23:00 / 27.01.2022
1 309

Ivan Solovyov: "Nasaf"ning taklifini eshitganimdan keyin qolgan chorlovlar meni qiziqtirmay qo‘ydi"

Ivan Solovyov: "Nasaf"ning taklifini eshitganimdan keyin qolgan chorlovlar meni qiziqtirmay qo‘ydi"
“Nasaf” klubi 2019 yildan beri “Navbahor” uchun to‘p surgan rossiyalik legioner Ivan Solovyov bilan shartnoma imzolaganidan xabardorsiz. 29 yoshli o‘yinchi shu tariqa yangi mavsumni Ro‘ziqul Berdiyev jamoasida o‘tkazishga qaror qildi.

Ivan bilan suhbatlashishni oldinroq kelishib qo‘ygandik. Faqat futbolchi shartnoma tuzib olganidan keyin intervyu berishga rozi bo‘lgandi. Va’daga muvofiq rossiyalik legioner savollarimizga javob qaytardi.

- Siz endi “Nasaf” futbolchisiga aylandingiz. “Ajdarlar” oilasiga qo‘shilgach, nimalarni his qilyapsiz?
- Bunga juda yaxshi munosabatdaman. Men shu jamoa safiga qo‘shilganimdan albatta xursandman. Bu yerda ajoyib jamoa yig‘ilgan. Ahil va butun oila! Klubda hammaning fikr-u, xayoli faqat futbol haqida. A’lo darajadagi baza bor. Go‘yoki, hammasi Moskvaning “Dinamo” klubida boshlaganimdek.

- Xizmatingizga yaxshi takliflar bor edi. Ularning orasida “Nasaf”ning taklifi aynan nimasi bilan qiziqtirdi?
- “Nasaf”ning taklifi haqida eshitganimdan keyin meni qolgan takliflar qiziqtirmay qo‘ydi. Bilasizmi, men o‘sha paytda Qozog‘iston klubi bilan yig‘inda ishtirok etayotgandim. Aslida u yerga gaplashgani borgandim. Ammo menga qo‘ng‘iroq qilishib, “Nasaf” tomonidan qiziqish bo‘layotganini aytishganida narsalarimni yig‘ishtirib qozoq klubini tark etdim. Kim bilan gaplashsam ham barcha “Nasaf” to‘g‘risida faqat yaxshi gaplarni aytishdi. Natijada men o‘ylab o‘tirmasdanoq shu zahoti yo‘lga chiqdim.

- Ivan, sizni klubga Ro‘ziqul Berdiyevnig o‘zi taklif qildimi? Umuman, ushbu mutaxassis haqidagi fikringizni bilmoqchimiz.
- Menga klub tomonidan qiziqish borligini aytishdi. Murabbiy haqida nima deyishim mumkin? U Superligadagi eng yaxshi murabbiylardan biri. Tabiiyki, uning qo‘li ostida shug‘ullanishimdan xursandman. Bir so‘z bilan aytganda, butun shtab va klub rahbariyatiga minnatdorchilik bildiraman. Meni klubda yaxshi kutib olishdi va o‘z oilalariga iliq qabul qilishdi. Buning uchun ulardan minnatdorman.

- “Navbahor”dan ketishingizning jiddiy sababi bormidi?
- “Navbahor” – endi bu tarix. Shunday ekan, bu klub haqida umuman biror nima deyishni xohlamayman.

- Lekin “Navbahor” ishqibozlari sizni yoqtirishardi. Samvel Babayan ham klubda qolishingiz tarafdori edi. U yerdan ketish qiyin bo‘lmadimi?
- Klubdan ketishim og‘ir ham, oson ham bo‘lmadi. Bu vaziyatda o‘rtacha deyishim mumkin. Aslini olganda, jamoani mavsum avvalidayoq tark etishni xohlagandim. Ammo jamoadagi yigitlarning borligi ketmasligimda asosiy rolni bajardilar. O‘shanda “Navbahor” Turkiyadagi yig‘inda ishtirok etayotgandi. Holbuki, men o‘sha paytdayoq ketmoqchi edim.

