22:14 / 22.11.2021
2 135

Boksdagi nohaqliklar, terma jamoadagi muhit, ayollar boksi haqida - Elshod Rasulov (intervyu)

Boksdagi nohaqliklar, terma jamoadagi muhit, ayollar boksi haqida - Elshod Rasulov (intervyu)
Boks bo‘yicha terma jamoamiz murabbiyi Elshod Rasulov Tokio Olimpiadasidagi nohaqliklar, terma jamoadagi muhit, ayollar boksi va boshqa qiziqarli mavzularda fikr bildirdi.

Assalomu alaykum. Intervyuga rozi bo‘lganingizdan xursandman. Ayni damda terma jamoadagi qizlar va murabbiylar kayfiyati qanday?
- Rahmat. Jamoa va murabbiylar kayfiyati yaxshi.

Bunda sizning o‘rningiz qanday, deb o‘ylaysiz? Bilamizki, murabbiy sportchini psixologik jihatdan ham tayyorlaydi.
- Yutuqlarga keladigan bo‘lsak, meni o‘rnim haqida so‘rashsa, faqat o‘z ishimni bajarmoqdaman. Chin yurakdan ishlashga harakat qilyapman va bu natija beryapti, deb o‘ylayman.

Bugun shogirdlarizga qanday motivatsiya beryapsizki, ular barcha musobaqadan medal bilan qaytmoqda?
- Men mashg‘ulot jarayonida zalning har bir qarichini nazorat qilaman. Ya’ni, shogirdlarimni har bir harakatini nazarda tutmoqdaman. Ularning tanasida o‘zimni his qilib ko‘raman, shunda ular uchun nima kerak, nima yetishmayotganini bilaman.

Hozirgi paytda siz jamoa murabbiyi, psixologi va jamoangizni bitta oila, deb olsak, oila boshlig‘isiz. Qizlarning to‘g‘ri ovqatlanishi va kun tartinini ham nazorat qilasizmi?
- Jamoamiz murabbiylar shtabida hammani o‘z vazifasi bor. Kimdir o‘z vaqtida dam olishga, boshqasi ovqatlanishga mas’ul. Qolgani bilan katta murabbiylar jamoasi faoliyat yuritadi.

Bu kabi murabbiylar shtabi faqat terma jamoa qizlari bilan shug‘ullanadimi?
- Ha, terma jamoa qizlari bilan ishlaydi. Biz eng tajribali murabbiylarni terma jamoaga yig‘ganmiz.

Demak, terma jamoa safiga qo‘shila olmagan bokschi tajribali murabbiylarning saboqlaridan mahrum bo‘ladimi?
- Terma jamoaga men kelgunimcha bo‘lgan vaqtlarni bilmayman. Kelganimdan keyin, eng birinchi qilgan ishim terma jamoa safiga eng mahoratli murabbiylarni yig‘ish bo‘ldi. Bugungi kunda ayollar terma jamoasiga kelgan qizlar mana shu kabi tajribali mutaxassislar bilan faoliyat olib boradi.

Terma jamoaga qanday qizlar qabul qilinadi? O‘z xohishiga ko‘ra kelib qo‘shiladimi yoki musobaqalardagi ishtirokiga qarabmi?
- Musobaqalardagi ishtirokiga ko‘ra, terma jamoaga jalb qilamiz. Ularni O‘zbekiston birinchiligida saralab olamiz.

Ayollar boksiga hozir yetishmayotgan eng katta jihat sifatida nimani keltira olasiz. Bilamizki, ish bor joyda xato bo‘ladi.
- Bu haqda gapirmoqchi emasman. Chunki biz yetishmovchiliklarimizni bilamiz va ularni bartaraf qilishga harakat qilyapmiz. Xatolarni gapiradigan bo‘lsak, bu bizni oqlamaydi. Shuning uchun, gapirish emas, ishlash kerak.

Tursunoy Rahimova Olimpiadada g‘alaba qozongan ilk o‘zbek ayol bokschisi nomiga sazovor bo‘ldi. Ammo ikkinchi bahsda sportchimizning qo‘li ko‘tarilish o‘rniga mag‘lubiyatini qayd etishdi. Murabbiy sifatida bu sizga qanday ta’sir qildi?
- Men bunga qisqa javob beraman. Agar Tursunoyni g‘alabasi qayd etilmagan bo‘lsa, bunga ko‘proq o‘zi sababchi. Biz xatoni o‘zimizdan izlashimiz kerak. Shunda ko‘proq yutuqqa erishamiz.

Hammaga ma’lumki, qizlar sporti bugun erkaklar sportidan biroz ortda. Bu moliyaviy jihatga bog‘liqmi?
- Yo‘q, hech qanday moliyaviy muammo yo‘q. Bir narsaga e’tibor bering, erkaklar boksi yarim asr davomida faoliyat yuritmoqda. Ayollar boksi esa, yaqin 5-6 yildan buyon e’tibor markazida. Men qisqa vaqt ichidagi ayollar yutug‘ini boshqacha baholagan bo‘lar edim.

Albatta! Ayniqsa, bu yil ularning yutuqlari nafaqat o‘zlari, balki biz muxlislarning ham quvonchimizga sabab bo‘ldi. Samimiy suhbat uchun tashakkur. Kelgusi musobaqalarda omad tilayman.
- Rahmat!

Dilnoza Mustafoqulova suhbatlashdi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Boksdagi nohaqliklar, terma jamoadagi muhit, ayollar boksi haqida - Elshod Rasulov (intervyu)