“Roma” rahbariyati bosh murabbiy Joze Mourino talabiga ko‘ra, “Real”dan ijaraga olingan Borxa Mayoral bilan ijara shartnomasini muddatidan oldin bekor qiladigan bo‘ldi.
Borxa Mayoral 2015 yildan beri “Real” futbolchisi hisoblanadi. Iste’dodli hujumchi “Qirollik klubi”da 22 ta uchrashuvda qatnashib, uchta gol urgan va bu natija uning asosiy tarkibga kiritilishiga kamlik qildi. Borxa 2016 yildan beri ijarada yuribdi. U Bundusligada “Volfsburg” sharafini himoya qilib, 19 ta uchrashuvda bir juft to‘p kiritgan. Keyin “Levante”da 63 ta o‘yinda 11 ta gol muallifi bo‘ldi.
2020 yili “Roma” safiga qo‘shilgan futbolchi o‘tgan mavsumda 10 ta gol urib, jamoa to‘purari bo‘lgandi. Biroq, Rim klubini Joze Mourino qabul qilib olgani, portugaliyalik mutaxassis hujum chizig‘iga Eldor Shomurodov va Temmi Aboaxamni olib kelgani bois, Mayoral zaxiraga o‘tirib qoldi.
Mourino unga ikki marta imkon berdi. Dastlabkisida rimliklar Konferensiyalar ligasida “Budyo-Glimt”dan sharmandali tarzda mag‘lub bo‘ldi va o‘sha o‘yinda maydonga tushgan Borxa Mayoral ham tanqid ostida qoldi.
Keyingi urinishda ispan hujumchisi o‘zini ko‘rsata oldi, biroq bu Mourinoni qoniqtirmadi. Umuman olganda, Mayoral Mourino qo‘l ostida jami 10 marta maydonga tushib, atigi 246 daqiqa o‘ynadi xolos. Bu vaqt ichida bittadan gol va assist muallifi bo‘ldi.
“Roma” 2021 yildagi so‘nggi uchrashuvida Eldor Shomurodov gol urib, ichki raqobatda Mayoraldan foydaliroq ekanini yana bir karra isbotlab qo‘ydi.
Vaziyat shunga yetib bordiki, “bo‘rilar” 24 yoshli hujumchini 20 million yevroga sotib olish huquqidan foydalanmaydigan bo‘ldi. Joze Mourino klub mutasaddilariga “Real” tarbiyalanuvchisining xizmatiga ehtiyoj yo‘qligini ma’lum qilgani aytilmoqda.
Albatta, Borxa Mayoral ham ishsiz qolmaydi. Joriy mavsumda juda mazmunli o‘yin ko‘rsatayotgan “Fiorentina” ispan hujumchisiga xaridor bo‘lmoqda. Chunki yozgi transferlar vaqtida florensiyaliklarning asosiy to‘purari Dushan Vlaxovich grand klublardan biriga o‘tib ketishining ehtimoli juda katta.
“Fiorentina” Vlaxovich o‘rnida aynan Borxani o‘ynatmoqchi. Hozir klub mutasaddilari o‘yinchini yanvarda o‘z safiga qo‘shib olish bo‘yicha “Real” bilan muzokara olib bormoqda. “Qirollik klubi” ham Mayoralning “Roma” tarkibiga kira olmayotganidan bezovta va uni o‘yin amaliyoti beradigan klubga o‘tib ketishi tarafdori.
Bundan tashqari, ispan hujumchisida Angliya premer-ligasiga ko‘chib o‘tish varianti ham bor. Anchadan beri “Kristal Pelas” Mayoralni o‘z safiga chorlamoqda. “Fiorentina”dan farqli ravishda inglizlar hujumchini ijaraga olmasdan, transferini to‘liq sotib olmoqchi. Bu variant madridliklarga ma’qul kelyapti. Mayoralning “Real” bilan shartnomasi 2023 yilning yozigacha davom etadi.
Yanvarda “Roma”dan ketishi mumkin bo‘lgan futbolchilar ro‘yxati Borxa Mayoral bilan cheklanmaydi. A Seriya ishtirokchisi “Kalyari” rimliklarning 19 yoshli himoyachisi Rikkardo Kalaforini ijaraga yuborishni so‘rayapti.
Ular poytaxtliklarga ijara shartnomasi bo‘yicha rasmiy so‘rov yuborgan. Mourino tarkibga tajribali o‘yinchilarni jalb qilmoqchi va bu ish amalga oshsa, Kalafori zaxiraga mixlanib qoladi. Shu bois, chap qanot himoyachisining ham qishki transferlar vaqtida klubdan ketishi ehtimoli yaqin.
Italiyalik futbol joriy mavsumda 9 ta uchrashuvda to‘p tepdi va bir juft golli pas uzatdi. “Roma” uni qo‘yib yuborishga rozilik bergani aytilmoqda.
Shuningdek, “Roma” rahbariyati Mourino so‘rayotgan futbolchilarga joy ochish maqsadida asosiy tarkibga kira olmayotgan yana bir o‘yinchi – Brayan Reynoldsni ham kelasi oy ijaraga jo‘natib yuboradi.
Amerikalik himoyachi joriy mavsumda atigi uch marta maydonga tushdi va jami 90 daqiqa harakat qildi. Rimliklar uni 6,75 million yevroga xarid qilgandi.
20 yoshli Brayanga Belgiya chempionati grandlaridan “Bryugge” va Angliya chempionshipida o‘ynayotgan “Xall Siti” da’vogarlik qilmoqda.
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Srechko Katanes: "Qanday qilib so‘nggi daqiqada oddiy gol o‘tkazdik, buni bilmayman"