15:53 / 09.01.2024
144

Sun’iy intellekt qanchalik xavfli yoki foydali?

Sun’iy intellekt qanchalik xavfli yoki foydali?
Bugungi kunda eng “trenddagi” mavzu sun’iy intellektdir. 21-asr texnologiyalar asri va texnologiyalar bu — kelajak degani. Xo‘sh, bu borada O‘zbekiston nimalar qilmoqda? Sun’iy intellekt orqali o‘zbek tarixini va san’atini “tiriltirayotgan” o‘zbek yigiti bugun Kun.uz mehmoni bo‘ldi. Ko‘pchilik Sun’iy intellektni xavfli deb baholaydi. Aslida qanday? Quyida mazkur savollarga javob olasiz.
 
— Sun’iy intellekt odamlardan ishini tortib olmaydimi?
— Rostdan ham bu savol hozir juda dolzarb. Sun’iy intellektning o‘zi odamlarning ishini olib qo‘ymaydi. Lekin sun’iy intellektdan unumli foydalana oladigan boshqa odamlar tortib olishi mumkin. Sun’iy intellektning aynan o‘zidan qo‘rqish kerak emas, balki uni yaxshilab o‘rganish kerak.
 
— Ayni qaysi sohalarda sun’iy intellekt ta’siri sezilmoqda?
— Sun’iy intellekt media soxasiga shiddat bilan kirib keldi ayniqsa. Tasvir ustida ishlash, montaj qilish kabilarda qo‘l kelyapti. Chet elda shu darajaga chiqdiki, televideniyeda boshlovchilarning sun’iy intellekt shakli yaratilib (avatar), dasturlar olib borilmoqda.
 
— Salbiy tomonlari qanday?
— Salbiy tomonlar hamma narsada bor. Deylik, oddiy pichoqdan oshxona anjomi sifatida foydalanish mumkin, qurol sifatida ham foydalanish mumkin. Sun’iy intellekt ham nima maqsadda, kimning qo‘lida ishlatilishiga qarab foydali yoki zararli bo‘lishi mumkin. Masalan, 2022 yil oxirlari, 2023 yil boshlarida ko‘pgina feyk suratlar tarqaldi, bu orqali feyk xabarlar ham chiqdi. Bir tomondan yaxshi keys bo‘ldi bular, chunki faktcheking qilish kerakligi, tekshirish lozimligi o‘rtaga chiqdi.
 
— Olamdan o‘tib ketgan dublyaj aktyorlarimizning ovozini sun’iy intellekt orqali tiklash haqida ham gap bor edi. Shu haqida gapirsangiz.
— 2019 yilda rossiyalik rejissyor o‘sha o‘tib ketgan Rossiya aktyorlarining ovozini tiklash loyihasini taqdimot qilgandi. Shunda o‘zbek aktyorlarining ovozini tiklash g‘oyasi paydo bo‘lgan. Shu loyiha ustida 1 yildan beri ishlayapmiz. Hozir Hojiakbar Nurmatov, Sanjar Sa’dullayev, Hamza Umarovlarning ovoz modellarini yaratib ko‘rdik.
 
Maqsadimiz — shu durdona ovozlarni efirga qaytarish. Shaxsan men bu ovozlarni juda sog‘inganman, xalqimiz ham shunday bo‘lsa kerak. Asosan dublyaj va audiokitoblar yaratishda ishlatish rejalashtirilgan.
 
— «Boburnoma» loyihasi, jadidlar qiyofasini tiklash ishlari haqida gaplashsak, bu g‘oyalar qanday paydo bo‘lgan?
— Aynan birinchi loyiham «Boburnoma» bo‘lgan. O‘zim tarixni yaxshi ko‘raman. Bobur o‘z asarida shaxslarni tasvirlashda ham, joylarni tasvirlashda ham batafsil tushuntirishlar bergan, bu esa yaxshi baza bo‘lib xizmat qiladi. Taxminan kitobning yarmini tasvirga ko‘chirdik. Bu ishni matnni tasvirga aylantiruvchi sun’iy intellekt dasturi orqali qilganmiz. Birinchi ishlatib boshlaganimiz 3-avlod dasturi edi, unda suratlar unchalik real ko‘rinishda bo‘lmasdi, hozir esa 6-avlod chiqqan allaqachon, bunda suratlar juda real ko‘rinishga ega bo‘ladi.
 
