19:35 / 26.10.2021
1 954

“Roma” yulduzlar jamoasiga aylanadi. Mourino Rimga kimlarni olib keladi?

“Roma” yulduzlar jamoasiga aylanadi. Mourino Rimga kimlarni olib keladi?
“Roma” katta o‘zgarishlar ostonasida turibdi. Bu jamoani grand klublar qatoriga qo‘shish uchun taklif etilgan Joze Mourino yozgi transferlar vaqtida faol ishlaganiga qaramay, o‘zi istagan tarkibni tuza olmadi. Portugaliyalik mutaxassis ro‘yxatidagi futbolchilarni uzoq kutmoqchi emas va shu bois, rimliklar yanvar oyida imkon qadar ko‘proq yuqori malakali o‘yinchilarni o‘z safiga jalb etishga harakat qiladi.

O‘zbekistonlik futbol muxlislarining Eldor Shomurodov tufayli “Roma”ga bee’tibor emasligini inobatga olgan holda e’tiboringizga ushbu klub atrofidagi xabar, yangilik va qiziqarli ma’lumotlarni taqdim qilishda davom etamiz.

Mourinoga “Real” futbolchisi kerak!

“Roma” maydon markazida ustunlik qilish uchun “Real” yarim himoyachisi Dani Sebalosni transfer qilmoqchi. “Qirollik klubi” asosiy tarkibiga kira olmagan ispaniyalik futbolchi o‘tgan mavsumni “Arsenal”da o‘tkazdi. Uning Angliya premer-ligasidagi o‘yini ko‘p jamoalar e’tiborini tortdi.

Yozda ijaradan Madridga qaytgan Dani Sebalos to‘pig‘idan jarohat olgani tufayli boshqa jamoaga o‘tishga ulgurmadi. “Real” bosh murabbiyi Karlo Anchelotti unga imkoniyat bermoqchi emas. Mourino dekabr oyigacha davolanishi kerak bo‘lgan iste’dodli futbolchiga ishonch bildirishga tayyor.

Futbolchining o‘zi ham yetarli darajada o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishi uchun Madriddan boshqa klubga ketishga rozi.

Rimliklar “Tottenxem” o‘yinchisini kutmoqda

“Tottenxem” yarim himoyachisi Harri Uinks tez orada Italiya chempionatiga ko‘chib o‘tishi kutilmoqda. Harri jamoa murabbiylari unga yetarli darajada e’tibor qaratmayotganidan norozi bo‘lyapti. Shu sababli, u qishki transferlar vaqtida Londondan ketmoqchi.

O‘tgan mavsum “Tottenxem”dan iste’foga chiqarilgan Joze Mourino sobiq shogirdini “Roma”ga olib kelishga qarshi emas. Biroq, Uinksga “Inter” ham qiziqish bildirayotgani bu transferni biroz qiyinlashtiradi.

“Tottenxem” bu futbolchisini to‘liq sotishni istamayapti. Boshlanishiga ular yarim himoyachini mavsum oxirigacha ijaraga berishi mumkin.
Uinksning amaldagi shartnomasi 2024 yilning yarmigacha davom etadi. U joriy mavsumda olti marta maydonga tushib, jamoadoshlariga bitta golli pas oshirdi.

Mourino qadrlamagan o‘yinchiga chempion jamoa xaridor

Joze Mourino qishda jamoani tark etishi kerak bo‘lgan futbolchilar ro‘yxatiga ispaniyalik yarim himoyachi Gonsalo Vilyarni ham qo‘shdi. O‘tgan mavsumda asosiy tarkibda o‘ynagan futbolchining hozirgi harakatlari portugaliyalik mutaxassisga to‘g‘ri kelmadi.

Ma’lumotlarga qaraganda, Vilyarga Ispaniyaning amaldagi chempioni “Atletiko” jiddiy qiziqish bildirmoqda. Jamoa bosh murabbiyi Diyego Simeone iste’dodli yosh futbolchisini yanvar oyidayoq Madridga olib kelishga qaror qilgan.

Gonsalo Vilyar “Elche” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. 2020 yili “Roma”ga olib kelingan futbolchi shu kunga qadar rimliklar safida elikka yaqin o‘yin o‘tkazgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Roma” yulduzlar jamoasiga aylanadi. Mourino Rimga kimlarni olib keladi?