deb aytmayman. Baribir oxirigacha o‘ynaymiz. So‘nggi o‘yindan keyin yigitlar bilan gaplashdim. Dam olinglar, ammo kim ishonmayotgan bo‘lsa, shartnomani ikki tomonlama bekor qilib ketaversin dedim. Lekin oldimizda uchta o‘yin bor ekan, “Turon” oxirigacha kurashadi. Qo‘lni tushirganimiz yo‘q. Xursand qilgani, futbolchilar “Bunyodkor”ga qarshi bor kuchini berdi. Agar Qayumov vaziyatdan foydalanib gol urganida hammasi boshqacha kechardi.

Endi jamoada katta murabbiy singari futbolchilarni keyingi o‘yinlarga tayyorlaymiz. Bu yerda Anvar Berdiyev va yana boshqalar ham bor. Biz maslahatlashib ish ko‘ramiz. Albatta, mas’uliyatni o‘zimdan olganim yo‘q. To‘g‘ri, rahbarlar natijalardan ranjigan. Lekin boshlagan ishidan qaytmoqchi emas. Yarim yo‘lda tashlab ketmaydilar, - deya fikrini yakunladi, Hakimov.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Turon"ning maslahatchi murabbiyi klubning omadsizligi va Shkvirinning iste’fosi haqida