Jadidlarni yoshlarimiz tanishi, qilgan ishlarini bilishi kerak. Shuning uchun ham birinchilardan bo‘lib jadidlarga to‘xtaldik. Jadidlarning suratini ham yuqorida aytilgan dastur orqali tikladik. Bu suratlarni jamoatchilikka taqdim etganimizda ijobiy qabul qilishdi. Bundan tashqari, oq-qora ko‘rinishdagi suratlarni xam ranglashtirib, detallashtirilgan variantini yaratdik.
 
Bilamizki, jadidlarimizning saqlangan suratlari asosan qatag‘on paytidagi suratlar, shuning uchun g‘amgin ko‘rinishda va ular tasavvurimizda shunday bo‘lib qolgan. Shuning uchun obrazlarni o‘zgartirib, mag‘rurroq ko‘rinishdagi variantlar ham qilib ko‘rdik.
 
— Musiqa san’ati borasida sun’iy intellektning ta’siri qanday bo‘lyapti?
— Sun’iy intellektning shunday imkoniyatlari borki, agar qo‘shiq matni berilsa va kerakli janr tanlansa, shunga qarab kuy bastalab qo‘shiq aytib beradi. Masalan, Erkin Vohidovning «Inson» qasidasini rus tiliga tarjima qilib, rok yo‘nalishida qo‘shiq yarattirdik, menimcha, yaxshi chiqdi.
 
— Boshqa sohalarda sun’iy intellekt ta’siri qanday bo‘lyapti?
— Sun’iy intellekt faqatgina supat generatsiyasi yoki qo‘shiq aytish uchun xizmat qilmaydi. Sun’iy intellekt juda yaxshi yordamchi. Masalan, chet elda sun’iy intellekt yordamida robotlar operatsiyalar o‘tkazyapti, kasallarga tashxis qo‘yyapti.
 
Bir qiziq keys ham mashhur bo‘ldi. Bir ayol qizi kasal bo‘lganda doktorlarga olib boradi, hech biri aniq tashxis qo‘ya olmaydi. Shunda ayol qizidagi alomatlarni, holatni ChatGPT'ga yozadi, u esa aniq tashxis qo‘yib beradi. Umuman, sun’iy intellekt barcha sohaga kirib bormoqda.
 
Lekin sun’iy intellekt yordamida haydovchisiz boshqariladigan mashinalarga ishonmagan bo‘lardim. Hali u qadar ideal darajaga yetgani yo‘q.
 
Media sohasi vakili bo‘lganim uchun ko‘proq shu sohaga urg‘u beraman. Yana masalan, 3D multifilmlarni ishlash uchun oldin bir necha oylab vaqt ketgan bo‘lsa, hozir esa sun’iy intellekt yordamida ancha tezlashdi jarayon. Personajni oddiy so‘zlar yordamida yozib uni yaratish mumkin. Animatsiyada ham sun’iy intellekt juda rivojlanib bormoqda. 2024 yil sun’iy intellekt sohasida animatsiya va jonlashtirish yili bo‘ladi, deb o‘ylayman.
 
— O‘zbek tili bo‘yicha ChatGTP'da qanday ishlar olib borilyapti?
— ChatGTP asosan matn bilan ishlaydi, yaqinda suratlar generatsiyasi ham qo‘shildi. ChatGTP katta ma’lumotni tez tahlil qilib, matn tarzida taqdim etoladi. Ikkinchi jihati ChatGTP'ga bir maqolani yuklasangiz, faktcheking qilib beradi.
 
