Yaqinda O‘zbekiston milliy terma jamoasi navbatdagi o‘rtoqlik uchrashuvini safarda Gruziyaga qarshi o‘tkazganidan xabardorsiz. Mazkur o‘yinda vakillarimiz o‘z darvozasidan o‘tkazib yuborilgan yagona gol evaziga mag‘lub bo‘ldi.
Ushbu uchrashuv borasida albatta o‘ziga yarasha fikr va mulohazalar bildirilishi tabiiy. Shulardan kelib chiqib, ko‘zga ko‘ringan mutaxassislardan biri Dilshod Nuraliyev terma jamoamizning Gruziyaga qarshi o‘yini va yana boshqa jihatlar haqida munosabatini aytdi.
- Gruziya O‘zbekistonga qarshi o‘ynashdan oldin Shvetsiyaga qarshi maydonga tushdi va bu raqibni 2:0 hisobida yutdi, - deya gap boshladi, mutaxassis. - Terma jamoamizga qarshi uchrashuvda gruziyaliklar aralash tarkib bilan o‘ynadilar. O‘sha bellashuvda futbolchilarimiz qo‘llaridan kelganicha harakat qilishdi. Baribir bu Yevropa jamoasi bo‘lgani sababli o‘yinchilarining o‘yin saviyasi kuchliroqligi ko‘rinib turdi. Ammo bizning tarkibimiz ham ancha yoshardi. Katanes ko‘proq yoshlarga e’tibor beryapti. Chunki keyingi jahon chempionati saralashida asosan yoshlarga tayanilsa kerak. Tayyorgarligimiz to‘g‘ri ketyapti. Chempionatimizda o‘ynayotgan futbolchilarga e’tiborni oshiraverish kerak va shu bilan birga Superligamizning saviyasini oshirishimiz kerak. Ana shunda yaxshiroq o‘yinchilar yetishib chiqadi. Hadeb xorijlik futbolchilarga tayanib qolinsa bu ham to‘g‘ri bo‘lmaydi. Legionerlarimiz o‘z klublarida har xil vaziyatda bo‘ladi, kimdir jarohat olishi mumkin, turli holatlar bo‘ladi. Lekin ko‘ryapmizki, Katanes terma jamoaga bir qancha yosh futbolchilarni jalb qilyapti. Chempionatimiz saviyasini oshirsa terma jamoamizga foyda bo‘ladi. Masalan, talabga javob beradigan maydonlarda o‘ynashimiz kerak. Oktabr oyi kelishi zaxoti bizda maydonlar bilan bog‘liq muammolar paydo bo‘ladi.
- Srechko Katanes Yevropadan kelgan, tajribali murabbiy. Hozir futbolchilarimizni o‘rganyapti. Darhol undan o‘rtoqlik uchrashuvlarida natija beradi deb o‘ylash noto‘g‘ri. Murabbiy tezroq 14-15 nafar futbolchilardan iborat jamoa negizini tanlab olishi kerak. Bunda o‘zimizni murabbiylar ham ko‘maklashishi lozim. O‘sha o‘zi tanlab olgan futbolchilarga qarab o‘yinni shakllantirishi kerak. U o‘z o‘yin uslubini yo‘lga qo‘ya oladi. Faqat iloji boricha o‘zimizni chempionatdagi o‘yinchilarga tayansa, to‘g‘ri bo‘ladi deb o‘ylayman. Xorijdan kelayotgan o‘yinchilarimiz, masalan Doston Tursunov jarohat olib qoldi. Legionerlarimizga suyanadigan bo‘lsa, ular qanday holatda qaytishini bilmaymiz. Tursunov tuppa-tuzuk kelgandi, ammo mashg‘ulotda jarohat oldi. Balki organizmi charchagandir yoki tiklanish jarayonini to‘g‘ri qilmagan bo‘lishi mumkin. Shu sababdan Superligadagi o‘yinchilarga ham e’tibor qarataverish kerak.
- Hozircha terma jamoamiz o‘yinida katta yangilik sezilmayapti. Lekin meni ko‘rganim shuki, birinchi navbatda jamoa o‘yinida tartib paydo bo‘ldi. Hali qisqa fursat ichida katta o‘zgarish ko‘zga tashlanmadi. Faqat har bir o‘yinchi o‘z pozitsiyasida berilgan ko‘rsatmalarni bajarishga harakat qilyapti. Lekin murabbiyni qo‘lidan keladi yoki kelmaydi, buni vaqt ko‘rsatadi. Aytyapman-ku, O‘zbekiston chempionatining saviyasini oshirishimiz lozim. Murabbiylar ham iqtidorli yoshlarga o‘yin amaliyotlarini berishi maqsadga muvofiq. “Paxtakor”da yaxshi saviyadagi yoshlar yetishib chiqyapti. “Nasaf”da ham bor. Baribir vaqti kelib terma jamoa negizi shu jamoalarning tarbiyalanuvchilari tashkil qiladi. Katanes futbolchilar bilan yanada ko‘proq yig‘inlar o‘tkazsa, o‘ylaganlarini, fikrlarini yetkazib berishi osonroq bo‘ladi. Yevropada o‘yinchilar yuqori saviyadagi chempionatlarda to‘p surishgani uchun ular doim tayyor holatda bo‘lishadi. Shuning uchun u yerdagi terma jamoalar qisqa muddatli yig‘inlarga to‘planishadi. Bizda esa vaziyat boshqacharoq. Katanetsga mashg‘ulotlar uchun ko‘proq yig‘inlar tashkil qilib bersak to‘g‘riroq bo‘lsa kerak.
- Oldin hujumchimiz yo‘q derdik. Maksim Shatskix, Ja’far Irismetov, Ulug‘bek Baqoyev kabi futbolchilardan keyin bizda hujum chizig‘imiz pasayib ketgandi. Endi esa himoya chizig‘imiz...Aslida ularni kuchsiz deb bo‘lmaydi. Faqat jahon miqyosidagi talabga javob bermaydilar. O‘zimizni chempionatimizga moslashishgan. Bu meni fikrim. Iordaniya bilan uchrashuvda ahamiyat bergan bo‘lsangiz, raqib tezkor hujumga o‘tib ketayotganida himoyachilarimiz ulgurmay qoldilar. Pozitsion hujumlarda ham himoyada xato qilyapmiz. Bularning bari chempionatimiz saviyasini talabga javob bermasligidadir. Katanes to‘g‘ri aytgan, himoya chizig‘imizda muammolar ko‘p. Hojiakbar Alijonov, Farruh Sayfiyev, Islom Qobilov, umuman hammasi o‘z klubida lider. Baribir xalqaro maydonda tajriba yetishmay qolyapti. Biz Katanetsga yordam berishimiz kerak. Xorijdan kelgan, mentalitetimizni hali yaxshi bilmaydi. Yonida turib unga ko‘maklashishimiz darkor. Milliy terma jamoamiz jahon chempionatiga chiqsa, e’tibor yanada kuchayadi, - deydi Dilshod Nuraliyev.
Shuhratbek Jo‘rayev
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Isroil HAMAS va “Hizbulloh” raketalarini lazer quroli bilan urib tushirmoqchi. U qanday ishlaydi?
Qozog‘istonda yana 1 mlrd dollar noqonuniy aktivlar davlatga qaytarildi