O‘zbekiston Superligasi yangi mavsumiga hozirlik ko‘rilmoqda. Kimdir yuqori darajadagi futbolchilarni o‘z safiga qo‘shib olib, yig‘in o‘tkazish uchun xorijga yo‘l olgan bo‘lsa, qolganlar kamtargina budjet tufayli mahalliy jamoalarga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlari bilan kifoyalanyapti. Darvoqe, qishki yig‘inni qayerda o‘tkazish borasida bir qarorga kelib ulgurmagan klublar ham yo‘q emas. Biz yuzaga kelgan tanaffusdan unumli foydalanish maqsadida e’tiboringizga Superliga o‘tgan mavsumining qiziqarli statistikalarini taqdim etamiz.
"Nasaf" va "Bunyodkor"ning statistikasi bir xil
Har ikki jamoa mavsum davomida 13 tadan g‘alaba qozonib, 6 bor durang o‘ynagan. Qolgan 7 bahsda mag‘lubiyat qayd etilgan. Faqatgina to‘plar nisbati sababli "ajdarlar" jadvalda yuqoriroq pog‘onani band etdi. O‘zaro o‘yinlarda ham tenglikka guvoh bo‘lamiz. "Bunyodkor" stadionidagi bellashuv mezbonlarning 2:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan. Qarshida "ajdarlar" raqibni tor-mor keltirgan, 5:0. Poytaxtning boshqa jamoasi "Lokomotiv"da ham "Nasaf" va "Bunyodkor" kabi 6 durang bor. Ammo "temiryo‘lchilar" g‘alaba qozonish borasida biroz kamroq natija qayd etgan.
Umuman olganda, "Nasaf" va "Bunyodkor" mavsum davomida ikki xil taassurot qoldirdi. Yakunda ular namoyish etgan natija teng bo‘lib chiqmoqda. Yil bo‘yi ikkinchi pog‘ona uchun talashgan "ajdarlar" mavsum so‘ngida Superligada tempni tushurib yubordi. Bor e’tiborni O‘zbekiston kubogi va OFK kubogiga qaratgan Berdiyev jamoasining yakunda medallardan quruq qolishi ham qaysidir tomondan adolatli natija, nazarimizda. Toshkentliklarda vaziyat boshqacha. Maqsudov bir necha yetakchilari va Abramovdan ayrilgan "qaldirg‘ochlar"ni kuchlilar safida olib qolishi lozim edi. Yakunni barchamiz ko‘rdik.
Eng kam mag‘lubiyat va o‘tkazilgan eng kam gol "So‘g‘diyona"da!
Baqoyevni o‘zbek Simeonesi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Mustahkam mudofaa va darvoza chizig‘i jizzaxliklar g‘alabalarining asosiy kaliti bo‘lib xizmat qilmoqda. Jamoa 26 o‘yinda atigi 15 bor darvozasidan to‘p olib chiqqan. Bor-yo‘g‘i 4 bahsda 2 ta gol o‘tkazib yuborgan, 14 ta "cleansheet". "So‘g‘diyona"ni mag‘lub etish faqat "Nasaf", "Lokomotiv" va kamtargina "Turon"gagina nasib etgan, xolos. Raqibga o‘yin bermaslik, pragmatik futbol yakunda "bo‘rilar"ga kumush medal va Osiyo yashil maydonlariga yurtimiz sharafini himoya qilish imkoniyatini taqdim etdi.
"Metallurg" eng ko‘p mag‘lub bo‘lgan klub
Bekobodliklar doimgidek ichki chempionatimizning eng tushunarsiz jamoalaridan biri bo‘lib qolmoqda. Bir qarasa ketma-ket mag‘lubiyatlarni qabul qilib oladigan klub boshqa safar sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib borayotgan raqiblari ustidan g‘alaba qozonadi. Ularning "qurbon"lari orasida "Nasaf", "Bunyodkor" kabi nomdor jamoalar ham bor. Qiziqarli tomoni, mavsum davomida "Metallurg" atigi bir martagina durang o‘ynadi. 11-turda Toshkent viloyatida mehmon bo‘lgan "Navbahor" ortga 1 ochko bilan qaytgandi. Deyarli butun yilni Jasur Abduraimov qo‘l ostida o‘tkazgan klubni "murosa bilmas" deb atashimiz mumkin.
