23:55 / 27.10.2021
1 446

Shomurodov Edinson Kavani bilan raqobatlashishiga to‘g‘ri keladi

Shomurodov Edinson Kavani bilan raqobatlashishiga to‘g‘ri keladi
“Manchester Yunayted”ga Krishtianu Ronaldu kelganidan keyin Edinson Kavani asosiy tarkibdan chetga chiqib qoldi. Shu bois urugvaylik to‘purar tez orada jamoasini almashtirishi kutilmoqda.

Todofichajes nashrining xabar berishicha, Kavani “Roma”ga o‘tishga yaqin. Joze Mourino tajribali futbolchini Rimga chaqiryapti. Tomonlar transfer bo‘yicha muzokaralarning birinchi bosqichini boshlagani aytilmoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, “bo‘rilar” yozda ham Kavaniga qiziqish bildirgan, biroq o‘shanda futbolchi bosh murabbiy Ule-Gunnar Sulsherning doimiy o‘yin amaliyoti berish haqidagi va’dasiga ishonib, “Manchester Yunayted” bilan shartnomani uzaytirishni ma’qul topgan. Manchesterga Ronaldu kelganidan keyin vaziyat o‘zgardi.

“Roma” hujumi raqobat eng katta chiziq hisoblanadi. Bir o‘rin uchun Eldor Shomurodov, Karles Peres, Stefan El-Shaaravi va Borxa Mayoral angliyalik yulduz Temmi Abraxam bilan raqobatlashmoqda. Agar ular safiga Edinson Kavani qo‘shilsa, Eldor uchun ham asosiy tarkibga kirish yanada qiyinlashib qoladi.

Mourino kutayotgan himoyachi safga tezroq qaytmoqchi

“Roma” himoyachisi Leonardo Spinatssola Italiya terma jamoasi safida Yevropa chempionati o‘yinlarida jiddiy jarohat olgan edi.

28 yoshli futbolchi jarohatidan qutilishiga oz qoldi. Leonardo yaqindan boshlab, fizioterapevtlar nazorati ostida yugurish yo‘lagi va trenajyorlarda mashq qilmoqda va tobora yuklamalarni oshirib boryapti.

Shifokorlar Spinatssola dekabr oyida safga qaytishi mumkinligini bildirgan. Biroq futbolchining o‘zi sport formasini tezroq tiklab, noyabr oyida maydonga qaytmoqchi.

Smolling ancha davolanishi kerak

“Roma”ning 31 yoshli markziy himoyachisi Kris Smolling “Empoli”ga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvda jarohat olgan edi.
Tibbiy ko‘rik natijasi bo‘yicha, angliyalik futbolchi yaqin orada jamoasiga yordam bera olmaydi. U jarohatidan to‘liq forig‘ bo‘lishi uchun kamida yana bir oy davolanishi talab etiladi.

Ta’kidlash joizki, Smolling yaqindagina avvalgi jarohatidan qutilib, safga qo‘shilganiga ko‘p vaqt bo‘lmadi. Uning jarohatlarga moyil bo‘lib qolgani klub mutasaddilarini bezovta qila boshladi. Tajribali futbolchi joriy mavsumda oltita o‘yinda maydonga tushib, bir bor gol urishga ham erishgandi.

Asosiy nishon ma’lum

“Roma” tarkibini kuchaytirishga qaror qildi. Joze Mourino klub rahbariyatini jamoa ishtirok etayotgan turnirlarda muvaffaqiyat qozonish uchun saviyasi baland futbolchilarni xarid qilishga ko‘ndirdi.

Portugaliyalik mutaxassisning fikricha, klub tarkibning to‘rtta nuqtasini kuchaytirishi lozim. Xaridlar yanvar oyidan boshlanadi. Mourino birinchilardan bo‘lib, “Borussiya M” yarim himoyachisi Denis Zakariyani olib kelmoqchi.

Shveysariyalik yarim himoyachiga “Barselona” ham qiziqish bildirmoqda. Grand klublar ro‘yxatiga tushgan futbolchi myonxengladbaxliklar bilan amaldagi shartnomani uzaytirmadi va tezroq boshqa jamoaga o‘tishni istayapti.

24 yoshli futbolchi yozda erkin agent sifatida tekinga ketib qolmasligi uchun “Borussiya” uni qishda sotib yubormoqchi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Sport » Shomurodov Edinson Kavani bilan raqobatlashishiga to‘g‘ri keladi