200 ming dollar, uy va Volkswagen: O‘zbekiston shaxmatchilariga katta mukofot berilmoqda

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida chempion bo‘lgan har bir o‘zbekistonlik shaxmatchiga 200 ming dollar, uy-joy va Volkswagen avtomobili beriladi.
- Bu mukofotlar Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan shaxmat va parashaxmat bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoalari a’zolari hamda ularning yaqinlari bilan uchrashuvda ma’lum qilindi.
Samarqanddagi tarixiy g‘alabadan so‘ng O‘zbekiston shaxmatchilariga munosib taqdirlash ham belgilandi. 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida chempion bo‘lgan har bir o‘zbekistonlik shaxmatchiga 200 ming dollar, uy-joy va Volkswagen avtomobili beriladi.
Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev shaxmat va parashaxmat bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoalari a’zolari hamda ularning yaqinlari bilan uchrashuvda ma’lum qildi. Mukofotlar 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi va 3-Parashaxmat olimpiadasidagi natijalar munosabati bilan belgilangan.
G‘oliblarga bir vaqtning o‘zida uchta katta mukofot
Samarqandda o‘tgan musobaqada O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi tarixiy natija qayd etib, ikki karra olimpiada chempioni unvonini qo‘lga kiritdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev jamoani g‘alaba bilan tabriklar ekan, shaxmatchilarning aql-zakovati, irodasi va mahoratini alohida ta’kidlagan.
Endi chempionlarning mehnati nafaqat sportdagi yuksak natija, balki moddiy rag‘bat bilan ham e’tirof etiladi.
Qarorga muvofiq, chempionlar:
Javohir Sindorov;
Nodirbek Yoqubboyev;
Muhiddin Madaminov;
Shamsiddin Vohidov
uy-joy va avtomobil bilan taqdirlanadi.
Bundan tashqari, olimpiada chempioni bo‘lgan har bir shaxmatchiga 200 ming AQSH dollari miqdorida pul mukofoti beriladi.
«Mashina ham kerak, lekin uy ham kerak»
Uchrashuvda Prezident shaxmatchilarni rag‘batlantirish haqida gapirar ekan, uy-joy masalasiga ham hazilomuz tarzda to‘xtaldi.
«Albatta, mashina ham kerak-ku, lekin kelajak kelinlar uchun uy ham kerak».
Bu gap zalda iliq kayfiyat uyg‘otgan.
Shu tariqa, chempionlar uchun mukofotlar faqat pul bilan cheklanmaydi. Ularga uy-joy va yangi avtomobil ham beriladi.
Murabbiylar ham e’tibordan chetda qolmadi
Katta g‘alabaning ortida shaxmatchilar bilan birga ularning ustozlari va murabbiylari mehnati ham bor.
Shu bois milliy jamoa bosh murabbiyi Rustam Qosimjonov va murabbiy Samandar Shermuhammadov ham avtomobil bilan taqdirlanadi.
Shuningdek, chempionlar murabbiylariga 50 ming dollardan pul mukofoti berilishi belgilangan.
Parashaxmatchilarga ham uy va avtomobil
Samarqanddagi musobaqalar doirasida parashaxmatchilar ham munosib natijalar qayd etdi.
Parashaxmat bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasining Ahadxon Kimsanboyev, Marsel Shoyusupov, Sardorbek Mamarajabov, Selbi Kakishova va Sirojiddin Zaynidinov kabi a’zolari ham uy-joy va avtomobil bilan taqdirlanadi.
Bronza medalini qo‘lga kiritgan har bir parashaxmatchiga 50 ming dollar, ularning murabbiylariga esa 12,5 ming dollardan pul mukofoti beriladi.
Ayni paytda mazkur sportchilarning bir qismi davlat mukofotlari bilan ham taqdirlangan. Jumladan, Prezident farmoni bilan parashaxmatchilar Selbi Kakishova, Ahadxon Kimsanboyev, Sardorbek Mamarajabov, Marsel Shayusupov va Sirojiddin Zaynidinov «Mardlik» medaliga sazovor bo‘lgan.
Bu g‘alaba bilan birga yangi marralar ham boshlanmoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyev mukofotlar bugungi natijaning oddiy e’tirofi bo‘lib qolmasligi, balki shaxmatchilarni kelgusida yanada baland marralarga undashi kerakligini ta’kidladi.
Rasmiy qarorda ham Samarqanddagi olimpiadadagi g‘alaba O‘zbekistonning xalqaro nufuzini oshirish, shaxmatni ommalashtirish va yosh avlodni intellektual sportga jalb etishdagi ahamiyati qayd etilgan.
Prezidentning ta’kidlashicha, shaxmatchilar va parashaxmatchilar mukofotlarini bugunning o‘zida olib, yangi avtomobillarini haydab, yangi uylariga kirib borishi ko‘zda tutilgan.
Samarqanddagi tarixiy olimpiada O‘zbekiston shaxmati uchun navbatdagi katta bosqichni boshlab berdi. Endi chempionlar oldida yangi vazifa — qo‘lga kiritilgan yuksak maqomni saqlash, xalqaro maydonda yanada katta natijalarga erishish va ulardan ilhomlangan yangi avlod shaxmatchilarini tarbiyalash.































Izohlar 0
…