ChatGTP'dagi o‘zbek tili bo‘yicha biz ishlayotganimiz yo‘q. Shuning uchun kamchiliklar bor, ChatGTP bilan yaxshi ishlash uchun rus va ingliz tillaridan foydalansa bo‘ladi. ChatGTP birinchi chiqqanida O‘zbekistonda ishlamas edi, yarim yil bo‘ldi ruxsat berildi. Xatolar bilan bo‘lsa-da, o‘zbekchani tushunyapti. Lekin o‘zbeklar qanchalik ko‘p ChatGTP bilan muloqot qilsa, u o‘zbek tilini o‘rganib boradi. ChatGTP'da shunday imkoniyat paydo bo‘ldiki, siz o‘z chatingizni yaratishingiz mumkin.
 
Hozircha sun’iy intellektda hissiyotlar yo‘q, faqat ma’lum algoritmlar asosida ishlaydi, matnlarni o‘rganadi. Hissiyotlaring bormi, deb savol berilsa ham, menda hissiyot yo‘q degan javobni beradi. Internetda tarqalayotgan hissiyoti bor degan ma’nodagi videolar hazil tariqasida qilingan materiallar bo‘lsa kerak.
 
— Baribir ham sun’iy intellekt insonlarga qarshi tafakkur shakllantirmasligi uchun choralar ko‘rilayotgandir, nima deysiz?
— 25 ta oshiq IT gigantlar ChatGTP'ning ishlab chiqaruvchisi Open Ai kompaniyasiga ochiq xat yo‘llashdi. Ya’ni yangi modelga o‘tish paytida ozroq to‘xtalib, qanday tahdidlar, kamchiliklar paydo bo‘layotganini o‘rganib olish haqida. Lekin sun’iy intellekt rivojlanishini to‘xtatib bo‘lmaydi, to‘xtatish ham ahmoqgarchilik deb bilaman.
 
— O‘zbekistonda sun’iy intellekt sohasini rivojlantirish uchun nimalarga e’tibor berish kerak?
— Avvalambor sun’iy intellekt vositalaridan qanday foydalanishni o‘rgatish kerak. Deylik, har bir vazirlik, idoralarning matbuot xizmati. Kuzatilib turadigan holat esa matbuot xizmatlari qaysidir xabarni chiqarib, xalq tilida aytganda «qovun tushiradi». Agar sun’iy intellekt vositasidan foydalansa, buning oldini olish mumkin. Masalan, ChatGTP o‘sha xabarni baholab bera oladi, qanday reaksiya bo‘ladi, qanday qaraladi, ijobiy-salbiy baholash kabilarni tahlil qiladi.
 
Ta’lim sohasida ham sun’iy intellektning o‘rni katta. Har qanday fanni sun’iy intellekt yordamida o‘rganish mumkin, baholab ham boradi, qanday xato qilayotganini ham ko‘rsatadi.
 
Kino sohasida ham ishlatsa bo‘ladi. O‘zimiz Anqara jangining bir daqiqalik videosini sun’iy intellekt yordamida yaratdik. 2024 yil Ai filmlar yili bo‘ladi, Ilon Mask ham gapirdi bu haqida. Bundan qo‘rqish kerak emas, menimcha. ChatGTP hatto ssenariy yozishda ham yordam berishi mumkin.
 
Suhbat avvalida aytganimizdek, sun’iy intellektning o‘zidan qo‘rqish kerak emas, kimningdir ishini olib qo‘ymaydi, lekin uni ishlata olgan odam olib qo‘yishi mumkin. Shuning uchun ham sun’iy intellektdan foydalanishni o‘rganish kerak, shunda ishini oldirmaydi odamlar. Agar zamon bilan hamnafas yurmoqchi bo‘lsak, sun’iy intellektni o‘rganishimiz kerak. O‘zi shundoq ham kech qolyapmiz, har kuni yangilik bo‘lyapti bu sohada. O‘rganmasdan iloj yo‘q, o‘rganish kerak.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » Sun’iy intellekt qanchalik xavfli yoki foydali?