"Muxlislar armiyasi" bo‘yicha namanganliklar mutlaq peshqadam!
O‘tgan mavsum Superligada 6 tur jamoalar bo‘sh tribunalar qarshisida futbol o‘ynadi. Albatta, bu quvonarli holat emas. Muxlislarning stadionlarga bevosita tashrifiga to‘xtalsak, namanganlik tomoshabinlar yuqori pog‘onalarni hech kimga bermayotganiga guvoh bo‘lishimiz mumkin. Tobora azaliy raqibga aylanib borayotgan "Paxtakor"ning "Markaziy"ga mehmon bo‘lgan uchrashuvini 15992 tomoshabin o‘yingohdan kuzatib borgan. Sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib borgan boshqa bir klub "So‘g‘diyona"ning "lochinlar"ga qarshi Namangandagi bahsida bu ko‘rsatkich 17558 tani tashkil etadi. Va eng yuqori natija "Navbahor" - "Nasaf" o‘yinida qayd etilgan. 3-turdan o‘rin olgan "lochinlar"ning "ajdarlar"ga qarshi bellashuvini naqd 19358 muxlis "Markaziy"da kuzatgan. Bu raqamlar O‘zPFL rasmiy sayti taqdim etgan ma’lumotlar hisoblanadi.
Eng yirik hisob
Dastlabki turlarda "Nasaf" o‘z maydonida qo‘shnilari "Surxon" vakillarini qabul qilgandi. Mazkur bahs qarshiliklarning 6:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan. Ikkinchi taymda "ajdarlar" raqib darvozasini 5 bor ishg‘ol etgan Berdiyev shogirdlarining bu natijasini boshqa hech bir klub takrorlay olmadi. Ammo 6 ta to‘p kiritilgan boshqa uchrashuvlar ham yo‘q emas. Ulardan birida yana "Surxon" jabrlanuvchi rolida ko‘rinish beradi. Termizliklarning 12-tur doirasidagi "Bunyodkor"ga qarshi o‘yini ancha og‘riqli natija bilan yodda qolgan. Bahs poytaxtliklarning 5:1 hisobidagi g‘alabasi bilan tugagandi o‘shanda.
Gollar bo‘yicha fikr yuritilganda amaldagi chempion, raqib darvozalarini ishg‘ol etish bo‘yicha ham eng yaxshi ko‘rsatkich qayd etgan "Paxtakor" haqida gapirmasak, adolatdan bo‘lmaydi. Biroq dastlab ular mag‘lub bo‘lgan Qo‘qondagi o‘yinga to‘xtalamiz. O‘z tarixidagi 14-chempionlikni rasmiylashtirishi mumkin bo‘lgan uchrashuvda "sherlar" bosimni ko‘tara olmadimi, yoki boshqa vaj tufaylimi, kutilmaganda, "Qo‘qon-1912"dan 4 ta gol o‘tkazib yubordi. Raqib darvozasiga kiritilgan 2 ta to‘p esa, yakunda hech nimani hal etmagandi. "Paxtakor" o‘tgan mavsum chempionligini rasmiylashtirgan uchrashuv ham gollarga boy tarzda kechgandi. Birinchi bo‘lim 2:2 hisobidagi jangovar durang bilan yakunlanganidan so‘ng navoiyliklar biroz charchab qolgandi, chog‘i, Nesterov o‘yin yakuniga qadar darvozasidan yana 2 ta to‘p olib chiqishga majbur bo‘lgandi. Har ikki bahsda 6 tadan gol urilgan, 4:2.
Javohir Azimov
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Google'ning Gemini chatboti foydalanuvchiga o‘lim tiladi