00:18 / 31.10.2021
2 026

Diyego Maradonani inglizlar nafratiga duchor qilgan va ikki hakamning faoliyatiga chek qo‘ygan o‘sha mashhur gol haqida

Diyego Maradonani inglizlar nafratiga duchor qilgan va ikki hakamning faoliyatiga chek qo‘ygan o‘sha mashhur gol haqida
Foto: Getty Images
1986 yilgi Jahon Chempionatining nimchorak finalida Argentina va Angliya o‘zaro to‘qnash keldi. Keyinroq bu qarama-qarshilik turli epizodlar bilan boyidi (Ouenning goli, Simeonening provokatsiyasi va Bekhemning qizil kartochkasi), ungacha esa o‘yinlar birinchi navbatda siyosiy ko‘rinish olardi. Folklend orollari uchun bo‘lib o‘tgan qurolli to‘qnashuvdan bor-yo‘g‘i 4 yil o‘tib, ikki mamlakat terma jamoalari mundialda o‘zaro to‘qnash keldi. Argentinaliklar keyinchalik inglizlar ustidan qozonilgan g‘alaba finaldagidan ko‘ra hissiyotlarga boy bo‘lganini tan oladi. Bu o‘yin qisqa muddatli urushda qurbon bo‘lgan 649 argentinalik uchun olingan qasosdek edi, go‘yo.

Maradonaning dubli Angliyani musobaqadan chiqarib yuborishga yordam berdi. O‘sha o‘yinda Diyego mundiallar tarixidagi eng katta ayyorlikka qo‘l uribgina qolmay, XX asrdagi eng zo‘r individual golni ham urdi.

Birinchi bo‘limda esda qolarli voqealar bo‘lmadi. Ikkala jamoa ham zerikarli o‘yin namoyish etdi. Unining ustiga quyosh hamma yoqni qizdirardi. 51-daqiqada Maradona maydon markazidan harakatni boshladi, Glenn Hoddlni aldab o‘tib, Xorxe Valdanoga to‘pni uzatdi. Valdanodan to‘pni qabul qilib olish uchun jarima maydoni ichiga yugurdi. Angliya terma jamoasi yarim himoyachisi Stiv Hodj to‘pni tepib yuborishga urindi, lekin to‘p o‘zlarining jarima maydoniga qarab ketdi. Bir soniyadan so‘ng Maradona 114 ming muxlis va 22 futbolchi anglagan, ammo bosh hakam Ali nin-Nosser va qanot hakami Bogdan Dochev sezmagan harakatni amalga oshirdi.

Hakamlarning bu xatolari juda qimmatga tushdi — Dochev shunchaki faoliyatini tugatgan bo‘lsa, bin-Nossir FIFA tasarrufidagi barcha xalqaro musobaqalardan chetlatildi.

Foto: Getty Images
«Maradona hayotimni ostin-ustin qilib yubordi. U juda yaxshi futbolchi, lekin yomon odam. U bo‘y jihatdan ham, odamiylik jihatdan ham juda past», — degan edi Dochev 2017 yil o‘limidan sal oldin.

Qanot hakami qanaqadir g‘ayritabiiylik sezgandi, lekin vaziyatga aralasha olmasdi: «O‘sha vaqtlarda FIFA qanot hakamlari bosh hakamning qarorlariga aralashishiga yo‘l qo‘ymasdi. Uni ustiga juda muhim o‘yinda Maradonaning goli bekor bo‘lishi mumkin edi», — dedi Dochev.

Bin-Nossir esa Dochev vaziyatni kuzatish uchun yaxshi pozitsiyada turganini, hattoki gol bo‘lganidan so‘ng unga qaraganini aytadi. «Men qo‘l bilan o‘yin bo‘lgani haqidagi ishorani kutgandim. FIFAning qo‘llanmasida shunday band bor: agar hamkasbim mendan yaxshiroq pozitsiyada turgan bo‘lsa, men uni hurmat qilishim va fikrini eshitishim lozim».

Foto: Getty Images
Maradona gol hisobga olinganiga sheriklari ham ishonmagani, golni nishonlash uchun o‘zi ularni chaqirganini yodga oladi: «Ular hayratda edi. Meni bag‘ringizga bosing, bo‘lmasa hakam golni hisobga olmaydi, deb aytdim. Kimdir Angliyani to‘nayotganimizni gapirdi. Men esa: o‘g‘rini o‘margan kechirimga loyiq, deb javob qaytardim».