- “Navbahor”dagi o‘zgarishlarni kuzatyapsizmi? Sizningcha, sobiq klubingiz chempionatda qaysi o‘ringa da’vogarlik qiladi?
- Ha, klubda o‘zgarishlar bor. Jamoaning budjeti oshdi. Yaxshi saviyadagi o‘yinchilarni olishdi. Lekin shuni aytishim kerakki, hammasini vaqt ko‘rsatadi. “Navbahor”ga esa omad tilayman.

- Endi chempionat doirasida namanganliklarga qarshi maydonga tushishingizga to‘g‘ri keladi. “Navbahor”ga qarshi o‘yin siz uchun qanday ahamiyat kasb etadi?
- Bu men uchun o‘ta prinsipial o‘yin bo‘ladi. Hattoki, “Zenit” hamda “Dinamo”ga qarshi o‘tkazgan o‘yinlarimdan ham ko‘ra, o‘ta muhim uchrashuvga aylanadi.

- “Nasaf” o‘zining akademiyadagi tarbiyalanuvchilari bilan ham tanilgan. Siz esa legioner sifatida yoshlarga o‘rnak bo‘lishingiz kerak. Bu borada mahalliy yigitlarga nimalarni o‘rgatasiz?
- Men hali o‘zimni ham qariya futbolchi deb hisoblamayman. Bu hayotda ular mendan, men esa ulardan nimalarnidir o‘rganamiz. Klubda juda yaxshi yosh o‘yinchilar bor. Biroq ularni endi unchalik ham yosh deb bo‘lmaydi. Agar 21 yoshgacha bo‘lishganida ularni yosh desak bo‘laverardi. 21 dan keyin esa endi sen professional futbolchiga aylangan bo‘lishing kerak. To‘g‘ri, Husayn Norchayev yosh futbolchi. Kelajagi porloq hujumchi. Agar odamlar uning boshini aylantirib qo‘ymasa hamda shu darajaga yetishishida hissa qo‘shgan insonlarning gaplariga quloq tutsa va yulduzlik kasaliga chalinmasa uning kelajagi yorqin ko‘rinishda kechadi.

- Ivan, “Nasaf” bilan shartnoma tuzganingizdan so‘ng sizni birinchi bo‘lib kim tabrikladi?
- Birinchi bo‘lib jamoadoshlarim, ota-onam, rafiqam, singlim va yaqinlarim tabrikladilar.

- Eshitishimcha, AGMK klubida to‘p surishni xohlagan ekansiz. Shu rostmi?
- Ha, rost. Buni xohlagandim, biroq bo‘lmadi. Buni qo‘rqinchlik joyi yo‘q. Hozirgi jamoamda ekanligimdan xursandman. Bu men uchun O‘zbekistondagi eng yaxshi jamoa.

- “Navbahor” va “Nasaf” muxlislarini taqqoslaganda siz uchun qay biri kuchliroq?
- Bu qitmirona savol bo‘ldi. Lekin men aytgandek yozing. “Nasaf” muxlislarini faqat bir marta ko‘rganman xolos. 2019 yili safarda o‘ynagan chog‘imizda. Keyin pandemiya boshlandi. “Navbahor” muxlislari kuchliroq. Ammo bu yil “Nasaf” jamoasining ishqibozlari bizga yaxshi dalda bo‘ladilar va hatto namanganlik ishqibozlardan ham kuchliroq tarzda qo‘llab-quvvatlaydilar.

- “Nasaf”da o‘zingiz uchun qaysi raqamni tanladingiz?
- 9-raqam men uchun juda ahamiyatli. Chunki o‘ynagan barcha jamoalarimda 9-raqamim bor edi. Aynan 9 demoqchi emasman, masalan, 90, 99-raqamlarda o‘ynaganman. Asosiysi, futbolkamda 9 raqami bo‘lishi kerak. Men uchun juda muhim. Faqat Moskvaning “Dinamo”sida to‘p surganimda o‘rinbosarlar tarkibida 45-raqamda to‘p surganman.

- O‘zbekiston chempionati sizga nimasi bilan yoqadi?
- Bu yerda yaxshi chempionat bor. Yomon deya olmayman.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ivan Solovyov: "Nasaf"ning taklifini eshitganimdan keyin qolgan chorlovlar meni qiziqtirmay qo‘ydi"