O‘yindan keyingi matbuot anjumanida Maradona hazillashdi — ana shundan keyin «Xudoning qo‘li» iborasi paydo bo‘ldi. Afsonalarga ko‘ra, Diyego «Bu Xudoning qo‘li», — deb aytmagan. U: «Gol Xudo qo‘lining bir qismi va Maradona boshining bir qismi bilan urildi», — degandi.

Argentinalik futbolchi oradan ko‘p yillar o‘tganidan so‘ng qo‘l bilan gol urganini tan oldi. Lekin bundan afsuslanmasligini bildirdi. Atayin qo‘lini ishlatgani, aks holda o‘zidan 19 santimetr uzun Shiltonni havoda yengib bo‘lmasligini aytib o‘tdi.

2015 yilda Maradona reklamada suratga tushish uchun Tunisga tashrif buyuradi. Vaziyatdan foydalanib Diyego Ali bin-Nossirning uyida mehmon bo‘ladi. Unga o‘sha paytdagi Argentina futbolkasini «Mening abadiy do‘stimga» degan yozuv bilan sovg‘a qildi.

Foto: Getty Images
«Xudo qo‘li»ning asosiy kuzatuvchisi Piter Shilton haligacha o‘sha gol uchun Maradonani kechira olmaydi. «Mening hayotim Diyego Maradona bilan bog‘lanib ketgan — albatta buni o‘zim xohlamasam ham. Uning vafoti haqidagi xabardan xafa bo‘ldim, u hali yosh edi. Maradona buyuk futbolchi bo‘lgan, oilasiga sabr tilayman.

Yashirmayman, bu o‘ylar meni butun umr qiynab kelgan. Golni nishonlashga ketayotganda ham 2 marta hakamga qarab qo‘ydi. U nima qilganini bilardi. Hakamlardan boshqa hamma uning qo‘l bilan gol urganini ko‘rdi. Bu yolg‘on edi. U yolg‘iz meni emas butun jamoani aldadi. Biz yarim finalga chiqishimiz mumkin edi, balki finalga ham chiqa olardik. Bunday hol doim ham bo‘lavermaydi. Oradan 4 yil o‘tib mundialda qatnashish nasib etdi, ammo ko‘pchilik jamoadoshlarim faoliyatini tugatgandi.

Bizni bir xonaga qo‘yishga juda ko‘p urinishlar bo‘lgan, lekin u kechirim so‘ramaguncha ko‘rishish niyatim yo‘q edi. Maradona esa qilgan ishidan afsuslanmasdi. Bu xato edi. O‘ylaymanki, Maradonaning izdoshi sifatida qo‘l bilan gol uradiganlar endi chiqmaydi. Diyego Pele darajasidagi buyuk futbolchi edi. Endigina 60 ga kirganida hayotni tark etganiga ishongim kelmayapti
», — degandi Shilton.

Maradonaning chorak finaldagi ikkinchi goli ayyorlik bilan emas haqiqiy iqtidor bilan urildi. Tezkor dribling, harakat yo‘nalishining o‘zgarib turishi va bir, ikki… besh raqibning dog‘da qoldirilishi. Ispan tilida gaplashadigan mamlakatlar uchun o‘yinni sharhlagan urugvaylik jurnalist Viktor Morales o‘zini tutib turolmadi: «Men yig‘lashni istayman, o Xudoyim! Qanday gol!».

«Ikkinchi goli ajoyib chiqqanini tan olish kerak. Lekin biz bir necha daqiqa oldin bo‘lib o‘tgan voqea ta’sirida edik. O‘yin davomida birinchi marta dribling qilishiga qo‘yib berdik va u bundan foydalandi. Juda chiroyli gol urdi, ammo birinchi golisiz ikkinchi golni urolmasligi aniq edi», — xotirlaydi Shilton.

1986 yil 22 iyun Diyego Armando Maradonaning benefisiga aylandi. O‘sha gol brendga aylandi.

Diyego o‘limidan bir oy avval, oktabr oyida o‘sha lahzani yana bir bor yodga olgandi: «Men Angliyaga yana gol urishni xohlayman. Bu safar o‘ng qo‘lim bilan».

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Diyego Maradonani inglizlar nafratiga duchor qilgan va ikki hakamning faoliyatiga chek qo‘ygan o‘sha mashhur gol haqida